Mualliflik haqi - gonorar olganmisiz? Buning uchun sizning huquqingiz bor

Respublikamizda mualliflar va ijrochilar huquqlarini himoya qilish, ularning mulkiy huquqlarini jamoaviy boshqarish maqsadida joriy yilning yanvar oyida “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” davlat tashkil qilindi.
Xo‘sh, hozirda ushbu palata o‘z faoliyatini qanday amalga oshirmoqda? Jamiyatimizda sohaga oid duch kelinadigan muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish borasida tizimli ishlar olib borilyaptimi?
Shu kabi savollarga javob topish maqsadida palata xodimlarini suhbatga taklif etdik.
Boboqul TOShEV, San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi boshqaruv raisi, yuridik fanlar doktori:
- Nafaqat yurtimizda, balki boshqa davlatlarda ham mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni xalqaro doirada himoyasini ta’minlash uchun ichki mexanizmlar, ya’ni huquqlarni boshqaruvchi turli tashkilotlarni tuzish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor beriladi. Shuni aytish kerakki, xalqaro doirada biron bir davlat idorasi, vazirlik, agentlik, qo‘mita yoki shunga o‘xshash tuzilmalar muallif va ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqarish bilan shug‘ullanmaydi. Bunday faoliyat bilan huquq egalari o‘zaro ixtiyoriylik asosida tuzgan tashkilotlar shug‘ullanadi.
Shunga ko‘ra, mualliflik huquqini bir mamlakat hududida, balki u butun dunyoda bir xilda himoya qilinishi uchun xalqaro konvensiyalar qabul qilingan. 1886 yilda buyuk mutafakkir va yozuvchi Viktor Gyugo tashabbusi hamda rahbarligida bir guruh Yevropa olimlari va ijodkorlari tomonidan “Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Bern konvensiyasiga asos solingan.
Mazkur konvensiya fan, adabiyot va san’at asarlari hamda ularning mualliflari huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan universal xalqaro shartnomalardan biridir. Bugungi kunda dunyoning 190 dan ortiq davlati ushbu konvensiyaning a’zosi hisoblanadi. Mazkur konvensiyaning a’zosi sifatida mamlakatimizda ham 2005 yil 19 apreldan boshlab ushbu tashkilot normalari qo‘llana boshlandi. Qarabsizki, biz xalqaro majburiyatga ham ega bo‘ldik. Shu maqsadda mualliflarning huquqlarini himoya qilish maqsadida mulkiy huquqlarni boshqaruvchi tashkilotlar o‘z faoliyatini amalga oshira boshladi. Ya’ni, ushbu tashkilotlar katta huquq egalarining, jumladan yozuvchilar, shoirlar, olimlar, bastakorlar, kinorejissyorlarning mulkiy huquqlarini boshqarish va ularga tegishli bo‘lgan mualliflik haqlarini yig‘ish bilan shug‘ullanishi mumkin. Lekin, o‘tgan vaqt mobaynida ayrim tashkilotlar ma’lum sabablarga ko‘ra o‘z faoliyatini davom ettira olmadi.
Mamlakatimizda san’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish, ularning mulkiy huquqlarini jamoaviy boshqarishni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 6-bandida ko‘zda tutilganidek “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” tashkil etildi va u qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Shu o‘rinda yana savol tug‘iladi. Palataning asosiy maqsad va vazifalari nimalardan iborat?
Palata fan, adabiyot, san’at va madaniyat sohasidagi muallif, san’atkor, ijodkor va ijrochilar (huquq egalari) hamda ularning huquqiy vorislari mulkiy huquqlarini boshqarish, ularning huquq va manfaatlarini respublika hamda respublikadan tashqarida ro‘yobga chiqarishlarini ta’minlaydi. Shuningdek, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, yakka tartibda mulkiy huquqlarini amalga oshira olmaydigan huquq eagalarining mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaradi hamda asarlar yoki turdosh huquqlar ob’yektlaridan har qanday shakl va usulda foydalanishga huquq egalari (huquqiy vorislar) nomidan foydalanuvchilarga ruxsat berish yoki taqiqlashga ko‘maklashadi.
Bundan tashqari, mualliflik huquqi ob’yektlari, jumladan audiovizual asar (kino-video filmlar va boshqa)lar, turdosh huquqlar ob’yektlaridan foydalanilganda mualliflarning haq olish huquqlarini amalga oshiradi. Asarlar (qo‘lyozmalar, nusxalar)ga yoki turdosh huquq ob’yektlariga nisbatan meros huquqini ta’minlashda ishtirok etadi hamda huquq egalari (huquqiy vorislar)ga yakka tartibda asarlar va ijrolar (fonogrammalar)dan foydalanishda huquq olishlariga amaliy yordam ko‘rsatadi.
Baxtiyor USMONOV, San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi ijrochi direktori:
- Mamlakatimizda mualliflarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bois, Prezidentimizning 2017 yil 14 avgustdagi “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “Fan, adabiyot va san’at asarlari nashr etilganligi uchun mualliflik haqining eng kam stavkalari” belgilangan. Shuningdek, amaldagi milliy qonunchiligimizdan kelib chiqqan holda palatamiz ham “huquq ega”larini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga tegishli haqlarni to‘plash, taqsimlash va to‘lash bilan bog‘liq hisob-kitob ishlarini amalga oshiradi. Jumladan, asarlar va turdosh huquqlar ob’yektlaridan har qanday foydalanuvchi palataga mualliflarga tegishli haqni o‘tkazib bergandan so‘ng, umumiy haq miqdoridan 10 foiz mablag‘ Palataning sarf-xarajatlari uchun olib qolinadi va qolgan 90 foiz mablag‘ amaldagi soliq qonunchiligiga asosan daromad solig‘i olingan hamda boshqa to‘lovlar undirilgandan so‘ng, qolgan sof mablag‘ “huquq ega”sining hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, muallif uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan haq palata hisobiga kelib tushgan sanadan e’tiboran uch yil mobaynida saqlab turiladi. Ko‘rsatilgan muddat tugagach, palata talab qilib olinmagan haqni taqsimlanadigan summalarga qo‘shib yuborishga yoki uni palata qaysi “huquq egasi” nomidan ish ko‘rayotgan bo‘lsa, faqat shu huquq egalarining roziligi bilan va ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa maqsadlarga qaratishga haqlidir.
Nodirjon ASLANOV, San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoq qilish palatasi bo‘lim boshlig‘i:
- Jamiyatda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga nisbatan huquqiy madaniyatni oshirish va aholining hurmat hissini shakllantirish hamda mualliflarning qonuniy xaq-huquqlarini amalga oshirish maqsadida respublikamizning barcha hududlaridagi san’atkor, ijrochilar va ijodkorlar bilan, oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, barcha “huquq ega”lari bilan a’zolik shartnomalarini imzolanib, mualliflarning asarlari repertuar bazasi shakllantirilmoqda. Bunda muallif palataga taqdim etgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi, o‘ziga tegishli asar yoki ijro amalda foydalanilganini asoslashi lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, palata “telegram” kanali (t.me/siipuz) va “Instagram” kanali (SIIPUZ) hamda “Fasyebook” ijtimoiy tarmoqlarida o‘z faoliyatiga oid ma’lumotlarni berib bormoqda. Shuningdek, yurtimizning ko‘plab mutasaddi tashkilotlarida targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirmoqda hamda palata tomonidan ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligini oshirish, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning keng targ‘ibotchisiga aylantirishga harakat qilinyapti.
Suhbatni Gulhayo Nurmetova tayyorladi.