Samarqandda deputatlar davlat tili me’yor va normalariga nechog‘lik amal qilinayotganini muhokama qildi
Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida jamoat joylari, ommaviy axborot hamda reklama vositalarida o‘zbek tili me’yor va qoidalariga amal qilish holati to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Qayd qilinganidek, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi deputatlik guruhi tomonidan monitoring qilinganda bu borada qator muammolar borligi aniqlangan.
Xususan, bozor munosabatlarining keng tarkib topayotgani, zamonaviy texnik mahsulotlarga ehtiyojning ortib borayotgani bois “yevropalashgan” (ajnabiy) tijorat leksikoni shiddat bilan kirib kelmoqda. Bu jarayon ayniqsa, savdo vakillari va reklama xizmatlari ko‘rsatuvchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Shu bois, Samarqand shahridagi savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalarini xorijiy atamalar bilan nomlash, milliy ma’naviyatimizga to‘g‘ri kelmaydigan turli suratlarni yopishtirish va imloviy xatolar bilan yozilgan peshlavha va boshqalar ko‘payib bormoqda.
Bu kabi o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalarining buzilishi holatlarini davlat va xususiy korxonalar, tashkilotlar, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari peshtoqlarida, transport vositalarida ham uchratish mumkin.
Sessiyada Samarqand shahrida “Reklama to‘g‘risida”gi, “Davlat tili to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Bolalar va ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarning ijrosi yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar monitoringini yanada kuchaytirish lozimligi qayd etildi.
Shahar hokimining o‘rinbosari Sh.Eshonqulov, shahar hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun xujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Ergashevlarga:
- shahar hududida joylashgan umumta’lim va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tili imlo qoidalariga amal qilinishi holatini muntazam o‘rganib borish, nazorat qilish va xodimlar orasida ish vaqtida davlat tilida so‘zlashishiga erishish;
- shahardagi ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari mudiralarining ta’lim muassasasi hududidagi tashqi reklamalarga shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilash;
- bu borada sustashlikka yo‘l qo‘ygan ta’lim muassasalari rahbarlari bilan muntazam tushuntirish ishlarini olib borish;
- shahar hududida joylashgan sog‘liqni saqlash muassasalari, markaziy shifoxona, ko‘p tarmoqli poliklinika, oilaviy poliklinikalarda rasmiylashtiriladigan hujjatlar, tibbiy ma’lumotnomalarda o‘zbek tili me’yor va qoidalariga amal qilinishi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatish, mas’ul rahbarlarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish vazifalari yuklatildi.
Sessiyada shuningdek, shahar hududida davlat tili me’yor va normalariga amal qilinishini ta’minlash bo‘yicha boshqa zarur choralar belgilandi.