“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Prezidentlik saylovlarida o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun kurashadi
O‘zMTDP viloyat kengashi raisi Akbar AXTAMOV bilan suhbat:
- Partiya viloyat Kengashi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovlariga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda?
- Boshqa siyosiy partiyalar qatori “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham Prezident saylovida g‘alaba qozonish, o‘z nomzodi orqali davlat boshqaruvidagi mavqeini yanada mustahkamlash borasida ish olib boryapti. Buning uchun birinchi navbatda davlatimiz va xalqimiz manfaatlarini himoya qila oladigan, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qodir bo‘lgan har jihatdan yetuk shaxsni nomzod sifatida tanladik.
Alisher Qodirov partiya prezidentlik saylovlarida o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun kurashadi, degan qat’iy fikrni bildirdi. Ya’ni, haqiqatan ham sog‘lom raqobat muhitidagi kurashni partiya allaqachon boshlab yubordi.
– Viloyatda saylov natijalari qanday bo‘lishini kutyapsizlar? Nimaga asoslanib, shunday natijadan umid qilinyapti?
– Albatta, saylov jarayonida qatnashayotgan har bir siyosiy partiya yuqori natija qayd etishini va ko‘rsatilgan nomzodi g‘olib bo‘lishini xohlaydi. Shu nuqtai nazardan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham Prezident sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda va katta ishonch bilan yaxshi natijaga umid qilyapti.
Chunki partiyaning xalqqa yanada yaqin bo‘lish, ularning dard-u tashvishlarini o‘rganish, muammolariga yechim topish borasida amalga oshirib kelayotgan “Deputat bilan yuzma-yuz”, “Uyma-uy”, “Xizmat-beminnat” loyihalari jamiyatdagi o‘rnimizni oshirishga xizmat qilmoqda.
Partiya faollari va deputatlari yurtimizda, xususan, viloyatimizda olib borilayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar jarayonlarida bevosita ishtirokchi emas, balki tashabbuskor va ijrochiga aylanib boryapti. Shularga asoslangan holda partiyamiz saylovda yaxshi natija ko‘rsatishiga va saylovchilar nomzodimizni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlashiga ishonamiz.
- Partiyadan prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod uchun tabiiyki, viloyatda ham ishonchli vakil saylanadi. Bu vazifa kim(lar)ga topshirilishi rejalashtirilgan? Uning qaysi jihatlari saylovoldi targ‘ibotida samara beradi, deb o‘ylaysiz?
- Siyosiy jarayonda nomzodning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan ishonchli vakilga bog‘liq ekanligini inobatga olsak, albatta bu vazifaga partiyamiz faollaridan biri, xalq orasida alohida hurmat va e’tiborga sazovor bo‘lgan insonni tavsiya etamiz.
- Umuman, O‘zMTDP dan ko‘rsatilgan nomzod saylovlarda g‘alaba qozonsa, odamlar nimadan umid qilishlari mumkin?
- Partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzod saylovda g‘alaba qozonsa, albatta bor kuchini va bilimini mamlakatimizni rivojlantirish, xalqimiz turmush farovonligini oshirishga qaratadi. Bu jarayonda albatta, nomzod partiyamizning dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga tayanib ish ko‘radi.
- Joriy yilning o‘tgan davrida partiya deputatlik guruhi tomonidan muayyan masalalar o‘rganilib, viloyat Kengashi sessiyasiga olib chiqildimi?
- Joriy yilning o‘tgan davrida partiya elektorati manfaatlariga doir 20 ta taklif doimiy komissiyalarda ko‘rildi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari sessiyalari kun tartibiga 8 ta masala kiritilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Albatta, bu natija kengashlarda 95 nafar deputatga ega partiyamiz faollarini qanoatlantirmaydi. Demak, biz bu boradagi ishlarimizni tanqidiy ko‘rib chiqib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni o‘z vaqtida to‘g‘rilab olishimiz lozim.
Yo.Marqayev suhbatlashdi.