Milliy sport o‘yinlari musobaqalari ko‘paytiriladi, ta’lim muassasalarida bu bilan bog‘liq darslar sifati oshiriladi

#Munosabat

Zarnews.uz telegram kanali va veb-saytida “Ta’lim muassasalarida  milliy sport o‘yinlari o‘qitilyaptimi? yoxud viloyatda xalq o‘yinlari qachon rivojlantiriladi?” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi va Samarqand davlat universiteti mas’ullari bunga munosabat bildirdi.

SamDU o‘quv uslubiy boshqarmasi boshlig‘i Shahriddin Muranovning ma’lum qilishicha, haqiqatan ham Samarqand davlat universitetida milliy sport o‘yinlari alohida fan sifatida o‘qitilmaydi. Biroq universitetning jismoniy madaniyat yo‘nalishida milliy sport turlari bo‘yicha “Kurash turlari va uni o‘qitish metodikasi” 5 semestr, qo‘shimcha fan sifatida “Milliy harakatli o‘yinlar” darslari 7 semestr o‘tiladi. Shuningdek, sport faoliyati (kurash) yo‘nalishida “Kurash nazariyasi va uslubiyati” fani 6 semestr o‘qitiladi.

To‘g‘ri, davlatimiz rahbarining 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida milliy sport turlari to‘g‘risida darslik va adabiyotlarning yangi avlodini yaratish, ta’lim muassasalarida milliy sport turlarini o‘qitish va mutaxassislar tayyorlash tizimini yangilash borasida vazifalar belgilab berilgan. Biroq ushbu dastur ijrosi bo‘yicha SamDUga Oliy ta’lim vazirligi tomonidan chora-tadbir yoki reja hali belgilab berilmagan. Shu bois bu borada amaliy ishlar boshlangani yo‘q.

Prezidentimizning joriy yil 25 maydagi “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aholining barcha qatlamlarini etnosport bilan shug‘ullanishga keng jalb qilish,  mahallalarda etnosport turlari bo‘yicha xalq o‘yinlari va musobaqalarni o‘tkazish, milliy sport turlarini “yo‘l xaritasi” asosida bosqichma-bosqich rivojlantirish ko‘rsatib o‘tilgan. 

Viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ahror Shamsiyevning bildirishicha, ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi belgilangan. Joriy yilning shu davriga qadar 50 ga yaqin viloyat, O‘zbekiston chempionati (kuboklari) hamda xalqaro turnirlar o‘tkazilgan. Jumladan, joriy yilning mart oyida Jomboy tumanidagi “Qoraqasmoq” otchoparida uloq-ko‘pkari musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimizning turli hududlaridan, shuningdek, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlaridan chavandozlar ishtirok etdi. Shuningdek, joriy yil iyunida Urgut tumanida milliy sport turlari bo‘yicha o‘ziga xos festival tashkil etilib, unda uloq-ko‘pkari, kurash, arqon tortish musobaqalari o‘tkazildi.

Bundan tashqari, joriy yilning 20 oktyabr kuni viloyatda kattalar o‘rtasida jamoaviy uloq-ko‘pkari, kattalar va o‘smirlar o‘rtasida ot ustida kurash bo‘yicha “Viloyat hokimi kubogi” musobaqalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.