Moldovada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Bugun tongda Moldova Respublikasida prezidentlik saylovlarida ovoz berish uchun saylov uchastkalari butun mamlakat bo‘ylab ochildi. 1 noyabr, yakshanba kuni respublika aholisi kelgusi to‘rt yillikdagi davlat rahbarini saylaydi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi. 

Soat 7.00 da (Toshkent vaqti bilan 10.00) Moldova hududida 2 mingdan ortiq saylov uchastkalari ish boshladi, yana 139 ta saylov uchastkasi xorijiy davlatlarda tashkillashtirilgan. Ovoz berish punktlarida kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Pandemiya xavfi tufayli barcha saylovchilarga himoya niqoblari taqdim etilmoqda. 

Joriy yilda Moldovada o‘tkazilayotgan prezidentlik saylovlarini 1900 ga yaqin mahalliy va 309 nafar xalqaro kuzatuvchi kuzatib boradi. Moldova qonunchiligiga binoan, ro‘yxatga kiritilgan saylovchilarning yarmidan ko‘p ovozini olgan nomzod prezidentlik saylovlarida g‘olib hisoblanadi. Agar ovozlar 50 foizdan kam bo‘lsa, ikki haftadan so‘ng ikkinchi tur bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi turda kim ko‘p ovoz olsa o‘sha nomzod g‘olib deb e’lon qilinadi.