Moliya vazirligi Qurilish vazirligining “Land Cruiser 200” sotib olishiga e’tiroz bildirdi

Moliya vazirligiga 2020 yil 7 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihasi kelishish uchun kelib tushdi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Mazkur farmoyish loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida “Land Cruiser 200” rusumli avtomashinasi xaridini istisno tariqasida tanlovlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirish vazifasi yuklatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunining maqsadi davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonunning 4-12-moddalarida davlat xaridlarining asosiy prinsiplari belgilangan bo‘lib, mazkur prinsiplar davlat xaridlari jarayonining barcha bosqichlarida qo‘llanilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi PF-5780-sonli Farmoni 27-bandida vazirlik va idoralar, shuningdek, xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda istisno tarzida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish taqiqlangan.

Farmoyish loyihasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida davlat xaridini amalga oshirish bo‘yicha kiritilgan norma davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga zid bo‘lganligi sababli, shuningdek, davlat xaridlarini ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik, moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi kabi prinsiplarga tayangan holda amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida ushbu normani chiqarib tashlash bo‘yicha Moliya vazirligining taklifi bildirildi.