Mirzo Ulug‘bek barpo etgan Samarqand madrasasi va rasadxonasi Sharq madaniyati va fani durdonasi

22 mart - Mirzo Ulug‘bek tavallud topgan kun
G‘iyosiddin Jamshid Samarqanddan Koshonga, otasiga yozgan maktubida Mirzo Ulug‘bekning faoliyati va bilimdonligini quyidagicha ta’riflaydi: “Allohga va uning ne’matlariga shukronalar bo‘lsinkim, yetti iqlimning farmonbardori, islom podishohi donishmand kishidirlar. Men bu narsani odob rasmi yuzasidan aytayotganim yo‘q. Haqiqat shuki, avvalo, u kishim Qur’oni karimning aksariyat qismini yoddan biladilar. Tafsirlarni va mufassirlarning har bir oyat haqidagi so‘zlarni aqlda saqlaydilar va yoddan biladilar va arabchada yaxshi yozadilar. Shuningdek, u kishi fiqhdan ancha xabardorlar. Mantiq ma’nolarining bayoni va usullaridan ham xabardorlar”.
Ulug‘bek ilmga qiziqqanligidan maktab va madrasalar barpo qildi. Bu juda uzoqni ko‘zlab qilingan qaror bo‘lib, uning Movarounnahrni musulmon mamlakatlarining ilmiy markaziga aylantirmoqchi ekanligidan dalolat beradi. U barpo etgan Samarqand madrasasi va rasadxonasi nafaqat Sharq madaniyati va fani, balki Yevropa sivilizatsiyasiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Mirzo Ulug‘bek an’anaviy islom ruhida tarbiyalangan, umri va ijodi davomida unga amal qilgan. Masalan, koinot jismlarini o‘rganar ekan, astronom sifatida bu jismlarning joylashishini va vaqtni to‘g‘ri hisoblashni o‘z oldiga maqsad qildi.
O‘sha paytlarda osmon jismlarini o‘rganish diniy qarashlarga zid emas edi. Chunki bunday o‘rganish ibodat vaqtini, kun chiqish va botish vaqtini aniqlashni oldindan bilish muhim edi. Shuningdek, oyning boshlanishini aniqlash, ekin ekish muddatlarini bilish, hosilni yig‘ishtirib olish, o‘z o‘rnini aniqlash va kerakli tomonga adashmay yo‘l topib borish uchun osmon jismlari ilmidan xabardor bo‘lish lozim edi.
Olimning ilmiy tadqiqotlari o‘z zamoni astronomiyasining so‘ngi yutuqlarini o‘zida mujassamlashtirgan ilmiy xulosalar sifatida katta ma’rifiy-siyosiy ahamiyat kasb etdi. U jahonga mashhur falakiyotchi olim bo‘lib shakllanishi barobarida, o‘zi yaratgan madrasai oliya va rasadxonada didaktika (ta’lim nazariyasi)ga asos soldi.
Samarqandning markazida o‘zi tomonidan bunyod etilgan madrasai oliyada diniy fanlar bilan bir qatorda astronomiya, matematika, metafizika, geografiya, tarix kabi fanlar bo‘yicha ta’lim berildi. Madrasada tahsil oluvchilar ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy merosi Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning astronomik jadvali (“Ziji”), “Al-Jabr val-muqobala”, Abu Rayhon Beruniyning astronomiyaga bag‘ishlangan “Ma’sud Qonuni”, Ahmad Farg‘oniyning “Falakiyot asoslari” kitoblaridan foydalandi.
Ulug‘bek rasadxonasida Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi ko‘magida talabalar sayyoralar va yulduzlarning holatini kuzatishdi, astronomik va trigonometrik jadvallar tuzdilar.
Narziqul ShODIYeV,
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti professori.