Qirg‘izistonlik jurnalistlar hayratini yashirmadi
Xabar berganimizdek, mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Qirg‘iz Respublikasi ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat delegatsiya ishtirokida Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari bo‘ylab press-tur tashkil qilindi.
Qo‘shni davlatning qator yirik davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari, media sohasi vakillari keyingi yillarda ikki mamlakat rahbarlarining ochiq va pragmatik siyosatlari natijasida mustahkamlanib borayotgan O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlarining samarasi o‘laroq yurtimizga tashrif buyurdi.
– O‘zbekistonga tashrifimiz samarali o‘tmoqda, - deydi “Eksklyuziv” tahririyati muharriri Semetey Amanbekov. – Men dunyoning ko‘plab shaharlarida bo‘lganman. Ammo Samarqandga birinchi marta kelyapman. Bu yerga kelishimizdan oldin Samarqandni dunyoning eng go‘zal shaharlaridan biri, deya ta’riflashgan edi. Bugun o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, bu ta’rif bejiz emasligiga amin bo‘ldim. Ikki davlat rahbarlari tashabbusi bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yuksak bosqichda rivojlanishi ommaviy axborot vositalari faoliyatida ham aks etayotgani bizni quvontirmoqda. Dastlab o‘zbekistonlik OAV vakillari bizning yurtimizga sayohat qilib qaytishgandi. Endi biz O‘zbekiston bilan tanishyapmiz. Albatta, har ikki tomon haqidagi media materiallar o‘zaro hamkorlik aloqalarini, ayniqsa, turizmni rivojlantirishga yordam beradi.
Mehmonlar press-tur davomida Registon ansambli, Amir Temur jome masjidida ham bo‘lib, ushbu tarixiy obidalarning yaratilish tarixi bilan yaqindan tanishdilar.
– Samarqandning tarixiy obidalari bizda katta taassurot qoldirmoqda, – deydi Region telekanali muxbiri Nurzada Sidiqova. – Ayniqsa, betakror tarixiy obidalarda sayyohlarning ko‘pligi kishi hayratini oshiradi. Albatta, bugungi press-tur davomida tayyorlangan media mahsulotlar yurtimizda namoyish etilgach, ko‘plab vatandoshlarimiz Samarqand sayohatiga otlanishiga ishonaman. Eng muhimi, bu O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi.
Press-tur davomida qardoshlarimiz Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi va Shohi Zinda majmualarida bo‘lib, tariximiz, madaniyatimizga oid muhim manbalardan bahramand bo‘lishdi.