“Tracker”, “Malibu” minib qishloqdoshlari ko‘ziga qahramon ko‘rinayotganlar yoxud moddiyat epidemiyasi
Urf-odatlar, qadriyatlar, an’analar, biz e’zozlaydigan tuyg‘ular, insoniylik haqida gap ketganda negadir ular qishloqda saqlanib qolishi kerak, deb o‘ylaymiz.
Ko‘pchiligimiz o‘sha yerlarda haliyam bor, degan xayoldamiz. Aslida qishloq ham bugun boshqa hududlar singari o‘zgarib, yildan-yilga o‘zgacha qadriyatlarni o‘zlashtirib, kezi kelganda, o‘zinikini boy berishi mumkin bo‘lgan hududga aylanmoqda. Ya’ni, nima bo‘lganda ham biz yuz yillardan beri qadrlab kelayotgan qadriyatlar shaharlarda tamoman yo‘qolib, qishloqda asrab qolinadi, degan fikr bugunning manzarasiga to‘g‘ri kelmaydi.
Bunga misollar ko‘p bo‘lsa-da, ba’zilarini alohida yozgim keldi.
Uyning to‘ri kimniki?
Qishloqda gap tez tarqaldi: "Falonchining o‘g‘li ta’lim sohasida yaxshigina ishga o‘tibdi!". Birov xursand bo‘ldi - bizning qishlog‘imizdanam shunaqa obro‘li odamlar chiqyapti, deb. Yana kimdir ensasi qotdi. Kimdir oq yo‘l tiladi, xullas, bu xabarga e’tiborsiz odamning o‘zi yo‘q edi. Qizig‘i keyin bo‘ldi. Mansabga o‘tirgan falonchining otasi bir umr odmigina hayot kechirgani uchun uylari ham el qatori, oddiy qishloq uylaridan biri edi. Ko‘p o‘tmay, uy buzilib, qayta qurildi. Katta, keng darvozaxonadan avval oddiyroq, keyin yanayam qimmatroq, hashamatliroq mashinalar joy egallay boshladi. Shaharga faqat ikki-uch marta, uyam bo‘lsa davolanish uchun boradigan Falonchining onasi umr yo‘ldoshi bilan qishni shaharda o‘tkazadigan bo‘ldi. Kiyimlar, o‘zini tutish o‘zgara boshladi. Qishloqdagilar ham qaysi ma’raka bo‘lmasin, ularni beixtiyor to‘rga o‘tqazadigan bo‘lishdi.
Falonchining onasi endi boshqa ayollarga gap bermaydi. O‘g‘liga qanaqa sovg‘alar kelayotganidan tortib, mashinasini qachon yangisiga almashtirishigacha gapiradi. Boshqa ayollar ham Onaning og‘ziga ko‘zini tikib, shunday o‘g‘il tarbiyalaganiga havas qilib o‘tirishadi. Lekin negadir hech kim ushbu tizimda oylik-maoshning haminqadar bo‘lishiga qaramay, buncha hoyu-havasni qisqa fursatlarda amalga oshirayotgan «amaldor»ning pulni qayerdan olayotganini o‘ylab ko‘rmaydi. To‘g‘rirog‘i, o‘ylaydi, hatto biladiyam, lekin bundan nafratlanmaydi. Aksincha, o‘sha oilaga yaqinroq bo‘lishni istaydi, ko‘proq mulozamat ko‘rsatadi. Eng yomoni, farzandlarini ham shunday bo‘lishga undaydi. Ta’lim tizimida kichik bir joyning rahbari shuncha o‘zgarib ketdimi, nega axir, bu bizning bolalarimizning haqqi-ku aslida, deya fikr qilmaydi.
Bir paytlar qishloqning oqil keksalari sal bo‘lsa-da, o‘zligini yo‘qotgan qishloqdoshlarini izza qilgan bo‘lsa, bugun ularni ko‘tar-ko‘tar qiladi. Tanbeh bergan odam butun qishloq ichida bir zumda «ichi qora, dushman»ga aylantirib qo‘yiladi.
Quyidagi misolning esa suhbatdoshim o‘zi aytib berdi.
Otamning dakkisi
Otam bizni bir umr halol mehnati, o‘qituvchiligi ortidan katta qildi, tarbiya berdi. Kitob-qalamga mehr uyg‘onishiga ham otam sababchi bo‘lgan. Viloyatning chekka tumani bo‘lgani uchun uzoqroq maktabga qatnardik. Lekin kitob masalasida muammomiz bo‘lmasdi. Chunki esimni taniganimdan beri uyimizda mo‘’jazgina kutubxona bo‘lardi.
Otam har doim bizga yoshimizga qarab kitob tanlab berardi, uni maroq bilan o‘qib chiqardik. Ba’zi kitoblarni o‘qishga ruxsat bermasdi. Biz astoydil tirishib, otam aytgan ishlarni bajarganimizda bu kitoblarga qiyinchilik bilan erishardik. Ya’ni, hozirda ota-onalar bolasi kitob o‘qisa, mukofot bersa, biz kitob o‘qish uchun ko‘proq ishlashimizga to‘g‘ri kelardi. Kutubxonamiz uyimizning eng salobatli, hamma ham yaqinlashishga ruxsat bo‘lmagan, muqaddas bir joy edi. Tabiiyki, otamning bunday tarbiyasi bilan hammamiz maktabda yaxshi o‘qidik, oliy ta’lim muassasalarida tahsil oldik.
Yoshlikda olgan bilim, zakovatimiz tufayli bugun viloyatning eng nufuzli boshqarmalarida ishlayapmiz, shukur. Avvallari otam biz bilan faxrlanar, doim qishloqqa borganimizda nasihatlarini aytib, nevaralari bilan kitob haqida suhbatlashardi. Lekin keyingi yillarda negadir qishloqda vaziyat o‘zgarganini his qilyapman. Odamlar uy qurish, uni bezatish, turli avtomobillar sotib olishga haddan ziyod berilib ketdi. "Buning nimasi yomon, odamlarning turmush tarzi yaxshilanyapti", dersiz. Albatta, menam avvaliga shunday fikrda edim. Lekin endi atrofga nazar tashlar ekanman, ko‘p qadriyatlarimizni boy berib qo‘ymayapmizmi, deb o‘ylab qolaman.
Keling, fikrimni biroz boshqacharoq tushuntiray. Bundan o‘n yillar avval qishloqqa borsak, qishloq kattalari to‘y-ma’rakalarda nima ish qilayotganim, markazdagi ahvol - ruhiyat, siyosat haqida suhbatlashardi. Yaxshi suhbatlar bo‘lardi, o‘zim ham ulardan ko‘p narsa olardim. Lekin keyingi yillarda bu suhbatlar mavzui tobora torayib bormoqda: faqat boylik, hashamatdan gapirish urfga kirdi. Kimning qanaqa mashina olayotgani, qanaqa uy qurayotgani, qanday to‘y qilayotgani kabi maishiy mavzular obdon gaplashilyapti hozir. Qishloqda tug‘ilib, o‘sib, markazda ishlayotganlar meni yaxshi tushunadi. Bugun qishloqdan chiqib, shaharda ishlayapsanmi, ota-onangni ko‘rishga kelganingda, albatta, tagingda eng so‘nggi rusumdagi avtomobil bo‘lishi kerak. Shundagina obro‘-e’tiborga ega bo‘lasan. Aks holda hech kimsan, hech nimaga erishmagansan. Bu holatni kuzatib, ko‘nglimdan o‘tganlarini tahlil qilib yurgan paytlarim edi.
Bir jiyanim uylanadigan bo‘lib qoldi. Oilam bilan baholi qudrat sovg‘a-salom olib, qishloqqa yo‘l oldik. Mashinam oddiy, el qatori. Avval ota uyiga borib, hol-ahvol so‘rashdik, undan-bundan gaplashdik. Suhbat davomida otamning bir gapi yuragimga nashtardek tegdi. «Sen ham falonchini bolalariga o‘xshab, «Treker»larda kelsang bo‘lmaydimi, bolam. O‘shalardan kam joying yo‘q-ku, axir. Obro‘li joyda ishlasang, nahotki shuncha paytdan beri eski «Neksiya» minib yurasan?!», dedilar. Shu inson mening otammi, deya hayratda qoldim. O‘zlari bir umr bizga halol luqma yedirgan, halollikni bosh mezon qilib tarbiyalagan, bizlarni ham shunday bo‘lishga undagan inson – Otamdan bu so‘zlarni kutmagandim. Otaga qarshi fikr bildirish nojoizligi bizda odob darajasida shakllanib qolgan. Ammo shunday bo‘lsa-da, «Ota, nahotki shu gaplarni siz aytayotgan bo‘lsangiz?!», dedim.
Keyin o‘ylab qoldim, yo‘q, bu so‘zlarni otam emas, yildan-yilga qishloqlarga ham kasallik darajasida kirib borayotgan hashamat epidemiyasi gapirayotgan edi. Qanday bo‘lmasin, «Treker», «Malibu» minib qishloqdoshlarining ko‘ziga qahramon ko‘rinayotgan va ularni beixtiyor qishloqning to‘riga olib chiqayotgan odamlar aytayotgandi bu so‘zlarni. Ming yildan beri odmilik, halollikka sig‘inguday odamlarni ham domiga tortib ketayotgan moddiyat gapirayotgandi bu so‘zlarni…
Gulruh Mo‘minova.