Missiya rahbari okrug saylov komissiyasida

Bugun Samarqandda bo‘lib turgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari, elchi Ursula Yuzefa Gachek hamda missiyaning uzoq muddatli kuzatuvchilari 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi rahbarlari bilan uchrashdi.

Okrug saylov komissiyasi raisi X.Muhammadiyev ayni paytda Samarqand viloyatida muddatidan ilgari o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasining borishi, okrug komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Ursula Yuzefa Gachek xonim uchastka saylov komissiyalari a’zolarini tanlash, ularga haq to‘lash, muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarini tashkil etish masalalari bilan qiziqdi.

Shuningdek, uchrashuvda uchkastka saylov komissiyalari a’zolari uchun tashkil etilgan o‘quvlar, saylov kuni berilgan ovozlarni sanash jarayonlari va okrugda ovozlarni umumlashtirishda xorijiy kuzatuvchilarning ishtiroki masalalari tilga olindi.

Okrug saylov komissiyasi raisi mamlakatimizda saylov jarayonlari milliy va xalqaro saylov qonunchiligi asosida, ovoz berishdan tashqari barcha tadbirlar ochiq-oshkora o‘tkazilishini ta’kidladi. Komissiya a’zolarining bir necha bosqichda o‘qitilishi, aholi o‘rtasida saylov qonunchiligi yuzasidan muntazam targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilishi natijasida qonunbuzilish holatlari deyarli uchramasligi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ayrim kamchiliklar ish jarayonida hal qilinishini qayd etdi.