Moskvada Yangi yil bazmlari bekor qilindi
Koronavirus pandemiyasi sababli bu yil Moskvada Yangi yil bazmlari va boshqa ommaviy tadbirlar bekor qilindi, deya xabar beradi tezkor shtab Telegram kanali.
«Moskva hukumati tomonidan joriy etilgan Yangi yil bazmi cheklovlari achinarli, albatta. Ammo hozirgi epidemiologik vaziyatda o‘ta zarur tadbir. Biz avvalo, odamlar hayoti va sog‘lig‘iga g‘amxo‘rlik qilishimiz kerak", dedi shahar meri Sergey Sobyanin "Rossiya 24" telekanali orqali.
“Shahar aholisiga Yangi yil arafasida ko‘chalarda sayr qilishga ruxsat beriladi. Lekin pandemiya sharoitida minglab insonlar ishtirok etadigan Yangi yil bazmlari va Rojdestvo yarmarkalarini o‘tkazish oqilona bo‘lmasdi”, deya afsus bilan ta’kidladi mer.
Moskvada yangi yil ommaviy tadbirlari va tantanalarini bekor qilish cheklov choralari 15 yanvargacha amal qiladi. Hokimlikda ikki-uch hafta ichida yangi cheklovlarni joriy etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilish ko‘zda tutilmoqda.
Moskva hukumati shuningdek, yangi cheklovlar joriy etilishi munosabati bilan moskvaliklarning boshqa savollariga ham javob berdi.
Shunday qilib, maktab o‘quvchilari va masofadan o‘qiyotgan talabalarga shahar bo‘ylab harakatlangani uchun jarima solinmaydi. Ammo ularga imkon qadar uyda o‘tirish tavsiya etiladi. Korporativ tadbirlarni o‘tkazishda sanitariya-epidemiologik tartib buzilgan taqdirda tashkilotlar jarimaga tortiladi. Dam olish uylari va mehmonxonalarda mehmonlar sonini cheklash rejasi yo‘q. Cheklovlarga rioya etilishi politsiya va ma’muriy-texnik nazorati uyushmasi xodimlari tomonidan nazorat qilinadi.