Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi axborot stendi, e’lonlar doskasi va davlat tiliga mos kelmaydigan yozuvlar, bannerlar olib tashlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamentining 2020 yil 14 martdagi 30/3-3425-sonli xatining ijrosini ta’minlash maqsadida o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda o‘rnatilgan va har xil turdagi reklama qurilmalarining davlat tilida bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari tomonidan ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.

Ishchi guruh tomonidan Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida noqonuniy tartibda yo‘lning qatnov qismida joylashgan aholi turar joy binolarining tashqi qismida (balkon, lodjiya, deraza, eshik va boshqa tarafiga), daraxtlarda joylashtirilgan har qanday turdagi axborot konstruksiyasi (axborot stendi, e’lonlar doskasi)  va davlat tiliga mos kelmaydigan yozuvlar, bannerlar olib tashlandi.

Tadbir o‘tkazilgan hududda tom usti konstruksiya, video ekran o‘rnatgan tadbirkorlarga, binoning yuzasiga o‘rnatilgan reklama egalariga qaror talablariga moslashtirilgan holda vakolatli organ hisoblangan shahar hokimligi orqali tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ogohlantirish xatlari berildi hamda tegishli hujjati yo‘q har xil turdagi reklama joylashtirgan tadbirkorlarga belgilangan muddatlarda reklama vositalarining demontaj qilinishi lozimligi bo‘yicha ko‘rsatma va ogohlantirishlar berildi.

Shuningdek, ko‘chalarda yo‘l harakatini tashkil etish uchun mo‘ljallangan har qanday qurilmalarda, tungi ko‘cha yoritish ustunlarida, yo‘l belgilari va svetoforlarda, ularning ustunlarida qarorga zid ravishda o‘rnatilgan LED monitorlarini qarorga muvofiqlashtirish yuzasidan xat berildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarga ko‘rsatkichlar ko‘rinishidagi reklama vositalarini o‘rnatish tartibi, ya’ni axborot ko‘rsatkichlarining o‘lchami 3 kvadrat metr va uzunligi 2 metrdan ortiq bo‘lmasligi hamda reklama ko‘rsatkichlarini o‘rnatish majburiy tartibda ko‘rsatkichning texnikaviy pasporti rasmiylashtirilib, Davlat xizmatlari markazlarida reklama joyi pasporti olingandan so‘ng amalga oshirilishi to‘g‘risida ko‘rsatmalar berildi.

A.XUDOYQULOV,

Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.