Milliy tilni qanday saqlab qolish mumkin?

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 6 mingdan ortiq til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida. Bu ko‘rsatkich asosan kam sonli millatlar tilida uchraydi. Chunki bu tillarda so‘zlovchilarning ayrimlari o‘z yozuviga ega bo‘lsa, aksariyati bundan bebahra. Masalan, Afrika tillarida so‘zlovchilarning 80 foizi hamon o‘z yozuvlariga ega emas. Shuning uchun ham bunday tillar inqiroz yoqasida.

 

Tilning yo‘qolib ketishiga asosiy sabab nima? 

Qachon til yo‘qoladi? Qachonki, ona tili o‘rganilmasa va boshqa til ustunlik qilsa. Ma’lumki, hozirda internet tilining 80 foizdan ortig‘i ingliz tilida. Shu sababli yurtimizda ham keyingi paytda chet so‘zlarning kirib kelishi ancha ko‘paydi. Bu esa tilimizdagi so‘zlarning kamayishiga va yangi terminlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Masalan, "trening" so‘zi inglizcha "training" bo‘lib, o‘zbek tilida o‘rgatish, tarbiyalash, mashg‘ulot, mashq qildirish ma’nolarini bildiradi. Tilda seminar-trening, o‘quv-trening shaklida qo‘llaniladi. Ammo bu so‘z rus tili orqali "trenirovka" tarzida o‘zlashgan va sport sohasida qo‘llaniladi.

Qarang, tilda bir terminning paydo bo‘lishi ikki sohada ta’sirini ko‘rsatdi va o‘zbek tilidagi so‘zlarning kamroq talaffuz qilinishiga sabab bo‘ldi.

Katta kamchiligimiz ham shunda. Tilimizda yangi so‘z hosil bo‘lishi bilan eskisini unutamiz. Tilshunos olimlarning fikricha, yana 25 yildan so‘ng hozir muomalada bo‘lgan tillarning o‘ntasidan bittasi saqlanib qolar ekan.

Xo‘sh, biz milliy tilni qanday saqlab qolamiz? Bu haqda fikrlashishdan oldin saqlab qolingan milliy til haqida to‘xtalsam.

Navaxo - Amerika qit’asida eng keng tarqalgan mahalliy til. 2011-yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu tilda so‘zlashuvchilar soni deyarli 170 ming kishiga yetgan.

Bir paytlar bu tilda yo‘qolish xavfi bor edi. Lekin Navaxo xalqi tilni o‘rgatish uchun turli dasturlar ishlab chiqishdi. Hozir hatto Navaxo darslari bo‘lgan institutlar, kollejlar va universitetlar ham bor.

Har xil turdagi ommaviy axborot vositalari Navaxo tiliga tarjima qilingan. Bu tilda efirga uzatiladigan bir nechta radiostansiyalar mavjud.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, biz milliy tilni asrash uchun nima qilyapmiz?

Fikrim avvalida o‘z yozuviga ega bo‘lmagan tillar haqida gapirgandim. Yozuv masalasi eng katta kamchiliklarimizdan biri. Chunki bu borada 32 yildan buyon bir qarorga kelmaganmiz.

To‘g‘ri, keyingi yillarda bu borada qator ishlar amalga oshirildi. Ammo kutilgan natijaga erishilgani yo‘q. Yozuvning o‘zgarishi bilan so‘zlarning shakli ham, talaffuzi ham o‘zgarishi va ayrim so‘zlar yo‘qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bu kabi muammolar aytilgani bilan amalda hal qilinmasa, muammoligicha qolaveradi. BMT ekspertlarining fikricha, milliy tilni saqlab qolish uchun ona tilidan ta’lim tizimida keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish kerak. Shuningdek, tilning milliy korpusini yartish, reklama va peshlavhalardagi yozuvlarni o‘zbeklashtirish, terminlar lug‘atini ko‘paytirish, milliy tilni saqlovchi tarjima dasturlari ishlab chiqish oldimizda turgan muhim vazifalardir. 

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.