Moskvada qiyin vaziyatda qolgan 6 yoshli bola O‘zbekistonga olib kelindi

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil 19 yanvar kuni Moskva viloyati Ta’lim vazirligining Dmitrovsk shahar okrugi bo‘yicha Vasiylik va homiylik boshqarmasidan onasi M.K.ning vafoti tufayli og‘ir vaziyatda qolgan voyaga yetmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi X.I. (2014 yil tug‘ilgan) haqida axborot olingan.

Elchixona tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida voyaga yetmagan fuqaroni vatanimizga qaytarish masalasi ishlab chiqildi.

Xayriya mablag‘lari hisobidan «Uzbekistan Airways» aksiyadorlik jamiyatining «Moskva-Toshkent» yo‘nalishidagi reysga aviachipta sotib olindi. X.I.ning O‘zbekistondagi qarindoshlari bilan aloqa o‘rnatilib, ularga voyaga yetmagan vatandoshimizning respublikaga qaytib kelish sanasi va vaqti ma’lum qilindi. X.I.ni aeroportda O‘zbekiston vasiylik organlari vakillari tomonidan kutib olinishi haqida kelishuvga erishildi.

X.I. «Uzbekistan Airways» AJ bort kuzatuvchilari hamrohligida O‘zbekistonga olib kelindi.