Mtm: jiddiy o‘zgarishlar arafasida
Samarqand viloyatida bugungi kunda 3-7 yoshdagi bolalar 272 ming nafarni tashkil qiladi, ularning atigi 74 ming nafari yoki 27 foizi bog‘chaga qatnashini hisobga oladigan bo‘lsak, bu masala Samarqand uchun ham dolzarb ekani ma’lum bo‘ladi.
Lekin afsuski, shuncha bola bog‘chaga qamrab olinmaganiga qaramasdan, viloyatdagi maktabgacha ta’lim muassasalarida turli sabablarga ko‘ra 11 mingta o‘rin bo‘sh turganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.
Hozirgi kunda Toyloq, Qo‘shrabot, Samarqand, Oqdaryo tumanlarida va Samarqand shahrida bog‘chalarning quvvati yetishmaydi.
Tizimdagi muammolardan biri – bu kadrlar salohiyatining pastligi va ularning yetishmasligi bilan bog‘liq.
Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Past Darg‘om, Paxtachi, Qo‘shrabot va Urgut tumanlarida 118 ta maktabgacha ta’lim muassasasi moddiy-texnik jihatdan talabga mutlaqo javob bermaydi".
Ushbu fikrlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi nutqidan olingan. Ko‘rsatib o‘tilgan muammolar respublikamizning barcha hududida yig‘ilib qolgani sabab shu yili Prezidentimiz qarori bilan Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Uning joylardagi bo‘limlari allaqachon ish faoliyatini boshlagan.
Xo‘sh, maktabgacha ta’lim boshqarmasining vazifalari nimalardan iborat? Yuqorida keltirilgan muammolarni hal etishda ularning roli nechog‘lik bo‘ladi? Shu savollar bilan viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Nigora SA’DINOVAga murojaat etdik.
– Bolaning shaxs sifatida kamol topishi, dunyoqarashining kengayishi avvalo, bog‘chadan boshlanadi. Ushbu muassasada olingan ta’lim-tarbiya bolaning ongida uzoq vaqt saqlanibgina qolmay, uning rivojlanishida muhim bosqich hisoblanadi. O‘tgan yillar davomida ta’lim tizimiga e’tibor bo‘lgani holda maktabgacha ta’lim sohasi biroz chetda qoldi. Bir amallab kun kechirgan, amal-taqal qilib ishlab turgan bog‘chalar mavjud edi. Ayniqsa, tumanlarda moddiy-texnik bazasi haqida gapirish u yoqda tursin, hatto oddiy shart-sharoitga ega bo‘lmagan maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatib keldi.
– Bu muammolarni bugun ham birdaniga hal qilish oson kechmasa kerak?
– Albatta. 2016 yildan buyon maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish maqsadida Prezidentimizning ikkita qarori e’lon qilindi. Ularga ko‘ra, bog‘chalarning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash, MTM binolarini kapital rekonstruksiya qilish, kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida tarbiyachilarning oliy ta’lim muassasalarida imtiyozli tarzda tahsil olishi kabi qator masalalar yechimi o‘z ifodasini topdi. Davlat xususiy sherikchilikda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil qilishda imtiyozlar berilib, shu orqali bolalarning bog‘chaga qamrovini yanada kengaytirish belgilandi.
Garchi bu kabi bog‘chalar hozircha faqat boshqa viloyatlarda sinov tarzida tashkil qilingan bo‘lsa-da, ammo allaqachon o‘nga yaqin tadbirkorlar bizga bog‘cha qurib, ish boshlayman, deya murojaat etishdi. Kelgusi yildan boshlab har bir tumanda kamida bittadan shunday bog‘cha tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Qolaversa, Samarqanddagi "SamAntepGilam" korxonasi qoshida bog‘cha tashkil etish uchun mutasaddilar tomonidan qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Rejaga ko‘ra, ushbu bog‘chada asosan korxona ishchilarining farzandlari imtiyozli tarzda ta’lim-tarbiya olishi belgilangan bo‘lsa-da, muassasa shu atrofdagi mahalla bolalarini ham qamrab olishi mumkin. Ushbu tajribani boshqa hududlarda ham ommalashtirish niyatimiz bor.
– Mavjud bog‘chalarning to‘la quvvat bilan ishlashini ta’minlash, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash masalasi-chi?
– Viloyatdagi 23 ming quvvatga ega maktabgacha ta’lim muassasalarini boshqatdan qurish, kapital ta’mirlash bo‘yicha o‘z takliflarimizni bildirganmiz. Kelgusi yildan bu ishlarga kirishiladi. Ayni paytda 622 ta mahallada bog‘cha yo‘q. Ushbu mahallalarning joylashuvi, hududdagi bog‘cha yoshidagi bolalar soni to‘liq o‘rganib chiqilmoqda. Ba’zi mahallalarda bog‘cha tashkil qilish o‘zini oqlamaydi, ammo u yerdagi bolalar maktabgacha ta’limdan bahramand bo‘lishlarini tashkil qilish lozim. Bunday vaziyatda o‘sha mahalladagi bo‘sh turgan binolardan foydalangan holda qisqa muddatli guruhlarni tashkil etishni rejalashtirganmiz. Hozir mahallalardagi bo‘sh turgan binolar ro‘yxati, ularning ahvoli ko‘zdan kechirilmoqda.
– Maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ta’lim-tarbiya jarayonida ham o‘zgarishlar bo‘ladimi?
– Maktabgacha ta’lim muassasalarida "Bolajon" dasturi asosida mashg‘ulotlar o‘tiladi. Ushbu dasturda bolaning har tomonlama rivojlanishi uchun barcha jihatlar e’tiborga olingan. Ammo texnika asri, giper harakatchan bolalar kabi atamalar bejiz paydo bo‘layotgani yo‘q. Bugun ikki-uch yoshli bola ham zamonaviy texnika vositalarini bemalol ishlata olyapti. Demak, ularni rivojlantirishdagi dasturlarga ham vaqti-vaqti bilan o‘zgartirish kiritish davr taqozosidir. Endilikda barcha bog‘chalar bir xil dastur asosida ishlamaydi. Muqobil dasturlar, xorij tajribasi asosida ta’lim berish usullari ustida ish olib borilmoqda.
2018 yildan boshlab ular hayotga tatbiq etiladi. Qolaversa, har bir maktabgacha ta’lim muassasasida chet tili o‘qituvchisi, logoped, defektolog kabi mutaxassislar shtat asosida ishga qabul qilinishi ham belgilangan. Joriy yilda sohadagi o‘zgarishlar tufayli qishloq hududlaridagi 100 nafar tarbiyachi oliy ta’lim muassasasida imtiyozli tarzda tahsil olish imkoniga ega bo‘ldi.
– Farzandini bog‘chaga berayotgan ota-ona birinchi navbatda u yerdagi ovqatlanish bilan bog‘liq masalalarga qiziqib ko‘radi. Bu borada kutilayotgan yangilikka ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Hozircha bu borada ovqatlanish me’yorlariga yanada aniqroq talablar qo‘yilganini aytish mumkin. Ammo ushbu masalada yana bir muhim jarayon ayni kunlarda tajriba sifatida ko‘rilmoqda. Ya’ni, bolalarning ovqatlanish tizimini markazlashgan holda tashkil qilish orqali bolajonlarga har bir taom porsiyasini belgilangan miqdorda yetkazib turish ko‘zda tutilgan. Bu tizim bolaning kundalik ratsionidagi barcha masalliqlar faqat har bir bolaning o‘zigagina tegishli bo‘lishi bilan katta ahamiyatga ega.
Qolaversa, uning joriy etilishi natijasida maktabgacha ta’lim muassasasi faqatgina bolaning sifatli ta’lim olishiga e’tibor qaratishi mumkin. Hozirgi kunda har bir bog‘chada oziq-ovqat mahsulotlarining barcha me’yorlarga ko‘ra saqlanishi, uning bolalar taomnomasiga mos tarzda pishirilishi kabi masalalar barcha ta’lim muassasasida ham ijobiy tarzda tashkil etilgan, deb bo‘lmaydi. Bu esa bolaning sog‘lom rivojlanishida o‘zining salbiy ta’sirini keltirib chiqaradi. Bolaning ovqatlanishi bilan professional xodimlar shug‘ullanishi kerak.
– Suhbatingiz uchun rahmat!