Mobil aloqa va internet tarmoqlari qachon talabga javob beradi?

Samarqandda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, aholining internet tarmoqlaridan erkin va tezkor foydalanishini ta’minlash bo‘yicha ko‘p ishlar qilish rejalashtirilgan.

- 2021 yil davomida viloyatda 5,3 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, 13,4 ming kilometr kabellar yotqizildi, - deydi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Xo‘jamberdiyev. - Aholining simli keng polosali tarmoqqa ulanish imkoniyati 65 foizga yetkazildi. Shuningdek, telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 100 ming sig‘imli zamonaviy qurilmalar o‘rnatilib, portlarning umumiy sig‘imi 464,1 mingga yetdi. Bu esa kamida 464,1 mingta xonadon va yuridik shaxsni Internet tarmog‘iga ulanishini ta’minlaydi. Foydalanuvchi abonentlar soni 2020 yilga nisbatan 45 mingtaga oshib, 161 mingtaga yetdi. Yil davomida ko‘rsatilgan aloqa xizmatlari hajmi 833,3 milliard so‘mni tashkil qiladi.

Viloyatdagi 2338 ta ijtimoiy soha ob’yekti, jumladan 1267 ta xalq ta’limi, 697 ta maktabgacha ta’lim, 374 ta tibbiyot muassasalari, 1123 ta mahalla hamda 828 ta profilaktika inspektorlariga to‘liq yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi. 5,3 ming kilometr optik tolali aloqa kabellarining 1,4 ming kilometri aynan ana shu ob’yektlarga tortildi.

Qishlog‘imizda aloqa yo‘q edi

O‘tgan yili mobil aloqa sifatini yaxshilash uchun 125 ta yangi baza stansiyalari o‘rnatilib, 325 ta stansiya modernizatsiya qilingach, aholi yashash punktlari mobil aloqa bilan 99,3 foizga, mobil internet bilan qamrov esa 90 foizga yaqinlashdi.

- Shu paytgacha, chekka hududlarda yashovchi aholi tomonidan mobil aloqa va internetning sifati yomonligi borasida murojaatlar soni ko‘payib ketgan edi, - deydi D.Xo‘jamberdiyev. – Ana shu shikoyatlarni e’tiborga olgan holda 15 ta mobil aloqa tayanch baza stansiyalari o‘rnatildi. Shu vaqtgacha mobil aloqa va internet yetib bormagan Qo‘shrabot tumanida 7 ta, Nurobodda 16 ta, Urgutda 6 ta hamda Ishtixon va Samarqand tumanlarida 1 tadan mahalla va qishloqlar aholisi telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlandi. Ayni paytda viloyatda raqamli televideniye signallari yetib bormagan aholi punktlari qolmadi.

Megabaytlar nega qimmat?

Ba’zida aholi o‘rtasida internet xizmatlari narxining qimmatligi haqida ko‘p gap-so‘zlar yuradi. Biroq internet operatori va provayderlari tomonidan tariflar miqdori bir necha marotaba arzonlashtirildi. Hozirda 1 mbit/s uchun 30 ming so‘mni tashkil etmoqda. Mazkur narx 2018 yilga nisbatan 8 barobarga, o‘tgan yili davomida esa 42,9 foizga arzonlashtirildi. Urgut tumanining 106 ta nuqtasida WI-FI zona tashkil etish uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 1 milliard so‘m ajratildi. Turizm ob’yektlarining 221 ta joyida tashkil etilgan WI-FI zonalardan nafaqat sayyohlar, balki aholi ham 1 mbit/s tezlikdagi internet xizmatlaridan bepul foydalanib kelmoqda.

O‘quvchilarga qanday qulayliklar bor?

Maktab o‘quvchilariga ham internetdan foydalanishlari uchun qator qulayliklar yaratildi. Jumladan, boshqa tarif rejalarga nisbatan tezligi yuqori va narxi arzonlashtirilgan maxsus Education tarif rejalariga faqat ta’lim muassasalari ulanishi mumkin bo‘ladi. Hozirda 830 ta maktab Education-1, 373 tasi Education-2 va 56 ta ta’lim muassasasi Education-3 tarif rejalariga ulangan. Bunaqa tariflar sog‘liqni saqlash tizimi va mahalla fuqaro yig‘inlari uchun ham ishlab chiqilgan.

Yoshlarni zamonaviy axborot texnologiyalariga o‘qitish, ularning malaka va savodxonligini oshirish maqsadida o‘tgan yili 16 ta shahar va tumanda tashkil etilgan «Raqamli texnologiyalar» o‘quv markazlarida 5,5 ming kishi o‘qishga jalb qilindi. Ular orasida “Temir daftar”ga kiritilgan 229 nafar, “Yoshlar daftari”ga kirgan 485 nafar va “Ayollar daftari”dagi 200 nafar xotin-qiz bepul o‘qitildi. 1242 nafar davlat tashkilotlari xodimlarining ularning kompyuter savodxonligi bo‘yicha malakasi oshirildi.

TATU Samarqand filiali va Toshkent iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida Inkubatsiya va akseleratsiya markazlari tashkil etilib, talabalar o‘zlarining innovatsion yoki startap loyihalarini shakllantirish hamda hayotga tatbiq etishlari uchun imkoniyat yaratildi. “Bir million dasturchi” loyihasida qatnashish istagini bildirgan 272 ming nafar yoshning 100 mingdan ziyodi loyihani muvaffaqiyatli tugatdi.

Muammolar va rejalar

Viloyatda bu borada hali amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Joriy yilda internet tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha 6 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, 134,2 ming kilometr keng polosali portlar montaj qilish rejalashtirilgan. Transport tarmog‘ining o‘tkazuvchanligi markazda 400 Gbit/s dan  600 Gbit/s ga, shahar va tumanlarda esa 40 Gbit/s dan 60 Gbit/s ga qadar oshiriladi.

Shuningdek, mahalla va qishloqlarga 205 ta mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatilib, 81 ta 3G mobil aloqa stansiyalari 4G ga modernizatsiya qilinadi. Hududlarda 5 ta IT maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu o‘quv markazlarda 10 ming nafar yoshlar malaka va ko‘nikma oshiradi. 250 ga yaqin aholi yashash punktlarida istiqomat qilayotgan aholining yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanishlari uchun imkoniyat yaratildi.

Mahallada qad rostlagan mobil stansiyasi salomatlik uchun zarar emasmi?

Yana bir gap. Bugungi kunda Samarqand shahridagi «Ziyolilar», «Mevazor», «Imom Vose», «Obod maskan», «Sartepa», «O‘rikzor» kabi 10 ta mahalla aholisi aloqa va internet xizmatlarining sifati pastligidan tez-tez shikoyat qilishadi. Biroq, mazkur hududlarda mobil aloqa kompaniyalari tomonidan baza stansiyalarni o‘rnatish bo‘yicha ruxsat olinganiga qaramasdan ayrim fuqarolar tomonidan stansiyalarni o‘rnatishga to‘sqinlik qilinmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 avgustdagi qarori bilan “Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlangan bo‘lsa-da, ba’zi hollarda tayanch baza stansiyalarini o‘rnatish uchun yer maydonlarini ajratishda ham muammolar paydo bo‘lmoqda. Shu sabab, aloqa operatorlarining mobil aloqa tayanch baza stansiyalarini o‘rnatish uchun yer ajratish masalasidagi murojaatlari ijobiy hal etilsa, yurtimizda mobil aloqa va internet yanada rivojlanishiga shubha yo‘q.

Dilmurod To‘xtayev.