Miriy: “Turklarning umumiy Vatani Turkiston muhtalif ajnabiy hukumatlar tarafidan parchalanmish...”
Sattor Jabbor 1905 yil Toshkentda dunyoga kelgan. Avval jadid va rus-tuzem maktablarida, 1917-1921 yillar Munavvar qori Abdurashidxonovning ikkinchi bosqich “Namuna” maktabida o‘qigan. 1920-1921 yillarda Fitratning “Chig‘atoy gurungi” a’zosi bo‘lgan. 1922 yil “Chig‘atoy gurungi” faollari Saidali Usmonxo‘ja, Ahmad Shukriy, Vali Qayumxon va Sattor Jabbor A.Fitratning shogirdlari sifatida BXSRdan tanlangan 60 nafar yigitlar qatorida Germaniyaga yo‘llagan.
1925 yilgacha Berlinda o‘rta maxsus tahsil olib, 1925-1927 yillarda Geydelberg universitetida, 1928-1931 yillar Berlin universiteti kimyo fakultetida o‘qigan. 1930 yil SSSR talabalar uchun pul yuborishni to‘xtatdi. U Berlin universiteti laboratoriyasida nemis professorlariga assistent bo‘lib, oxirgi yili uchun pulni Aleksandr Gumbolt fondi to‘laydi. 1931 yil O‘zbekistonga qaytib, 1932-1934 yillarda O‘rta Osiyo davlat Meditsina institutining umumiy kimyo kafedrasida dars berdi. 1934 yil Zarifa Saidnosirova bilan kimyo terminlari lug‘atini yaratgan. 1935-1937 yillarda noorganik kimyo kaferdasi mudiri bo‘lib ishlagan.
Sattor Jabbor talabalik yillarida Turkiston va olmon matbuotida faol ishtirok etgan. Jumladan, Arslon, Subutoy va Toshpo‘lat laqablari bilan Berlindagi “Ost-Yevropa” jurnalida “Turkiston she’riyati va shoirlari”, “Doyche Algemeyne Saytung” gazetasida “Turkiston ayollari”, “Respublikada paxta uchun kurash”, “Bugungi Turkiston” maqolalarida ona vatani taqdiriga oid iztiroblarini yozadi. “Buenos Ayres” gazetasida qayta bosilgan maqolasida o‘zbek ayollari haqida “Ularni haqiqiy ozodlikka sovetlar emas, kelgusi mustaqil Turkiston chiqarajak”, deb yozgandi. Quyida uning 1931 yil Berlinda “Subutoy” imzosi bilan yozgan “Kurtulush yo‘lunda” asaridan parcha keltiramiz.
Kitobning birinchi bo‘limida u Miriy, Siddiqiy, So‘fizoda, Hamza, Tavallo, Fitrat, Botu, Elbek, Cho‘lpon, Mag‘janlarning ijodini tadqiq etadi. Ikkinchi bo‘limda 1916 yil Jizzax qo‘zg‘oloni, Turkiston Muxtoriyati, Muhammad Aminbek, Shermuhammadbek, Anvar poshsholar, uchinchi bo‘limda esa adabiyotda hukmronlik uchun kurash masalalarini muhokama qiladi (bu asar Sattor Jabborning do‘sti Xayri To‘qay tomonidan Turkiyaga keltirilib, 2000 yilda A.Sumru O‘zsoy, Klaus Shoning, Esra Karabajaklar tomonidan qayta nashr etilgan).
Kitobning “Turkistonda yangi shoirlar”, deb nomlangan ilk bo‘limini Miriy ijodi bilan boshlab, uni Turkistondagi yangi “jadid” she’riyatining otasi deb hisoblaydi.
“Turklarning umumiy Vatani Turkiston bu kun muhtalif ajnabiy hukumatlar tarafidan parchalanmishdir. Nufusining yuzdan to‘qson beshi turk bo‘lgan bu o‘lkada madaniyat bu sababdan dalg‘ali bir holga kelmish. Faqat Turkiston asrlardan beri bo‘yla yashamadi. Uyg‘ur va Xorazmshohlardan so‘ng Chig‘atoylilar davrida Temur yangidan milliy va madaniy bir hay’at davri ochgandi. San’at va ilmdan buyuk asarlar berdi. Bu zamonlar turklardan buyuk olimlar, faylasuflar, shoirlar, hakimlar yetishdilar...
Navoiy asil bir oiladan 1440 yil tug‘ilgan. U davlat kishisi, tarixchi, olim, musiqashunos, tilchi-lisoniyatshunos va har sohada qobiliyatli, bularning hammasidan avval bir buyuk shoir edi. Undan keyin kelgan shoirlarning bari Navoiydan ilhom oldilar va hamon olmoqdalar...
XV asrda Turkistonda porlagan Turk madaniyati, yolg‘iz turk o‘lkalarini emas, xatto butun musulmon sharqini o‘z nufuzi oldina olmishti. U zamonlar Samarqand, Buxoro, Qo‘qon shaharlari bugungi Ovruponing Parij, Berlin va Londuni darajasida edi. Turkiston-Turk madrasalari Sharq musulmon millatlarining yoshlarila to‘la edi. Lokin XIX asrda Turkistonning siyosiy parchalanishi va uning johil xonlar, amirlari tarafidan jaholatga solinishi bu o‘lkada chin, rus, afg‘on asoratini keltirdi. Bu asorat davri esa o‘lkada yolg‘iz madaniyat emas, uning inikosi bo‘lgan adabiyotni ham so‘ndirdi. Bu sababdan bir ikki shoirdan boshqa hammasi quruq taqliddan iborat qoldi. Biz bu yerda eski turk (Chig‘atoy) adabiyotining tarixi va oqibati bilan mashg‘ul bo‘lishni istamaymiz, Turkistonning yangi shoirlarini tadqiq etamiz.
Turkiston asoratga tushganidan so‘ng uzun, og‘ir kunlarni orqasidan yangi bir ruh, yangi bir davr keldi. Bu XIX asrning oxirlariga to‘g‘ri keladi. Bu yangi davrning otasi 1898 yil vafot topgan kattaqo‘rg‘onlik shoir Muhammad Hoji Murod o‘g‘li Miriydir. Miriy Buxoro va Samarqandda islom huquqi va qonunlarini tahsil olganidan so‘ng, Samarqandda qozilik vazifasida ishlagan. Miriy eski turk klassik adabiyotini yaqindan bilardi. Bilxossa ilhom, axloq va sajiyasini umumiy Turk adabiyotining buyuk dohiysi va Turkchaning ilmiy suratda mudofaachisi bo‘lgan Navoiyning asarlaridan olmishdir. Hatto, Miriy g‘azallarida o‘qilganiga ko‘ra, Navoiyni ko‘p vaqtlar tushida ko‘rar va undan ta’lim olar ekan.
Miriyning asarlarida: “Navoiy qo‘lim tutsa, qilsa madad”, degan bog‘lamasi, uning Navoiyga ko‘p sodiq bir shoir bo‘lganini ko‘rsatar. Miriyning Navoiyga bu sadoqati va sevgisi uni Navoiy martabasiga chiqarmasa-da (bunga muhit yo‘l bermasdi), Miriy Turk adabiyotida ismi oltin kalomla yozilajak bir Turk shoiridir. Chunki u Turkistonda Ovro‘po texnikasindan ilhom olarak, sevgan yurti, eli uchun ilk daf’a anglagan bir otadir. Miriyning she’rlarindagi bu ta’sir va quvvat, Turkiston madrasalarinda, muftilar orasinda bir yangilik, ya’ni “jadidlik” harakatini dunyoga keltirmishdir.
Miriyga qadar butun Turkiston - turk shoirlari Lutfiy, Navoiy, Bobur va boshqalar kabi buyuk klassiklar taqlidi bilan hayotlarini o‘tkazishar, yangi original bir narsa bermadilar. Lokin klassik adabiyotni juda yaqindan tanigan va zamonining eng mashhur shoiri bo‘lgan Miriy XIX asrdagi hayotning XVI asrga o‘xshamasligini juda yaxshi anglab yetgan edi.
XIX asrda muhorabalar qilich, qalqonlarda emas, to‘p, to‘fang, miltiq kabi dahshatli qurollar bilan amalga oshirilayotganini bilardi. Eski Qo‘qon aravalarining yonida poyezdlar turardi. Millat hur va mas’ud yashamog‘i uchun ilmga, fanga va bilxossa milliy va madaniy sajiyalarga erishmog‘ini har narsadan ustun, deb bildi. Milliy va madaniy sajiyani Turk adabiyotining eski davrlarida, ilm va fanni esa Turkistonning boshida o‘tirgan ruslashgan olmonlarda ko‘rardi. Natijada bu hayotiy zaruririyatlar unda bir yangilikning tug‘ilmog‘iga sabab bo‘ldi.
Bir oz bo‘lsa-da, uning asarlarini tadqiq etaman: johil mullalar, qozilar va beklar mamlakatni boshdan oyoqqacha talamoqda edilar. Miriy bu sababdan o‘zining qozilik vaqtida butun maslakdoshlarini “yuzi qoralar”, deb e’lon qiladi. Hatto, halka kuchliroq ta’sir etmoq uchun o‘zini ham u qora yuzlilar orasida deb, mamlakatni tanazzul sari eltayotgan poraxo‘r qozilarni beayov tanqid etdi.
Yuzum qorasidan el ko‘nglini qora aylab,
Ko‘zumni o‘ydi bu g‘am, el ko‘zuni ko‘p o‘ymang.
O‘zumni kuch bilan urdum, olovga kuydurdim,
Bu o‘tning yolqini bilan yana sizlar kuymang?!...
Qozilik muhrida qora harflar bilan yozilgan ismiga boqqani zamon shunday xitob qiladi:
Ko‘ngil kuyasini muhrona muhru ters qilib,
Yuzum qora, hut emas, muhur atrofiga qarang.
Muhronachilarning (qozining pul olish evaziga muhr bosishi) xalqning qonini so‘ruvchi bir zuluk ekanligini quyidagi ikki go‘zal baytida shunday tasvir etadi:
Ko‘ring o‘ylab ulus hukm chog‘i naqd istab,
Yasab o‘zumni chu muhrona tegdi qo‘lga – jarang.
Bu hollarga tahammul emagan shoir so‘nggi baytida:
Meni, yuz qorani qozilikda ko‘p qo‘ymang,
Ajalsiz elni bo‘g‘ub, tig‘siz ulus so‘ymang!
Miriy yolg‘iz bu kabi diniy va ijtimoiy she’rlar yozmadi. G‘arbdan kelmoqda bo‘lgan fan va san’at madaniyati bilan qiziqadi. Bunga oid telegraf, paraxod, poyezd nomli asarlari bordir. Shoir buning bilan xalqni ayni zamonda G‘arb madaniyatiga tashviq etadi. Shu sababdan Miriy Turkistonda “jadidlik”ning boshlig‘i hisoblanadi”.
Shu o‘rinda kattaqo‘rg‘onlik yana bir shoir va xattot Ochildimurod Ne’matilla o‘g‘li Miriy (1830 – 1899) haqida: Miriyning mukammal devoni, ikkita bayozi, qator epik asarlari saqlangan. Miriy ijodining asosiy qismini uning dostonlari egallaydi. “Ra’no va Zebo” (1884) dostoni forsiyda yozilgan. Uning tarixiy voqealar asosida romantik uslubda “Qissai Salim Javhariy” (1887), “Rustam va Suhrob” (1898), “Majdiddin va Faxruniso” (1899) dostonlarida adolatli tuzum, farovon turmush, komil inson haqidagi ilg‘or fikrlari aks etgan. “Gulnoma”, “Choynoma” kabi masnaviylarida hayot haqidagi falsafiy-estetik qarashlari o‘z ifodasini topgan. Miriy Firdavsiy “Shohnomasi”ning bir qismini va Husayn Voiz Koshifiyning “Anvori Suxayliy” asarini she’riy yo‘lda turkiyga tarjima qilgan. Xattot sifatida Navoiy, Jomiy, Sa’diy va boshqa shoirlarning ayrim asarlarini nasx va nasta’liq xatlarida ko‘chirgan.
Bahrom IRZAYeV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.