Mono ip va do‘lga qarshi himoya to‘ri Jomboyda ishlab chiqarilmoqda

Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, investitsion muhitning yaxshilanib borayotgani hududlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, iqtisodiyotimiz barqarorligini ta’minlash bilan birga aholining turmush tarzini yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatini ham bermoqda.
Darhaqiqat, bugun sanoat sohasiga istiqbolli loyihalarni tatbiq etmasdan turib, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, mahsulotlar turini ko‘paytirish, ularning sifatini yaxshilash, eksport hajmini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish qiyin. Shu bois keyingi yillarda Jomboy tumanida ham sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, tarmoqqa zamonaviy texnologiyalarni keng tatbiq etish evaziga yangi turdagi, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Aniq raqamlarga e’tiborimizni qaratsak, Jomboy tumanida joriy yilning yanvar-may oylarida faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalari tomonidan 722,5 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga erishildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 67,9 foizni tashkil etdi. 163,8 milliard so‘mlik iste’mol tovarlari ishlab chiqarilib, 2019 yilning yanvar-may oyiga nisbatan 87,9 foizga yetdi.
Yirik kompaniyalar iqtisodiyot lokomotivi
Jomboy tumanida olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar natijalari “B-MAX PLASTIC-GROUP” kompaniyasi va uning tarkibidagi korxonalar misolida ko‘zga tashlanadi. Kompaniya qoshida qurilish materiallari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi 5 ta korxona faoliyat olib boradi.
“B-MAX BUILDING MATERIALS” mas’uliyati cheklangan jamiyatida marmar toshdan 20 turdagi mahsulot tayyorlanadi. Ayni paytda mazkur korxonada qurilish sanoati uchun zarur bo‘lgan gipsli qorishmalar, keramik plitalar uchun yelimlar hamda turli markadagi kukunli mikrokalsitlar ishlab chiqarilmoqda. Albatta, bugungi taraqqiyot davrida ichki bozorda mazkur turdagi mahsulotlarga talab ortib bormoqda. Korxona sexlarida bir oyda 3 yarim ming tonna quruq gips asosli aralashmalar, 4 ming tonna g5, g7 markadagi gipslar hamda 4 ming tonna mikrokalsitlar tayyorlanayotgani uning ishlab chiqarish quvvati nechog‘lik yuqori ekanini bildiradi.
Bu yerga xorijiy davlatlardan so‘nggi rusumdagi laboratoriya jihozlari hamda tosh maydalash uskunalari keltirilgan. Tayyorlangan mahsulotning asosiy qismi ichki bozorga chiqariladi. Shuningdek, yaqin qo‘shni mamlakatlarga ham eksport qilinadi.
- Korxonamizning yirik uchta sexida tayyorlanayotgan mahsulotlar zamonaviy texnologiyalar yordamida tayyorlanadi, - deydi “B-MAX BUILDING MATERIALS” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Nodir Mavlonberdiyev. - Sexlarga Turkiya, Germaniya davlatlarining zamonaviy, energotejamkor uskunlari o‘rnatilganligi mahsulot sifatiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazyapti. Quvonarlisi, ushbu texnologiyalarni qishloq yoshlari boshqarmoqda.
Bundan tashqari, ushbu mahsulotlardan kompaniya qoshidagi boshqa korxonalarda xom ashyo sifatida foydalanadi. Masalan, bu yerda toshdan olingan mahsulotlardan biri bo‘yoq uchun xom ashyodir. Bugungi shiddatli davr har birimizdan izlanishni, yangiliklarga intilib ishlashimizni taqozo etadi. Albatta, tadbirkorlik su’bektlarining har tomonlama qullab-quvvatlanayotgani, berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar, yengilliklar ularni yangi-yangi manzillar sari yetaklamoqda. Shulardan kelib chiqqan holda, korxona faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida lak-buyoq ishlab chiqarish quvvatiga ham asos solingan. “B-MAX PAINTS” korxonasida ana shu bo‘yoqlar ishlab chiqariladi. Bu yerda 60 nafarga yaqin yoshlar mehnat qilmoqda.
- 2019 yil aprel oyidan boshlab mahsulot ishlab chiqara boshlaganmiz, - deydi korxona bosh direktori Ma’ruf Ro‘ziyev. - Xorijdan keltirilgan eng so‘nggi rusumdagi uskunalar yordamida suv va alkit smolasi asosida 60 turdagi bo‘yoq tayyorlayapmiz. Asosiy xom ashyolardan biri alkit smolasi ham o‘zimizning korxonada ishlab chiqarilmoqda.
“B-MAX GRANULA” mas’uliyati cheklangan jamiyatida esa polimer sanoati uchun zarur bo‘ladigan xom ashyolarning qo‘shimcha komponentlari tayyorlanmoqda. 15 turdagi ana shunday komponentlar bugungi kunda yelim qop va paketlar, polimer quvurlar, qadoqlash jihozlari ishlab chiqarishda nihoyatda zarur ashyo sanaladi. 2018 yilda o‘z faoliyatini boshlagan korxonada yaqinda 700 ming AQSh dollari miqdoridagi yangi loyiha ishga tushirilib, lak-buyoq mahsulotlari uchun zarur bo‘ladigan qadoqlash idishlari ishlab chiqarish yo‘lga quyildi. Ahamiyatlisi, ushbu idishlar korxona sexlarida ranglanib, mijozlar talabi asosida tayyorlanib yetkazib berilmoqda.
- Tayvand davlatidan olib kelib o‘rnatilgan zamonaviy uskunalar yordamida bu yerda oyiga 60 ming dona qadoqlash idishlari ishlab chiqarilmoqda, - deydi korxona direktori o‘rinbosari Navro‘z Jalolov. -Zamonaviy uskunalar esa tejamkorligi, ish samaradorligi yuqoriligi bilan ajralib turadi. Muhimi, yangi sex ish boshlashi bilan o‘nga yaqin qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratildi.
Qurilish materiallari ishlab chiqarilayotgan ushbu korxonalar tarmog‘i tizimida qiymati 23 milliard so‘m bo‘lgan Samarqand ekspormarkazining ham qurilish ishlari jadal su’ratlarda davom etmoqda. Joriy yilning oxirida ishga tushishi kutilayotgan mazkur markaz bemalol viloyat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalari mahsulotlari ko‘rgazmalarini o‘tkazish imkonini beradi.
Kichik sanoat zonalari iqtisodiyot rivojining kafolati
Hududlarda bo‘sh turgan va samarasiz foydalanib kelinayotgan bino va inshootlar o‘rnida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi istiqbolli loyihalarni ishga tushirish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida sanoat zonalarining tashkil qilinayotgani hududlar infratuzilmasi va iqtisodiyotini barqarorlashtirishga zamin yaratmoqda. Shu maqsadda Jomboy tumanidagi bo‘sh turgan bino o‘rnida kichik sanoat zonasi tashkil qilinib, 5,3 gektar yer maydoni “MAROQAND MEVA-SABZAVOT” ma’suliyati cheklangan jamiyatiga “Intensiv bog‘dorchilik jihozlari va meva-sabzavot mahsulotlari saqlash idishlari ishlab chiqarish loyihasi”ni amalga oshirish uchun ajratib berildi. Ushbu hududda, jami 5,5 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiyalar kiritish evaziga 8 ta loyihani ishga tushirish va uning negizida 170 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.
- Bugungi kunda hududda 3 ta lordda asbob uskunalar va xom ashyo xarid qilish hamda qurilish montaj ishlariga jami 4,7 million AQSh dollarilik investitsiyalar kiritildi, - deydi “MAROQAND MEVA-SABZAVOT” ma’suliyati cheklangan jamiyati direktori Shuhrat Jalolov. - Buning natijasida 7 ta loyiha to‘liq ishga tushirildi. Ular negizida 146 ta yangi ish o‘rinlari tashkil qilindi.
Kichik sanoat zonasida ish boshlagan yangi sexda Turkiya davlatidan beton ustunlar ishlab chiqarilishida foydalaniladigan diametri 5 millimetr bo‘lgan sim ishlab chiqarish hamda bog‘ atrofini o‘rash uchun temir panjaralar ishlab chiqarish uskunasi keltirilib, to‘liq ishga tushirildi. Natijada, qo‘shimcha 18 nafar yoshlar ish bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, qiymati 753 ming AQSh dollari bo‘lgan 4 ta loyiha asosida intensiv bog‘dorchilik uchun plastmassa jihozlar, tomchilab sug‘orish tizimlarining jihozlari, plastmassa idishlar hamda sim kanatlari ishlab chiqarish yo‘lga quyildi. Shular asosida 24 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, qiymati 1 million AQSh dollariga teng bo‘lgan yana bir loyihaning ishga tushirilishi evaziga mono ip hamda dulga qarshi himoya turlari ishlab chiqarila boshlandi. Bu bilan 60 nafar xotin-qizlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishdi.
Kichik sanoat zonasining keyingi bosqichida 780 ming Yevroga teng bo‘lgan loyihaga ko‘ra, Italiyadan keltirilgan uskunalar yordamida sutkasiga 1800 dona beton ustunlar, ya’ni shpalerlar tayyorlash quvvati ishga tushish arafasida. Jomboy tumanida tashkil qilingan kichik sanoat zonasidagi loyihalarni joylashtirish binolari ham bugungi kun talabidan kelib chiqib barpo qilinmoqda. Ya’ni, ishlab chiqarish quvvatlari yengil konstruksiyali, arzon va sifatli qurilish materiallari yordamida qurilgan binolarga joylashtirilmoqda. Umuman olganda tumanda xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb qilgan holda yangi loyihalarni amalga oshirish, kichik sanoat zonalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, buning evaziga esa ichki va tashqi bozorni sifatli, arzon mahsulotlar bilan ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor hududning eksport salohiyatini yanada yuksaltirish imkonini bermoqda.
Abdulaziz YO‘LDOShEV.