Tarjimon, avvalo, milliy qadriyatlarimiz haqida o‘zbek tilida yaxshi gapira olishi kerak
Samarqand davlat chet tillar institutida “Milliy qadriyatlar – jamiyat ko‘zgusi” mavzusidagi ochiq darslar tashkil etilishi an’anaga aylangan.
Ingliz tili fakulteti xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda qadim qadriyatlarimiz, milliy an’analarimiz haqida talabalarga o‘zbek tilida ma’lumotlar berildi. Ular esa bu ma’lumotlarni turli tillarga tarjima qilib, sahna ko‘rinishlarida ijro etishdi.
- Samarqandga chet davlatlardan kelayotgan mehmonlar safi kundan-kunga kengayyapti, - deydi ingliz tili tarixi va grammatikasi kafedrasi mudiri Shahlo Shomurodova. - Sayyohlarni kutib olish, ularga tariximiz, an’analarimiz haqida aniq va to‘liq ma’lumot berishda gid-tarjimonlarning mahorati muhim. Afsuski, bugungi kunda tarjimonlik faoliyati bilan shug‘ullanadiganlarning ayrimlari bir-biridan qiziqarli urf-odatlarimiz, ularning paydo bo‘lishi haqida xorijliklarga chet tilida tushuntirib berishda qiynalib qolyapti. Bunday noqulayliklarning oldini olish maqsadida talabalarimiz uchun tadbirlar tashkil etyapmiz. Ular milliy qadriyatlarimiz haqida avvalo, o‘zbek, keyin ingliz, nemis, fransuz va boshqa tillarda gapirishga harakat qilyapti. Ochiq darslarda qadimiy an’analarimiz, milliy taomlar va hunarmandchilik mahsulotlarimiz, ularning tayyorlanish jarayonlari amaliy mashg‘ulotlar tarzida ko‘rsatib berilyapti.
Institutda o‘tkazilgan mazkur tadbirda qo‘l mehnati mahsulotlari va milliy liboslar ko‘rgazmasi, qadim qadriyatlarni o‘zida aks etgan turli tillardagi sahna ko‘rinishlari talabalar uchun muhim amaliyot darsi bo‘ldi.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (foto).