Mobil telefon foydalimi yoki zararli?

Mobil telefonining yaratilishi texnik taraqqiyotning haqiqiy inqilobidir. Ammo barcha texnik taraqqiyotning salbiy tomonlari ham bor. Masalan, qo‘l telefoni inson sog‘ligiga zarardir.
Mobil telefondan chiqayotgan nur inson miya hujayralariga jiddiy ta’sir qilib, uni turli xavfli kasalliklarga duchor etadi. Ammo bugungi kunda telefon o‘smirlarimiz hayotidagi muhim vositalardan biriga aylangan. Ko‘cha-ko‘yda yigit-qizlarning qo‘lidan telefon tushmaydi. To‘g‘ri, hozir texnika asri, texnika imkoniyatlari cheksiz. Ba’zan katta yoshli insonlar ham telefonda soatlab gaplashishadi. Aslida telefondan foydalanganda qarama-qarshi tomon salomatligini bilish uchun 4 daqiqa yetarli bo‘lar ekan.
Biz cheksiz internet, cheksiz telefon imkoniyatlariga o‘rganib qolib, o‘z atrofimizdagi voqealarga befarq qarayapmiz. Virtual olamda o‘z tanishlarimiz bilan soatlab gaplashyapmiz, kamiga virtual olamda sevyapmiz, do‘stlashyapmiz, guldek oilamizni shu «do‘st»lar bilan munosabatlar orqali buzyapmiz.
Hozirgi kunga kelib butun dunyo uyali aloqa abonentlarining soni 1,9 milliardni tashkil qiladi. Yurtimizda deyarli har ikki kishining birida uyali telefon mavjud. Uyali telefondan foydalanayotgan insonga uning ta’siri 15 soniyaga qadar sezilmaydi. Agar so‘zlashuv va foydalanish vaqtini oshirsa unda yaqqol o‘zgarish seziladi, chunki alfa to‘lqinlar miya faoliyatini yomonlashtiradi va o‘zining to‘lqin xususiyatlarini namoyon qila boshlaydi. Inson tanasining elektromagnit nurlanishlarga eng ta’sirchan qismi bosh bo‘lib, aynan shu sohada so‘zlashuv olib boriladi. Shuning uchun u insonda nurlanish jarayoni tezlashishini yana ham orttiradi. Mutaxassislar so‘zlashuv jarayonidagi insonning qon bosimini o‘lchaganida har xil yoshdagilarda bosim ko‘tarilishi aniqlangan.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, dunyoda har 20 ta insondan bittasi ushbu mobil aloqa nurlanishining qurboniga aylanmoqda. 2000 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti uyali telefonlar zarariga oid Yevropa parlamentiga taqdim etgan hisobotida insonlarning saraton kasaliga chalinishida uyali telefonlarning ta’siri kuchli ekanini ta’kidlagan edi. Nemis mutaxassislari kamerali va kamerasiz uyali telefonlarda elektromagnit nurlanishi bo‘yicha test o‘tkazishganda, kamerali telefonlarning nurlanishi sodda uyali telefonlarga qaraganda ko‘proq bo‘lgan. Nurlanish asosan uyali telefondan so‘zlashuv vaqtida chiqadi, lekin «kutish» holatida u nurlanishdan butkul xalos bo‘lmaydi, chunki uyali telefon baza stansiyasiga o‘zining tarmoq doirasida ekanligi, qo‘ng‘iroq, SMS va shu kabi ma’lumotlarni qabul qilishga tayyorligi haqida axborot berib turadi. Buni tunda uyali telefoniga «budilnik» qo‘yib, yonida olib yotadigan foydalanuvchilar bilib qo‘yishlari foydadan xoli bo‘lmaydi.
Uyali telefondan foydalanish tartibiga kelsak, uni so‘zlashuv vaqtidagi «kutish» holatida quloqda emas, balki qo‘lda ushlab turish, shuningdek, metropolitenda, xizmat doirasidan tashqarida, zarur bo‘lmasa tunda, keraksiz paytlarda o‘chirib qo‘yish muhim. Bundan tashqari, ust kiyimning ichiga solib yurish tavsiya qilinmaydi. Uni iloji boricha qo‘lda va yon xaltada olib yurish lozim. Shuningdek, uyali telefonni yosh bolalardan uzoqda tutish kerak. Saraton xastaligini o‘rganish bo‘yicha xalqaro agentlik va Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mobil telefonlar odamlarda xavfli o‘smalarni keltirib chiqarishini birinchi marta e’tirof etdi. Shu choqqacha bu haqda faqat taxminlar aytib kelingan bo‘lsa, endilikda nufuzli xalqaro tashkilotlar ham qo‘l telefonlarining zarari haqida uzil-kesil fikr bildirishdi.
Elektromagnit to‘lqinlari hamisha salomatlik uchun zararli, deb hisoblab kelingan. Agar u to‘g‘ridan-to‘g‘ri har kuni quloqqa yo‘naltirib turilsa, uning ichkarisidagi eshitish hamda ko‘rish a’zolari (ko‘z to‘rpardasi) faoliyatini ta’minlaydigan asab to‘qimalariga ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zi odamlar goho kuniga soatlab mobil telefonini quloqlaridan olishmaydi. Bu organizm uchun nihoyatda og‘irlik qiladi.
Bosh miya to‘qimalarining zararlanishi, ayrim tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, birdaniga emas, balki oradan 15-20 yil o‘tgachgina aniq namoyon bo‘ladi. Shu sababli ular yaqin kelajakda bosh miya o‘smasi bilan xastalangan odamlar soni keskin oshib ketadi, deb hisoblashmoqda. Negaki, har kuni atigi 15 daqiqa mobil telefonda gaplashishning o‘zi miyada saraton o‘smasi hosil bo‘lishi uchun yetarlidir.
Demak, bu kabi elektromagnit nurlanish hosil qiladigan vositalardan foydalanishni mo‘’tadil holatga keltirib olsak, o‘zimiz hamda naslimiz sog‘ligini asragan bo‘lamiz.
Dilnavoz Tog‘ayeva,
Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi.