Milliy reyting natijalari muhokamasida eng yuqori natijaga erishgan maktab e’tirof etildi

Oqdaryo tumanida milliy reyting natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda tumandagi maktablar milliy reytingning 8 ta indikatori bo‘yicha tahlil qilindi.

Tadbirda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Sultonov tumandagi 52-IDUMning pedagogik jamoasiga minnatdorchilik bildirdi. Gap shundaki, ushbu ta’lim muassasasini 2021-2022 o‘quv yilida 43 nafar o‘quvchi bitirgan va ularning barchasi oliy ta’lim muassasalariga yuqori natijalar ko‘rsatib o‘qishga qabul qilingan.

- Viloyatdagi barcha maktablar Oqdaryodagi 52-IDUMdek natijani qo‘lga kiritsa, maqsadimizga erishgan bo‘lamiz, - dedi Sh.Sultonov.

Yig‘ilishda yuqori natijalarga erishayotgan maktablarning tajribalarini ommalashtirish haqida takliflar o‘rtaga tashlandi.

Bundan tashqari, milliy reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha past natijalarni qayd etgan umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya sifat va samaradorligiga yanada e’tibor qaratish, reyting ko‘rsatkichi yuqori maktablar bilan tajriba almashish lozimligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.