"Mo‘g‘ulcha" – shoh asar
Bu ulkan musiqiy turkum "Buzruk", "Rost", "Navo", "Dugoh", "Segoh", "Iroq" maqomlaridan tashkil topgan bo‘lib, o‘z navbatida har bir maqom ikki yirik bo‘lim cholg‘u (mushkulot) va ashula (nasr) yo‘llaridan iboratdir. Cholg‘u kuylarida "Tasnif", "Tarje’", "Gardun", "Muxammas", "Saqil" nomli yo‘llar asosiy o‘rin tutsa, ashula bo‘limida "Saraxbor", "Talqin", "Nasr", "Savt" va "Mo‘g‘ulcha" yo‘llari muhim ahamiyat kasb etadi.
Ashula bo‘limining ikkinchi qismiga kirgan yirik sho‘’balar orasida mo‘g‘ulcha nomi bilan mashhur ashula yo‘llari alohida o‘rin tutadi. Mo‘g‘ulchalar ichida "mo‘g‘ulchai segoh" eng yirigi va ijro jihatidan ham murakkabi hisoblanadi. Murakkabligi shundaki, uni ijro etish uchun keng ko‘lamli va hissiyotga boy ovoz, segoh maqomiga mos dard hamda maqom ijrosidagi ko‘p yillik malaka zarur.
Mo‘g‘ulchalarning nomlanishi juda qadimiy tarixga ega. "Bu nom XIII asr boshlarida O‘rta Osiyoni ishg‘ol qilgan mo‘g‘ullar imperiyasining yoki XIV asrda Hindistonda Zahiriddin Muhammad Bobur barpo etgan "Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi"ga bog‘liq holda yuzaga kelgan bo‘lishi ehtimol", – deb yozadi musiqashunos olim Ishoq Rajabov "Maqomlar masalasiga doir", kitobida.
Har bir xalqning go‘zal, mukammal yuksak an’analari, urf-odati, musiqasi, milliy marosimlari bo‘lganki, bu boshqa xalqlar an’anasiga ta’sirini ko‘rsatgan. Ayniqsa, Sharq xalqlari mumtoz musiqasi maqom janri orqali uzviy bog‘lanadi. O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlari xalqlari musiqasiga xos ladlar, nola va bezaklarda juda ko‘p umumiylik mavjud. "Shashmaqom"dagi "Mo‘g‘ulchai navo" ashulasini mashhur hofiz domla Halim Ibodov maromiga yetkazib ijro etgan. Ashulani e’tibor bilan tinglagan kishi unda mo‘g‘ul ohanglari, shuningdek, mo‘g‘ul xalqiga xos doira zarblarini his etadi.
Mo‘g‘ulchalar rost va iroq maqomlarida uchramaydi. Qolgan maqomlarda esa "mo‘g‘ulchai buzruk", "mo‘g‘ulchai navo", "mo‘g‘ulchai dugoh", "mo‘g‘ulchai segoh", deb maqomlar nomi bilan qo‘shib aytiladi. O‘zbekiston xalq artisti Izro Malakov "Mo‘g‘ulchai navo"ni Munis g‘azali bilan kuylagan. "Mo‘g‘ulchai navo"ning mashhur bo‘lishi tasodifiy emas. Ular mashhur hofizlar repertuarida katta o‘rin egallab kelgan. Hozirgi kunda yosh hofizlar ham mo‘g‘ulcha turkumidagi ashulalarni maromiga yetkazib ijro etishmoqda.
Olimjon FAFUROV,
musiqashunos.