Yubiley to‘ylari kerakmi?
Dam olish kuni qishloqqa borib, shaharga kechroq qaytishimga to‘g‘ri keldi. Bekatga borayotganimda yonimda mashina yengil signal berib, to‘xtadi. Qarasam, institutda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan tanishim.
- Keling, aka, birga ketamiz, men ham shaharga boryapman, - dedi salom-alikdan so‘ng.
Mashinaga chiqdim. Biroz suhbatlashgach:
- Shoshilmayapsizmi? Samarqandga kiraverishdagi mahallada bir hamkasbimiz yashaydi. Bugun 60 yoshga to‘ldi. Shundoqqina besh daqiqaga kirib, tabriklab chiqaylik, aks holda o‘pkalab yuradi,.. – dedi.
“U kishi uyida bo‘lsa, ichkariga kirmay, yo‘l-yo‘lakay tabriklab o‘tsak kerak-da”, deb o‘ylab “Mayli”, dedim. Yarim soatlarda “yubilyar”ning xonadoniga yetdik. Qarasam, holat men o‘ylaganday emas ekan: kattagina hovliga stol-stul qo‘yilgan, odam ko‘p, tanish domlalar, san’atkorlar xizmatda... Noiloj kirdik. Besh daqiqada chiqamiz, deganimiz bir soatga cho‘zildi.
Yubiley to‘yida ikkita yomon manzarani kuzatdim. Birinchisi, har 20-25 daqiqada xonadon egasi - 60 yoshini nishonlayotgan kishi davrani birma-bir aylanib chiqdi. O‘tirganlar mezbonning qo‘liga qadah tutib, "Sizning sog‘lig‘ingiz uchun", deya aroq ichib, uni ham sipqorishga majbur qildi. Ikkinchi davrada "Siz ichmasangiz, biz ham ichmaymiz", degan gaplar bo‘lar, yubilyar noiloj qadah ko‘tarardi.
Ikkinchi manzarani “to‘y”dan qaytar chog‘imizda kuzatdim. Darvozaga yaqin chetroq joyda yoshi 80 dan oshgan otaxon stulda xomush, bir ahvolda o‘tiribdi. Bilsak, “yubilyar”ning otasi ekan. Ko‘rishdik, hol-ahvol so‘radik, to‘y bilan tabriklagan bo‘ldik. Ammo otaxon mehmonlarning gapini anglamas, dam-badam “Anovi musiqaning ovozini o‘chiringlar!”, der edi. Tabiiyki, yoshi ulug‘ otaxon bu “to‘y” tufayli halovatini yo‘qotgan, azob chekib o‘tirardi...
Bu holatni ko‘rib, tanishim ham bosh chayqab qo‘ydi. Mashinada manzilimizga borguncha ikkimiz ham gapirmadik. Chunki xayolimizda haligi yubilyar domlaga nisbatan “Baraka topkur, shunday nuroniy otang hayot ekan, o‘zingning 60 yilligingdan ko‘ra padari buzrukvoringning yubileyini o‘tkazsang, hurmatini qilsang, qadriga yetsang bo‘lmasmidi?”, degan gap charx urardi...
Mulohaza qilaylik: yubiley to‘y o‘tkazish kerakmi? Bu to‘y nima uchun, nima maqsadda qilinadi? 60 yoki 65 yoshini katta to‘y tarzida nishonlash o‘rinlimi? Bunday to‘ylar o‘tgan umri, hayotiy faoliyatini sarhisob qilish uchunmi yoki odamlarga yedirib-ichirish uchunmi? Hayotiy tajribaga ega bo‘lib, ko‘pchilikka ibrat ko‘rsatishga loyiq yoshda ayrim kishilarning o‘tkazayotgan bunday ma’rakalaridan yoshlar uchun, jamiyat uchun biror naf bormikan?
To‘g‘ri, ulug‘ yoshga to‘lgan kun har bir inson uchun qadrli. Bizningcha, bu quvonchni oila a’zolari bilan baham ko‘rgan ma’qul. Aks holda u o‘zini ko‘z-ko‘z qilish yoki shunga o‘xshash boshqa salbiy ko‘rinishlarga aylanib qoladi. Siz nima deysiz?
Akram Haydarov.