Tadbirkorlar o‘zlariga tegishli bino peshtoqlariga ilingan yozuvlarning nega chet tilida yozilganini tushuntirib berolmadi

“Davlat tili haqida”gi qonunning 10-moddasiga ko‘ra, korxona, muassasa, tashkilot va jamoa birlashmalarida ish yuritish to‘liq davlat tilida bo‘lishi kerak. Agar jamoada o‘zbek tilini bilmaydiganlar ko‘pchilikni tashkil etsa, davlat tili bilan bir qatorda, ya’ni avval davlat tilida, keyin boshqa tillarda ish yuritish amalga oshirish mumkin.  

Biroq bu borada Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘ngildagidek emas. Masalan, ATB “Kapitalbank” Samarqand filiali binosining ichki kirish maydonida o‘rnatilgan bannerlar yozuvi rus tilida. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu reklamalarning o‘zbek tilidagi tarjimasi yo‘q ekan. Demak, oldin tarjima qilib, avval o‘zbek tiliga o‘girilgan reklama o‘rnatilishi, keyin yoniga boshqa tildagisini qo‘yish kerak. Aks holda bu qonunga zid.

Xuddi shuningdek, xonaning vazifasini ma’lum qiladigan eshiklarga osilgan yorliqdagi yozuvlar oldin rus tilida, keyin o‘zbek tilida berilgan. Bizning e’tirozimizga ma’muriyat "Yozuv o‘zbekchada ham berilgan-ku", dedi. Bu o‘rinsiz. Gap shundaki, bu holatda ham qonun talabi buzilgan. Yozuv avval o‘zbek tilida berilishi kerak, keyin boshqa tilda ham yozilishi mumkin. Ushbu iboraning ma’nosiga yana bir bor e’tibor berilsa, qonun talabi aniq va qat’iy qo‘yilgani ma’lum bo‘ladi. Mazkur jumlada o‘zbek tilida yozilishi “kerak”, boshqa tilda yozilishi “mumkin” degan so‘zlar ishlatilyapti. Ya’ni, yozuv o‘zbek tilida bo‘lishi shartligi ta’kidlanyapti. Boshqa tilda ham berish mumkin degani esa bersa ham, bermasa ham qonun buzilmasligini anglatadi.

“Innova” nomi bilan mashhur “VERSAL Medikal” MChJ jamoasi a’zolarining asosiy qismi o‘zbek tilini biladigan mahalliy millat vakillaridan iborat. Shuning uchun ularda davlat tilida ish yuritish muammosi yo‘q. Lekin mazkur jamiyatda ish yuritish to‘liq rus tilida olib borilmoqda. Rahbariyatning ma’lum qilishicha, jamiyat ta’sischisi rossiyalik ekan. Muassisning boshqa millatdan ekani davlat tili haqidagi qonunning bajarilmasligiga sabab bo‘lmaydi. Shu bilan birga jamiyatda davlat tiliga bo‘lgan ayni munosabat O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks"ning “Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish” deb nomlangan 42-moddasiga binoan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Samarqand shahrining Beruniy ko‘chasi odamlar gavjum joy. Ko‘chaning ikki tomonida qator savdo va xizmat ko‘rsatish rastalari o‘rin olgan. Asosan xususiy tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan do‘kon va turli xizmat ko‘rsatish binolarining peshtoqlariga ilingan yozuvlar asosan chet tilida berilgan. Do‘kon egalari ham, sotuvchi va xizmat ko‘rsatuvchilar, hatto xaridorlar ham asosan mahalliy millat vakillari bo‘lsa, yozuvlar nega boshqa tilda berilishini tushuntirib beradigan tadbirkor topilmadi. Garchi suhbatimiz davomida ular o‘zbek tili nufuzi va mavqeini oshirish uchun nima qilish kerak bo‘lsa rozi ekanliklarini aytgan bo‘lsada, yozuvlarni o‘z ona tillarida bermaslik sababini aniq izohlab berolmadi. Bir tadbirkorning fikrlarini esa o‘rinli e’tiroz sifatida qabul qildik.

- Bu yozuvlar reklama va dizayn bilan shug‘ullanuvchi korxonalarda tayyorlanadi, - dedi u. - Agar ulardan yozuvlar qonunga rioya etgan holda yozilishi lozimligi talab etilsa, bunday qoidabuzarlikning oldi olingan bo‘lardi. Biz qanday buyurtma bermaylik ular qonun talab etgani kabi reklama va yozuvlarni belgilangan tartibda tayyorlab berishadi. Masalan, mana bu bannerni uch kun ilgari olib kelib o‘rnatdim. Yozuvlar barchasi rus tilida. Agar ular bizga yozuvlar avval davlat tilida, keyin rus tilida yozilishi kerak deyishsa, rozi bo‘lmay ilojimiz yo‘q. Hech kim bilib turib qonunni buzmaydi.

Haqiqatan, reklama mahsulotlari maxsus korxonalarda ishlab chiqiladi va, birinchi galda, u yerdagi xodimlar qonun talablari bilan tanishtirilsa, yozuvlar belgilangan tartibda yozilishiga erishish mumkin va qonun buzilishi oldi olinadi.

Bu kabi o‘rganishlarimizdan xulosa shu bo‘ldi: joylarda davlat tili qonunining to‘liq bajarilishini ta’minlash uchun barchani safarbar etish va bunda birinchi galda OAV orqali tashviqot va targ‘ibot ishlarini kuchaytirib, masalani o‘rganish natijalaridan xalqni xabardor qilib borish kerak. Toki davlat tilining nufuzini oshirish yurtimizdagi har bir fuqaroning amaliy ishiga aylansin.

Suhrob Ergashev,

Samarqand shahar hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi.