Mohir pedagog, talabchan rahbar, xalq ta’limi a’lochisi Barot Amirov vafot etdi
Barot Amirov 1928 yilda Past Darg‘om tumanida dunyoga keldi. O‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloq maktabida a’lo baholarga o‘qidi. Maktabni bitirgach, Samarqand davlat universitetining biologiya fakultetiga o‘qishga kirdi.
1954 yilda ish faoliyatini Past Darg‘om tumanidagi 21-o‘rta maktabda boshladi. Undagi qobiliyat, talabchanlik, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashish sabab ko‘p o‘tmay maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasiga tayinlandi.
Barot Amirov maktab jamoasi bilan yaxshi ishlagani, o‘z kasbini sevgani uning mavqeini yanada oshirdi. 1959 yilda tumandagi 24-o‘rta maktabga direktor vazifasiga tayinlandi. Ushbu lavozimda 1963 yilgacha mehnat qildi. So‘ngra tumandagi 13-o‘rta maktabga direktor etib tayinlandi.
Tajribali o‘qituvchi Barot Amirov 1976 yilda Past Darg‘om tumani xalq ta’limi bo‘limi mudirligiga munosib ko‘rildi. U maktab ta’limi rivoji yo‘lida samarali mehnat qildi. Uning mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. 1970 yilda O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi, 1994 yilda «Shuhrat» medali, 1995 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni, 2015 yilda «Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 70 yilligi» yubiley medali va boshqa mukofotlar bilan taqdirlandi.
B.Amirov 1985-1994 yillar davomida tumandagi 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabida direktor, so‘ngra Past Darg‘om tumani xalq ta’limi bo‘limi uslubchisi, «Faxriylar uyushmasi» raisi vazifalarida mehnat qildi.
Ustozning hayot yo‘li shogirdlari va farzandlariga ibrat bo‘ldi. Ustozning joylari jannatda, oxiratlari obod bo‘lsin, ilohim.