Mojaro: “Uch mushketyor”ni kim yozgan?

Mashhur “Uch mushketyor” romanini kim yozgan, degan savolga har qanday maktab o‘quvchisi Aleksandr Dyuma, deb javob beradi. Chindan ham asar muqovasida ana shu fransuz yozuvchisining ism-sharifi turibdi. Biroq hayotligida unga o‘zining kitob muallifi ekanligini isbotlash uchun pinhon hammualliflar bilan sudda ko‘p tortishishga to‘g‘ri kelgan. Xo‘sh, asarni aslida kim yozgan?

Adabiy fabrika
Yozuvchi arvohlar mavjudligi tarixi dunyo kabi ko‘hna. Qadimgi Gretsiya davridan buyon badavlat yozuvchilar sal omadsizroq birodarlarini o‘zlari uchun badiiy asar yozishga yollaganlari ma’lum. Turgan gap, bunda kitob muallifi sifatida yollanma yozuvchiga jaraq-jaraq pul to‘lagan buyurtmachining nomi ko‘rsatilgan.

Jahon adabiyoti tarixchilarining fikricha, turli davrlarda yollanma yozuvchilardan foydalanganlikda Charlz Dikkens, Jyul Vern va Vilyam Shekspir gumon qilingan. Ammo eng mashhur adabiy quldor Aleksandr Dyuma hisoblanadi. Rasman uning qalamiga mansub “Uch mushketyor”, “Graf de Monte-Kristo”, “Grafina de Moneoro” va boshqa juda ko‘p mashhur asarlar nashr qilingan.
XIX asrda Aleksandr Dyuma “sex”larga bo‘lingan holda butun bir yozuvchi arvohlar fabrikasiga egalik qilgani haqida butun Fransiyada oshkora gapirilgan. Yollanma yozuvchilarning birlari asar syujetini o‘ylab topgan, boshqalari dialoglarni yozgan, uchinchilari ularni boyitgan, to‘rtinchisi esa yozilganlarni jamlab, yaxlit holatga keltirgan. Aleksandr Dyuma ijodiy hayoti davomida turli janrlarda 100 ming sahifa asar yozganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Bu yiliga taxminan ikki ming sahifani tashkil qiladi. Bunday katta hajmdagi ishni bir kishi bajarishi amrimahol.
Agar u yollagan yozuvchilardan biri “Uch mushketyor” asariga hammualliflikni da’vo qilib, sudga murojaat etmaganida, Dyumaning qora adabiy ishlari mish-mishligicha qolavergan bo‘lardi.

Vaysaqi jurnalist
Aleksandr Dyuma hayotligida uning asosiy jamoatchilik ayblovchisi taniqli fransuz jurnalisti Sharl Jan - Batist Jako bo‘ldi. Adabiy quldorlikka qarshi otashin kurashchi jurnalist o‘z maqolalarida Aleksandr Dyumaga bir vaqtning o‘zida 63 yozuvchi sutkada o‘n ikki soatlab ko‘z nurini to‘kib ishlaganini yozadi. Jurnalistning aytishicha, Dyuma ota atayin butun Parij bo‘ylab bir tiyinga zor daho yozuvchilarni izlab topib arzon garovga ishlatgan. O‘zi esa tayyor qulyozmalarni u yer-bu yerini tahrir qilib, ism-sharifini yozib nashriyotga topshirgan. Bu haqda Parijdagi barcha katta-kichik ochiqchasiga gapirgan.

Biroq chinakam momaqaldiroq sermahsul yozuvchilardan biri Ogyust Make rasman mushketyorlar haqidagi romanlar trilogiyasi va graf Monte-Kristoga mualliflik huquqini da’vo qilib chiqqach, guldiradi. Aleksandr Dyuma boshqa yollanma yozuvchilarga nisbatan unga yaxshigina haq to‘lagan.

Suddagi olishuv
Shunisi g‘alatiki, Dyumaning “qullari”dan birortasini xayoliga unga qarshi isyon ko‘tarishi kelmagan. Bunday qadamni birinchi bo‘lib Ogyust Miki tashladi. U Aleksandr Dyumaga o‘n yildan ko‘proq ishlagan, uch mushktyorlar va graf Monte-Kristo asarlari muallifligiga haqli edi. U mashhur asarlar muallifi sifatida muqovalarda Dyuma nomi yonida o‘z ism-sharifi bo‘lishini talab qildi.
Shunisi qiziqki, sud bu shov-shuvli ishni Dyumaning mashhurligi va badavlatligiga qaramay, chidam bilan ipidan ignasigacha ko‘rib chiqishga intildi. Sud Ogyust Makeni hammualliflikka da’vosini rad etdi. Ammo Dyumaga o‘zining yashirin hammuallifiga katta miqdorda tovon puli to‘lash haqida hukm chiqardi. Bu Dyuma uchun katta ma’naviy zarba bo‘ldi.

Ijodiy hamkorlik
1838 yilda ikki yozuvchi tanishib qolishdi. Ogyust Make endigina badiiy ijodda o‘zini sinab ko‘rayotgan bo‘lsa, Aleksandr Dyuma dong taratgan yozuvchi edi.

Kelajakda klassik yozuvchiga aylanajak Makening asosiy tirikchilik manbai begona adabiy asarlarning xatosini to‘g‘rilash evaziga oladigan daromadi edi. Hozirgi tilda aytganda, o‘sha asarlarni o‘quvchilar talabiga moslab berardi. O‘sha paytda Ogyust Make yozgan “Karnaval oqshomi” pesasi muvaffaqiyatli chiqmadi. Uni “Renessans” teatrida namoyish etish taklifi rad qilindi.

U do‘stlarining maslahatiga ko‘ra, Aleksanr Dyumaga murojaat qildi. Dyuma asarni nafaqat tuzatdi, balki uni teatrda namoyish etishiga ham erishdi.

O‘shandan boshlab ikkisi birgalikda ijod qilishga kirishdi. Ammo ularning birin-ketin nashr qilingan asarlari muqovasida faqat Dyumaning nomi ko‘rsatilgan edi, xolos. Ammo bir kun kelib Dyuma Makeni hammualliflikka da’vo qilishidan xavfsirardi. Shu bois 1845 yilda u Makedan “Uch mushketyor”ga hammualliflikka da’vogarlikdan voz kechgani haqida tilxat yozdirib oladi. Ehtimol, Make bu talabni rad etganida kim biladi hozirda uch mushketyorlar haqidagi trilogiyada Dyuma nomi yonida uning ham ism-sharifi turarmidi...

Shunga qaramay, Aleksandr Dyumaning mashhur asarlarni yozilishida Ogyust Makening hammualliflik qilganini isbotlovchi dalillar oz emas. Ulardan asosiylari ikki muallifning “Grafina de Monsoro”, “Qirq besh” va “Vikont de Brajelov” romanlari yaratilishidagi o‘zaro yozishmalaridir. Dyuma o‘z xatlarida asarlarning u yoki bu parchalarini nashrga ko‘rsatish uchun Ogyust Makedan tezroq yozishini talab qiladi.

Qizig‘i shundaki, mojarolar va suddan keyin yozuvchilarning har biri o‘z ijodiy yo‘llarini yakka holda davom ettirishdi, ammo ko‘zlagan maqsadlariga yetisha olmadi.

Ogyust Makega taniqlik va tadbirkorlik uquvi yetishmadi, Aleksandr Dyumani esa yolg‘iz o‘zi juda ko‘p yollanma yozuvchilar jamoasiga ega bo‘lishiga qaramay qurbi yetmadi.

 

Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.