“Mirni uqding – Haqqa yetding”
Yaqinda taniqli navoiyshunos olim Dilorom Salohiyning Toshkent shahridagi “Tafakkur tomchilari” nashriyotida “Mirni uqding – Haqqa yetding” kitobi chop etildi.
Kitobda buyuk so‘z san’atkori Alisher Navoiy boy lirik merosining mavzu ko‘lami, nasriy bayoni va g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari haqida ma’lumot berilgan. Navoiy falsafiy-ma’rifiy dunyoqarashining g‘azaliyotida qay tariqa aks etganligi haqidagi fikr va mulohazalar sharh uslubida kichik maqolalarda ifoda etilgan.
Buyuk shoir poetik mahorati qirralari, g‘azaliyotida mavzu, shakl va badiiy obraz takomili ko‘rinishlari kabi masalalar xususida ham mulohazalar berilgan. Ushbu kitob mutaxassis olimlar, talabalar va kitobxonlar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
“Uzumchilikda mirishkor sohibkorlarning ilg‘or tajribalari”
Uzumchilik mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining serdaromad tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Qulay tabiiy iqlim sharoiti bu yerda erta va kech pishadigan navlarini yetishtirish imkonini beradi. Tok iqtisodiy samarador ekin bo‘lib, ellik va undan ko‘p vaqt yashab, ekologik toza mahsulot beradi.
Keyingi yillarda ayniqsa, hukumatimiz tomonidan uzumning turli navlarini yetishtirish bo‘yicha reja ishlab chiqilib, tok maydonlarini ko‘paytirish va eksport hajmini oshirishga e’tibor qaratyapti. Ammo aytish lozimki, uzum yetishtirish, uning turli navlarini parvarishlash bog‘bondan katta mehnat va ilm talab qiladi.
Abdurahmon Yuldoshevning yaqinda chop etilgan “Uzumchilikda mirishkor sohibkorlarning ilg‘or tajribalari” kitobida tok parvarishi, uzumning sermahsul navlari haqida qimmatli ma’lumtlar berilgan. Kitobni uzum yetishtirishda bog‘bonlar uchun ixcham qo‘llanma deyish mumkin.