Mo‘miyo. Markaziy Osiyo tog‘laridagi bu noyob dorivor aslida nima? U qanday topiladi?
Afsonalarga ko‘ra, osmono‘par qorli tog‘larda ulkan tosh odamlar yashar ekan. Ular yig‘laganda, tog‘ bag‘riga yumalagan ko‘z yoshlari qotib, dunyodagi barcha kasalliklarga davo shifobaxsh balzamga aylanar ekan. Ulkan odamlarning ko‘z yoshlarini ko‘rish hammaga ham nasib qilmas, ammo uni topib olgan kishi dunyodagi eng sog‘lom va kuchli insonga aylanar ekan.
Bu afsona turli xalqlarda brag-shun, tog‘ ko‘z yoshlari, tog‘ mumi, tosh yog‘i, mo‘miyoi asil, chao-tun deb ataladigan tabiiy dorivor – mo‘miyo haqida. Mo‘miyo qadim tibbiyotda dorivor sifatida bundan 100 ming yil avval ma’lum bo‘lgan. Mo‘’jizakor vosita haqida O‘rta Osiyo, Hindiston, Falastin, Kichik Osiyo va Yunoniston xalqlari qo‘lyozmalari va tibbiy traktatlarida yozuvlar uchraydi. O‘rta Osiyo, Eron, Tibet va Xitoy xalq tabobatida dorivor maqsadlarda qadimdan qo‘llanib kelingan.
Miloddan avval yashab o‘tgan Arastu mo‘’jizaviy mo‘miyoning shifobaxsh xususiyatlarini batafsil tasvirlagan va uni tug‘ma karlikda, burundan qon ketishida davo sifatida tavsiya qilgan. Abu Bakr Robiy al-Buxoron bu ajoyib malhamni mukammal davolovchi vosita deb atagan. U mo‘miyoni asal bilan birgalikda qo‘llash tibbiyotda mo‘’jiza yaratadi degan. Muhammad Zakariyo al-Roziy tog‘ qatroni falajni va bosh aylanishini davolashini yozadi. Abu Rayhon Beruniy suyak sinishida mo‘miyodan yaxshisi yo‘q deya ta’kidlab o‘tgan. Buyuk fotih Iskandar Zulqarnaynning «tog‘ ko‘z yoshlari» bilan davolangani haqidagi gaplar asrlardan-asrlargacha yetib kelgan. Ibn Sino o‘zining «Tib qonunlari» kitobida mo‘miyoni me’dani mustahkamlaydigan, nafas olishni yengillashtiradigan mukammal dori deb tavsiflagan.
Fors shohi Faridun davrida tabiblar mo‘miyoning haqiqiyligini biologik yo‘l bilan aniqlashgan. Buning uchun mayda jonivorlarning singan jarohatlariga mo‘miyo va atirgul yog‘i aralashmasidan surtib qo‘yishar, agar mo‘miyo sifatli bo‘lsa siniq joylar bir kecha kunduzda bitib ketar ekan. Arastu ham mo‘miyodan avval uning sifatini aniqlab so‘ng foydalanishni tavsiya etgan. Yangi so‘yilgan qo‘yning jigarini bo‘laklab, so‘ng bo‘laklarga mo‘miyodan surtib birlashtirishgan, agar mo‘miyo asl bo‘lsa, jigar bo‘laklari bir-biriga yopishib qolar ekan.
Bugungi kunda olimlar mo‘miyo tarkibida inson organizmi uchun muhim bo‘lgan 80 dan ortiq moddalar, 30 ga yaqin kimyoviy elementlar, aminokislotalar, metall oksidlari, fermentlar, gormonlar va boshqa moddalar borligini aniqlashdi. Mo‘miyoning formulasini chiqarish juda mushkul. Mo‘miyo – suvda eriydigan organik va noorganik moddalarning g‘aroyib va sirli aralashmasi. Boshqa istalgan dorivor tarkibida bir nechta elementlar mavjud bo‘lsa, mo‘miyoda Mendeleyev jadvalining yarmi mujassam.
Mo‘miyo qoyalar yoriqlaridan sizib chiqadigan qatronsimon modda, murakkab biologik tabiiy mahsulot. Mo‘miyo xamirday muloyim, ta’mi achchiq va ba’zan toza qora shokolad ta’mini eslatadi. U tilla rang, kumush rang, mis rang va qoramtir-qo‘ng‘ir tusda bo‘ladi. O‘rta Osiyoda qoramtir-qo‘ng‘ir mo‘miyo keng tarqalgan.
Manbalarga qaraganda, mo‘miyo dengiz sathidan 3500-5000 metr balandlikdagi yuqori tog‘ qoyalarida uchraydi. Bu tabiiy malham asosan janubiy tog‘ tizmalarida, yog‘ingarchilik yiliga 400-600 millimetrni tashkil etadigan, quyosh radiatsiyasi yuqori, kuchli shamollar esib turadigan, havo harorati keskin tebranuvchi joylarda hosil bo‘ladi. Mo‘miyo o‘zi uchun g‘orlar, qoya yoriqlari, bo‘shliqlarni maskan qilib tanlagan.
Mo‘miyoning kelib chiqishi haqida juda ko‘p fikrlar mavjud. Fanda o‘rganilgunga qadar mo‘miyoning tog‘larda hosil bo‘lishi va noorganik tarkibi tufayli u oltin, kumush, mis, temir kabi elementlar qatorida turadi deb taxmin qilingan. 20 chi asrning ikkinchi yarmida mo‘miyo g‘orlarda yashaydigan ko‘rshapalaklar va boshqa mayda kemiruvchilarning hayot faoliyati chiqindilari, ya’ni axlatlaridan hosil bo‘lgan degan fikrlar yuzaga chiqdi. Tog‘ mumining boy tarkibini jonzotlarning dorivor giyohlarni iste’mol qilishi bilan bog‘lashgan. Zamonaviy tushunchalar bo‘yicha esa mo‘miyo o‘simliklardan hosil bo‘ladi, ya’ni dorivor o‘simliklar qoldiqlari chirib qotishi natijasida mo‘miyoga aylanadi deb hisoblashadi. Ko‘pchilik olimlar hayvon chiqindilari qoldiqlari, o‘simlik chirindilari va asalari zahri fragmentlari qo‘shilib, bu biomassaning tog‘ iqlimida tabiiy ravishda qayta ishlanishi natijasida mo‘miyo hosil bo‘ladi degan fikrda. O‘zbek va qirg‘iz olimlari ko‘p yillik tadqiqotlardan so‘ng bu tog‘ balzami baland tog‘ tizmalarida yashovchi kumushrang mitti dala sichqonlarining axlatlaridan hosil bo‘ladi degan fikrga kelishgan. Dala sichqonlari turli tog‘ o‘tlari bilan oziqlanadi va organizmda to‘liq hazm bo‘lmagan elementlar axlat bilan chiqadi, tog‘ sharoitida bu ajralmalar tog‘ jinslari bilan boyiydi, qimmatli mo‘miyoga aylanadi.
5 asrga oid «Judshi» kitobida shunday yoziladi: «O‘z bag‘rida qimmatbaho xom ashyolarni yashirgan baland qoyalarda shu moddalar bilan oziqlanadigan g‘aroyib mitti sichqonlar yashaydi va ularning hazm ajralmalari Brag-Shunga aylanadi». Qadim kitoblarda Brag-Shun deb atalgan mo‘miyo tarkibi shu tariqa oltin, kumush, mis, temir yoki qalay zarralarini saqlaydi. Masalan, oltin mo‘l joylardan topilgan mo‘miyoning rangi qizg‘ish-sariq bo‘lib, shirin-nordon ta’mga ega.
1955 yilda o‘zbek olimi, tibbiyot fanlari doktori, tajribali jarroh Odil Shokirov etnografik tadqiqotlar va qadimiy tibbiy qo‘lyozmalar asosida mo‘miyoi asilning farmakologik xususiyatlarini o‘rganishga kirishadi. 1976 yilda mo‘miyo suyak sinishlarini kompleks davolashda foydali dorivor deb topiladi. Doktor Shokirov lat yegan, singan suyaklarni davolashda mo‘miyodan foydalanish sir-asrorlarini ilmiy jihatdan asoslab berdi.
Mo‘miyo yig‘ib olinadigan joylar butun dunyo bo‘yicha bir nechta – u Kavkaz, O‘rta Osiyo, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Nepal, Eron, Birma tog‘laridan topilgan. Bugungi kunda eng yaxshi sifatli mo‘miyo Oltoy mo‘miyosi hisoblanadi. Hudud jug‘rofiyasi keng bo‘lsa-da, mo‘miyo bor joylarni aniqlash ancha mushkul va bu qimmatli dorivorning zaxirasi unchalik katta emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, Oltoy tog‘laridagi mo‘miyo resurslari 250 tonnani tashkil qilar ekan.
Unda inson organizmi uchun foydali bo‘lgan elementlarning eng ko‘p miqdori jamlangan. Oltoy tog‘larida topilgan mo‘miyo bo‘laklari o‘rganilganda ularning yoshi 130 yildan 900 yilgacha ekanligi ma’lum bo‘lgan. Chiqish mushkul baland qoyali tog‘larda uchragani va xom ashyoni yig‘ib olish mashaqqati, tarkibining qimmatli elementlarga boyligi tufayli asl mo‘miyoning narxi ham yuqori. Mo‘miyoni yig‘ish bilan shug‘ullanadigan mahalliy aholining o‘zi ham uning organizmni chiniqtiruvchi, qiyin sharoitlarga moslashishda yordam beruvchi xususiyatidan foydalanishadi.
Mo‘miyoning qora rangdagi, sirti yaltiroq, yengil neft hidlisi eng yaxshisi deb hisoblanadi. Bu dorivor suvda yaxshi eriydi, shuning uchun uni oldindan suvda, sutda, sharbat yoki choy bilan ichga qabul qilish, tomchilar, krem, mazlar ko‘rinishida sirtga qo‘llash mumkin. Mo‘miyo yuqori biostimulyator xususiyatga ham ega. Uning ta’sirida organizmda almashinuv jarayonlari faollashadi, eritrotsitlar soni ortib, qondagi gemoglobin miqdori ko‘payadi.
Tog‘ dorivori mikroblarga qarshi ta’sirga ega, organizmning himoya kuchlarini oshiradi, yuqumli kasalliklar, shamollash bilan bog‘liq xastaliklar – angina, suyak sili, zamburug‘li kasalliklar, ekzemalarning ayrim turlarini davolashda qo‘llaniladi. Mo‘miyo aralashmasida stafilokokklarning nobud bo‘lishi tajribalarda isbotlangan. Buyurilgan dozada to‘g‘ri qabul qilinganda mo‘miyo organizmni mustahkamlovchi, tetiklashtiruvchi va davolovchi bezarar vosita deb hisoblanadi.
Zilola Omonova tayyorladi.