Mobil telefondan odam qanday nurlanadi?
Nurlanish asosan uyali telefondan so‘zlashuv vaqtida chiqadi, lekin «kutish» holatida u nurlanishdan butkul xalos bo‘lmaydi, chunki uyali telefon baza stansiyasiga o‘zining tarmoq doirasida ekanligi, qo‘ng‘iroq, SMS va shu kabi ma’lumotlarni qabul qilishga tayyorligi haqida axborot berib turadi. Buni tunda uyali telefoniga «budilnik» qo‘yib, yonida olib yotadigan foydalanuvchilar bilib qo‘yishlari lozim.
Uyali telefondan foydalanish tartibiga kelsak, uni so‘zlashuv vaqtidagi «kutish» holatida quloqda emas, balki qo‘lda ushlab turish, shuningdek, metropolitenda, xizmat doirasidan tashqarida, zarur bo‘lmasa tunda, keraksiz paytlarda o‘chirib qo‘yish muhim.
Eng zarur hollardagina mobilnikdan foydalanishga harakat qilish zarur. Agar SMSlar yuborish orqali muloqot o‘rnatilsa bu zararsiz. Shuning uchun iloji boricha undan foydalanish mumkin .
Imkon boricha uyali telefondan emas, balki shahar telefoni orqali qo‘ng‘iroqlashish mumkin.
Gudoklar eshitilib, abonent bilan bog‘lanish jarayonida uyali telefonni quloqqa tutmaslik kerak. Negaki, ayni shu paytda kuchli nurlanish tarqaladi.
Uxlayotganda esa telefonni hech qachon yonida qo‘ymaslik lozim. Uni kam deganda 1,5 metr nariga qo‘yish kerak.
Gaplashayotganda telefon boshga yaqin turmasligi uchun quloqqa taqiladigan eshitgich yoki simsiz jihozlardan foydalaning.
Bundan tashqari, ust kiyimning ichiga solib yurish tavsiya qilinmaydi. Telefonni cho‘ntakda olib yurish yaramaydi, sumkada yoki tanadan uzoqroq holda saqlash kerak. Uni iloji boricha qo‘lda va yon xaltada olib yurish lozim.
Saraton xastaligini o‘rganish bo‘yicha xalqaro agentlik va Butun jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mobil telefonlar odamlarda xavfli o‘smalarni keltirib chiqarishini birinchi marta e’tirof etdi. Shu choqqacha bu haqda faqat taxminlar aytib kelingan bo‘lsa, endilikda nufuzli xalqaro tashkilotlar ham qo‘l telefonlarining zarari haqida uzil-kesil fikr bildirishdi.
Elektromagnit to‘lqinlari hamisha salomatlik uchun zararli, deb hisoblab kelingan. Agar u to‘g‘ridan-to‘g‘ri har kuni quloqqa yo‘naltirib turilsa, uning ichkarisidagi eshitish hamda ko‘rish a’zolari (ko‘z to‘rpardasi) faoliyatini ta’minlaydigan asab to‘qimalariga ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zi odamlar goho kuniga soatlab mobil telefonini quloqlaridan olishmaydi. Bu organizm uchun nihoyatda og‘irlik qiladi.
Bosh miya to‘qimalarining zararlanishi, ayrim tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, birdaniga emas, balki oradan 15-20 yil o‘tgachgina aniq namoyon bo‘ladi. Shu sababli ular yaqin kelajakda bosh miya o‘smasi bilan xastalangan odamlar soni keskin oshib ketadi, deb hisoblashmoqda. Negaki, har kuni atigi 15 daqiqa mobil telefonda gaplashishning o‘zi miyada saraton o‘smasi hosil bo‘lishi uchun yetarlidir.
Demak, bu kabi elektromagnit nurlanish hosil qiladigan vositalardan foydalanishni mo‘’tadil holatga keltirib olsak, o‘zimiz hamda naslimiz sog‘ligini asragan bo‘lamiz.
Sayyora Mullaboyeva,
Salomatlik va strategik rivojlanish institutining sog‘lom turmush tarzi bo‘limi boshlig‘i.