Mobil aloqa 99,8 foiz, internet 90 foizga yetdi

"Joriy yil 8 oyi yakuni bilan viloyat bo‘yicha ko‘rsatilgan axborot kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlari hajmi 674,4 milliard so‘m yoki 2021 yilning mos davriga nisbatan 122,2 foizni tashkil etdi", deya xabar berdi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Xo‘jamberdiyev Zarnews.uz’ga.

D.Xo‘jamberdiyevning aytishicha, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmida 4,7 foiz soha xizmatlarining ulushiga to‘g‘ri keladi. Buning uchun joriy yilning o‘tgan davrida 3,5 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 17 ming kilometrga yetkazildi. Shu bilan birga, viloyatdagi 2345 ta ijtimoiy soha ob’yekti, jumladan, 1260 ta xalq ta’limi, 711 ta maktabgacha ta’lim, 374 ta tibbiyot muassasalarida yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi. Viloyatdagi 1126 ta mahalla fuqarolar yig‘ini tarmoqqa ulandi.

Mobil aloqa qamrovini kengaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida 108 ta yangi baza stansiyasi o‘rnatilib, 170 ta baza stansiyasi tezkor internet texnologiyasi asosida modernizatsiya qilindi, viloyat aholi maskanlari mobil aloqa bilan 99,8 foiz va tezkor mobil internet bilan 90 foizga qamrab olindi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda viloyatdagi mobil aloqa baza stansiyalarining umumiy soni 5252 tani va mobil abonentlar soni 2529,7 ming nafarni tashkil etmoqda.

Aholi yashash maskanlari 100 foiz raqamli televideniye signallari bilan qamrab olingan.

Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida bugungi kunga qadar viloyatimizdagi 278 632 nafar yoshlar ro‘yxatdan o‘tib, 102 895 nafari bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritgan.

Bugungi kunda filial hamda shahar va tumanlardagi IT markazlarda 51 nafar xodim faoliyat olib bormoqda.

O‘tgan davrda IT Park rezidentlari soni 19 nafardan 33 nafarga yetkazildi. E’tiborlisi, rezident sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va ariza topshirganlarning 6 tasi masofaviy eksport xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari hisoblanadi. Ushbu rezidentlar soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan ozod bo‘lish imtiyoziga ega bo‘lib, iqtisod qilingan mablag‘larni faoliyatlarini yanada rivojlantirishga yo‘naltirmoqdalar.

Bundan tashqari, hududiy filialda 51 ta startap loyiha ro‘yxatdan o‘tkazildi.