Miras universitetiga o‘qishga kirish 5500 dollarmi? 

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toyloq tumani bo‘limiga qilingan murojaatga ko‘ra, 2020 yil 24 avgust kuni Samarqand shahrida Davlat xavfsizligi xizmati Toyloq tumani bo‘limi, departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi va Toyloq tumani bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. 

Tadbir davomida Samarqand shahridagi 45-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘rinbosari D.M. tanishi Q.M.ni Qozog‘iston Respublikasidagi Miras universitetiga kiritib qo‘yish evaziga Samarqand shahridagi MIB viloyat boshqarmasi ma’muriy binosi yonida undan 5500 AQSh dollarini olayotganda ushlanib, ushbu pullar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi. 

To‘plangan hujjatlardan ko‘rinishicha, 45-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘rinbosari D.M. tomonidan firibgarlik, ya’ni aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing ancha miqdordagi mulkini qo‘lga kiritish hamda mansabdor shaxsga pora berishga dalolat qilishda ifodalangan harakatlar ayon bo‘ldi. Shunga ko‘ra, D.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi va 28-, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.