“Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘’tadillik va ma’rifat ta’limoti”

Davlatimiz rahbarining “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 29-30 aprel kunlari Samarqand shahrida shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Anjumanda dunyoning 100 dan ziyod olimlari, muftiylar, ilm-fan arboblari va ilmiy tadqiqodchilar ma’ruzalari bilan ishtirok etadi

Konferensiya Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rni, moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini, XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati kabi sho‘’balarda ish olib boradi.

Birinchi shu’ba IX-X asrlarda musulmon olami, xususan, Movarounnahrdagi ijtimoiy-diniy muhit, e’tiqod musaffoligini asrash zarurati, Imom Moturidiyni shakllantirishga xizmat qilgan Samarqand ilmiy maktablari, moturidiylik ta’limoti allomalarining islom ilmlari rivojiga qo‘shgan hissasi tahliliga bag‘ishlanadi.

Ikkinchi shu’ba Moturidiy allomalar ilmiy merosida umuminsoniy qadriyatlar, jumladan, bag‘rikenglik, mo‘’tadillik, ilm-ma’rifat g‘oyalari, ularning bugungi kundagi ahamiyati, moturidiylik ta’limoti bo‘yicha xorijiy mamlakatlarda amalga oshirilayotgan eng so‘nggi tadqiqotlar tahlilini o‘z ichiga oladi.

Uchinchi shu’bada Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosida ko‘tarilgan mavzularning bugungi kun uchun dolzarb hisoblangan muammolar, jumladan, din niqobidagi guruhlarning g‘oyalariga ilmiy raddiya berishdagi ahamiyatiga bag‘ishlanadi.