Mol-mulk va yer soliqlarida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Yangi tahrirda qabul qilingan Soliq kodeksi bilan jismoniy shaxslardan undiriladigan mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha o‘zgarishlar amaliyotga kiritildi.
Jumladan, eski tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan mamlakatimiz hududida joylashgan uy-joylar, kvartiralar, dala hovli imoratlari, garajlar va boshqa imoratlar, joylar, inshootlar soliq solish ob’yekti sanalgan. Endilikda ular safiga tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun mo‘ljallangan yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk ob’yektlari, qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo‘ljallanmagan ob’yektlar kiritildi.
Yangi tartibga muvofiq, soliqni hisoblab chiqarish maqsadida soliq bazasi 42 million so‘mdan kam bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi. Soliq imtiyozlari bo‘yicha ham o‘zgarish kiritilganini ta’kidlash lozim. Xususan, endilikda energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan turar joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanadigan energiya manbalari o‘rnatilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi. Mazkur imtiyoz energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan holda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida energiya ta’minoti tashkilotlari tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida taqdim etiladi.
Mol-mulk va yer soliqlarini hisoblab chiqarish hamda to‘lash tartibi ham o‘zgardi. Ilgarigi tartibga ko‘ra, mol-mulk va yer soliqlarini to‘lash to‘g‘risidagi to‘lov xabarnomasi fuqarolarga 1 maydan kechiktirmasdan topshirilgan. Endilikda ushbu muddat 1 mart etib belgilandi. Shuningdek, soliqni to‘lash tartibi teng ulushlarda 15 aprelga va 15 oktyabrga qadar amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 62-bobi, 437-moddasining 7-bandida yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda, soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining uch baravari miqdorida hisoblanishi belgilandi.
Jamshid Narziqulov,
Samarqand viloyati davlat
soliq boshqarmasi xodimi.