Mirzo Ulug‘bek timsolida olimlik siyrati
Movarounnahrni qirq yil boshqargan hukmdor, qomusiy bilim sohibi Mirzo Ulug‘bek kamtarin olim bo‘lgan. U o‘zining to‘rt kitobdan iborat hamda 30 yillik olib borilgan ilmiy tadqiqotlari samarasi bo‘lgan ulkan hajmdagi «Ziji Ko‘ragoniy» asarining kirish qismida shunday deydi: «Yulduzlarning ahvolidan kuzatilgan va imtihon bilan ma’lum bo‘lgan jam’iki narsalar ushbu to‘rt maqoladan iborat kitobga kiritilib, subut tutildi”.
Olim to‘rtta kitobdan iborat yirik hajmdagi asarni to‘rtta maqola deb ta’kidlamoqda. Fundamental ilmiy tadqiqot bo‘lgan bu asarning birinchi kitobi yil hisobi, kunlar, soatlar, turli xalqlarda kun boshini aniqlash odatlari, qadimgi turklarda muchal hisobi bo‘yicha vaqt o‘lchovi, Xitoy va Turkistondagi vaqt o‘lchovi masalalari, xalqlarning mashhur kunlari va bayramlari haqidagi ma’lumotni o‘z ichiga oladi. “Zij”ning ikkinchi kitobi matematika, sferik astronomiya, matematik geografiya hamda ilmi nujumga bag‘ishlanadi. Shaharlarning nomlari va geografik koordinatalardan iborat geografik va trigonometrik jadvallar ham shu kitobda keltirilgan. Asarning uchinchi kitobi astronomiyaning asosiy masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda sayyoralar harakati va qo‘zg‘almas yulduzlar xaqidagi mulohazalar bayon etiladi. “Zij” asarining asosiy mag‘zini ham shu kitob tashkil etadi, chunki unda sayyoralar harakati jadvali va yulduzlar katologi Ulug‘bekning rasadxonada 30 yillik uzluksiz kuzatishlari natijasi bo‘lib, ular aniq matematik qoidalarga asoslangandir. Asarning to‘rtinchi kitobi astrologiyaga bag‘ishlangan. Ko‘rinib turibdiki, bu asar katta amaliy ahamiyat kasb etgan fundamental tadqiqotning natija va xulosalaridan iborat bo‘lgan.
“Zij”ning uchinchi kitobida trigonometrik jadvallar berilgan bo‘lib, unda sinuslar va tangenslar o‘nta o‘nlik xona aniqlikda berilgan. Mutaxassislar XV asr uchun bu natija juda katta aniqlik deb e’tirof etadi.
Ulug‘bekning ekliptikaning ekvatorga og‘maligini hisoblashida o‘zidan oldingi barcha olimlardan ko‘ra aniqroq natijaga erishgan, ya’ni 23030′17″ni tashkil etgan.
Ulug‘bekning astronomiya sohasida olib borgan tadqiqotlarining aniqlik darajasi bugungi kompyuter elektron hisoblar bilan deyarli aynanligi xalqaro miqyosda tan olingan. Olib borilgan tadqiqot natijalaridagi shunchalik aniqlik darajasiga qaramasdan buyuk olim agar xato bo‘lsa, kechirim so‘ramoqda: “Agarda nimarsa tuzatish va yaxshilash haddidan chetlashgan bo‘lsa, uni afv libosining etagi birla yopsalar va uzr etsalar, ammo koimasalar”. Vaholanki, fan tarixida eng ko‘p murojaat etilgan, sharhlar bitilgan asarlardan biri ham Mirzo Ulug‘bekning «Ziji»dir.
Takabburlik, manmanlik olim uchun salbiy xislat sanaladi. Olimning kamtarligini hukmdor Mirzo Ulug‘bek siymosida ko‘rish mumkin. Yirik bir davlat hukmdori va ayni damda zahmatkash tadqiqotchi va qomusiy bilim sohibining kamtarligi hozirgi zamon olimlari uchun namunadir.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Ibn Sinoning «Tib qonunlari», Al-Xorazmiyning «Al jabr val muqobala» asarlari Sharq va G‘arb ilm-fani rivojida qanchalik ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, Mirzo Ulug‘beknining «Zij»i ham astronomiya, matematika va trigonometriya fanlari rivojida besh asr mobaynida eng mukammal nazariy va amaliy manba bo‘lib xizmat qildi.
Akram Azizqulov,
SamISI dotsenti.