Moldovada o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida Mayya Sandu xonim g‘alaba qozondi

Moldova sobiq bosh vaziri, “Harakat va birdamlik” partiyasi yetakchisi Mayya Sandu mamlakat prezidentligi uchun o‘tkazilgan saylovlarning ikkinchi bosqichida g‘alaba qozondi. Bu haqda 16 noyabr kuni Moldova markaziy saylov (MSK) komissiyasi ma’lum qildi.

Mayya Sandu 57.75 foiz ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Uning raqibi, mamlakatning amaldagi prezidenti Igor Dodon 42.25 foiz ovoz yig‘a oldi.

Saylovlarning ikkinchi bosqichi 15 noyabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tdi. Fuqarolar kelgusi to‘rt yil uchun mamlakatga rahbar sayladilar. Moldova qonunchiligiga binoan, ellik foizdan ko‘p ovoz olgan nomzod g‘olib bo‘ladi.

Moldova MSK rahbari o‘rinbosari Vladimir Sharbanning ma’lum qilishicha, saylovlar davomida jiddiy qoidabuzarliklar kuzatilmagan.

Mamlakatning amaldagi prezidenti Igor Dodon o‘z mag‘lubiyatini tan oldi va Mayya Sanduni g‘alaba bilan tabrikladi.