Odamlar qayerga shoshyapti? Yoki yana “o‘pkasi” yo‘q haydovchilar haqida
"Damas"imni yurg‘izdim-da, ikki nevaramni hamroh qilib, ish bilan Kattaqo‘rg‘onga yo‘lga chiqdim. Borishda muammo bo‘lmadi. Ammo qaytayotganimizda bir falokatdan omon qoldik.
Kattaqo‘rg‘ondan chiqib, Ishtixonning Safoxo‘ja degan joyidan o‘tayotganimizda yo‘l yoqasida mollarini o‘tlatayotgan bolaga ko‘zim tushdi. Podadan bir buzoqcha ajralib, yo‘lning qatnov qismiga chiqa boshlagach, mashinamni sekinlatib, chetga oldim. Ortimdan kelgan “Lasetti” esa to‘xtashga ulgurmay, yo‘lning ikkinchi qatoriga chiqib ketdi va unda kelayotgan boshqa mashina bilan to‘qnashdi. Bizku mayli, o‘sha ikki ulovdagi yo‘lovchilarning qanchalar qo‘rqqanini tasavvur qiling.
Televizorda ko‘p ko‘rsatishadi, o‘zim ham yo‘llarda guvohi bo‘lyapman, haydovchilarimizning madaniyati maqtangulik emas. Yo‘lga chiqsangiz, yurakni hovuchlab yurasiz. Kimdir svetoforning chiroqlarini pisand qilmaydi, boshqasi istagan joyida to‘xtab yo‘lovchi oladi, yana biri ogohlantirishsiz yo‘lingizga chiqib keladi. “Uchar” haydovchilarku bu toifalarning eng xavflisi – odamlarning hayotini pisand qilmaydigani.
Xo‘sh, ular qayerga shoshadi? Aslida muammo vaqtda emas, balki madaniyatda. Ular shu yo‘l bilan boshqalardan ustun ekanligini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi, nazarimda. Aslida, teskarisini isbotlaydi.
Taklifim, bunday haydovchilarga qat’iy chora ko‘rish kerak. Toki ular o‘zini tiyib, yo‘llarimizda xavfsizlik ta’minlansin. Farovonlik faqat uydagi muhit bilan belgilanmaydi.
Safar Mamadaliyev, Oqdaryo tumani.