Moturidiy va Mahdumi A’zam qadamjosi obod bo‘ladi, yangi ob’yektlar va uy-joylar barpo etiladi

Viloyat hokimligi, viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi hamkorligida Imom Moturidiy va Mahdumi A’zam ziyoratgohlarini rekonstruksiya va restavratsiya qilish, shuningdek, viloyatda barpo etilayotgan loyihalar bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Dastlab kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur Moturidiyning Samarqand shahridagi majmuasi bilan tanishildi. Yaqinda davlatimiz rahbari Samarqandga tashrifi davomida Imom Moturidiy majmuasida qurilish va ta’mirlash ishlarini olib borish, Oqdaryo tumanidagi naqshbandiya ta’limotining rahnamolaridan biri Mahdumi A’zam qadamjosini ta’mirlash va obodonlashtirish haqida aytib o‘tgan edi.
Dunyo musulmonlarining 70 foizi Moturidiy ta’limoti asosida Islom diniga e’tiqod qiladi
- Ushbu maqbara 2000 yilda Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan buyuk imom, faqih, kalom ilmining sohibi, Moturidiya ta’limotining asoschisi Abu Mansur Moturidiy, al-Xanafiy, as-Samarqandiy sharafiga bunyod etilgan, - deydi Imom Moturidiy majmuasi rahbari Ulug‘bek Amirov. - Moturidiy 870 yilda Samarqandning Moturid qishlog‘ida tavallud topgan va umrining oxiri (944 yil)ga qadar shu yerda yashagan. Madinadagi Boqe’a va Makkadagi Mu’allo qabristonlaridan keyingi uchinchi o‘rinda turadigan Chokardiza qabristoniga dafn etiladi. Bu manzilda yuzlab ulug‘ allomalar, sayyidlar, shayxlar, imomlar va g‘oziylar dafn qilingan.
Moturidiy Imom A’zam Abu Hanifa mazhabini rivojlantiradi, Islom dinini turli oqim va guruhlarga bo‘linib ketishini oldindan ko‘ra olgan va uni oldini olishga uringan ilohiyot ilmining asoschilaridan biri bo‘lgan. Dunyo musulmonlarining 70 foizi al-Moturidiy ta’limoti asosida Islom diniga e’tiqod qilishi olim yaratgan "Moturidiya" ta’limot maktabi g‘oyalarining qanchalik ahamiyatli ekanidan dalolat beradi.
Prezidentimiz qaroriga ko‘ra, bu yil yurtimizda alloma tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanadi. Qayd etilganidek, Moturidiy majmuasida 1500 kishiga mo‘ljallangan jome masjid, ma’muriy bino qurilishi ko‘zda tutilgan. U yerda kutubxona, majlislar zali, innovatsion muzey hamda mutaxassislar uchun xonalar bo‘ladi. Majmua yaqinida ziyoratchilar uchun avtoturargoh, tahoratxona quriladi. Albatta, bu ezgu ishlar Moturidiy bobomizning boy ilmiy-ma’naviy merosi va ta’limotini chuqur o‘rganish, tadqiq etish hamda mamlakatimizda islom qadriyatlarini asl holatda targ‘ib qilish va sof aqidaviy yo‘nalishni keng yoyishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mahdumi A’zam payg‘ambarlar avlodidan bo‘lgan(mi?)
Oqdaryo tumanidagi Mahdumi A’zam qadamjosidamiz. Bu zot 1461 yilda Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida tug‘ilgan. Manbalarga ko‘ra, Mahdumi A’zam hazratlari 21 ajdod bilan payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga yetib boradi, ya’ni payg‘ambar avlodidan. Yoshlik chog‘larida Farg‘onadagi madrasada savod chiqarib, Samarqandda Xoja Ahror Valining shogirdi mavlono Muhammad Qoziy qo‘lida pirlik darajasiga yetishadi. Keyinchalik o‘zi tariqat ilmiga doir 40 ziyod asar yozadi va 60 nafar shogirdini pirlik darajasiga yetkazadi. Bu zotga ilm va din yo‘lidagi xizmatlari uchun Mahdumi A’zam unvoni beriladi. A’zam arabchada ulug‘ ma’nosini bildiradi, ya’ni alloma ulug‘lik darajasiga erishgan. 1542 yilda 81 yoshida Samarqandda vafot etgan. Majmua Mahdumi A’zamning nabirasi Xo‘ja Hoshim davrida 1618 yilda Samarqand shahar hokimi Yalangto‘sh Bahodir tomonidan bunyod etilgan.
Alloma mangu qo‘nim topgan ziyoratgoh Prezidentimiz tashabbusi bilan rekonstruksiya qilinadigan bo‘ldi. Mahdumi A’zam ziyoratgohining umumiy maydoni 4,7 gektarni tashkil etadi. Maqbara yonida uch qavatli avtoturargoh, tahoratxona, masjidga qo‘shimcha ayvonlar qurilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, hududda obonlashtirish ishlari olib borilib, ziyoratchilar uchun dam olish maskanlari ham barpo etiladi.
180 ming aholi uchun zamonaviy shaharcha barpo etilmoqda
Keyingi manzil Shirin direksiyasi bo‘ldi. “Shirin” biznes shahri Samarqandning shimoliy qismida, Zarafshon daryosi bo‘yida joylashgan. Umumiy maydoni 665 gektarni tashkil etadi. Loyiha 180 ming nafar aholi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, turarjoy hududlari, ma’muriy va biznes markazlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, shuningdek, zamonaviy transport va muhandislik kommunikatsiyalarini o‘z ichiga oladi. Shahar qurilishi Samarqand mintaqasini rivojlantirishga qaratilgan urbanistik strategiyaning bir qismi bo‘lib, zamonaviy me’moriy yechimlar va ilg‘or qurilish texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Loyiha yuqori darajadagi energiya samaradorligi va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan.
- Shaharning energiya ta’minotining 30 foizi quyosh panellari, 60 foizi suv va chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalaridan foydalangan holda ta’minlanadi, - deydi Shirin direksiyasi bosh muhandisi Botir Pardayev. - Shuningdek, shaharchada kogeneratsiya qurilmalari joriy etiladi. Ushbu tizimlar bir vaqtning o‘zida issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqarish imkonini beradi. Shaharda “aqlli” suv ta’minoti, avtomatlashtirilgan energiya boshqaruvi va ekologik toza transport tizimlari joriy etiladi. Loyihaning birinchi bosqichi 100 gektar hududni qamrab olib, 30 ming aholi istiqomat qilishi uchun mo‘ljallangan. Ushbu bosqich doirasida 6 ta asosiy lot turli funksiyalar uchun qurilishi rejalashtirilgan.
Dastlab xalqaro ta’lim standartlariga javob beruvchi universitet quriladi. Ushbu oliy o‘quv yurtiga dunyo miqyosidagi professorlar jalb qilinib, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari yaratiladi. Keyin aholi uchun yuqori texnologiyali tibbiy xizmat ko‘rsatish markazi - ko‘p tarmoqli klinika barpo etiladi. Zarafshon daryosi bo‘ylab dam olish maskanlari, kafelar, restoranlar va turistik ob’yektlar bilan jihozlangan maxsus zona bunyod etiladi. Navbatdagi bosqich bolalar bog‘chalari, maktablar, sport maydonchalari va dam olish maskanlarini o‘z ichiga olgan zamonaviy turarjoy majmualaridan iborat bo‘ladi. Shuningdek, yirik savdo-ko‘ngilochar markazlari – savdo do‘konlari, restoranlar, konsert zallari va dam olish ob’yektlari joylashadi.
Bundan tashqari, chiqindilarni saralash imkoniyatiga ega zamonaviy chiqindi yig‘ish punktlari tashkil etiladi. Shaharsozlikning zamonaviy transport infratuzilmasini yaratish maqsadida monorels tizimi va osma ko‘priklar qurilishi rejalashtirilgan. Monorels tizimi aholi va sayyohlar uchun tez va qulay jamoat transporti bo‘lib, shaharning asosiy hududlarini birlashtiradi. Bu esa yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirish va ekologik toza transport vositalaridan foydalanish imkonini beradi.
Ta’kidlanishicha, shaharchada aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida, 70 foiz turarjoy binolarining birinchi ikki qavati savdo va xizmat ko‘rsatish maydonlari uchun ajratiladi. Birinchi bosqich qurilishi doirasida 88 ta turarjoy binosi barpo 3060 o‘rinli 8 ta bolalar bog‘chasi va umumiy 10 ming 80 o‘rinli 6 ta umumta’lim maktabi quriladi. Avtomobillar uchun 7 ming o‘rinli yerosti avtoturargohlari barpo etiladi. Mazkur loyiha doirasida ta’lim, tibbiyot, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Harbiy gospital o‘rnida bolalar va jamoat parklari tashkil etiladi
Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Samarqand shahrida aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida zamonaviy turar joylar barpo etiladi. Jumladan, shahardagi Baraka, Ipak yo‘li, Temiryo‘lchilar, Maysazor, Mehnat va Matonat mahallalari hududida renovatsiya asosida uy-joylar bunyod etiladi. Ushbu massiv 301 gektar maydonni egallab, 141,2 gektarida turar joylar quriladi. Massivda ma’muriy markaz, xizmat ko‘rsatish binolari, loyihaviy sanoat hududi ham bo‘ladi. Shu bilan birga, Samarqand shahridagi O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan harbiy gospital negizida bolalar va yashil jamoat parklari barpo etilishi rejalashtirilmoqda.
- Bolalar va yashil jamoat parklari qurilishi rejalashtirilayotgan hududning yer maydoni 5,4 gektar bo‘lib, binolar soni 20 ta, shundan uchtasi madaniy meros ob’yekti, - deydi viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi axborot xizmati rahbari Sarvar Bobonazarov. - 1870 yillarda qurilgan mazkur tarixiy ob’yektlar atrofida ko‘p yillik daraxtlar mavjud. Bugungi kunda ushbu gospital o‘rnida istirohat bog‘i tashkil qilish maqsadida mukammal loyiha ishlab chiqilmoqda. Ya’ni, bino va daraxtlarga zarar yetkazmagan holda muzey, kreativ to‘garaklar, pavilonlar, yopiq va ochiq attraksionlar, asosiysi, hududdagi aholi va sayyohlar uchun dam olish maskani tashkil etiladi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.