Muallimlikdan Qahramonlikkacha
Hasan Normurodov... bu insonni Samarqandda ko‘pchilik taniydi, hurmat qiladi. Nuroniylarning nuroniysi sifatida obro‘ qozongani rost. Aynan shu jihat – u kishining nufuzi, bilim va salohiyati haqida ko‘pchilikning bilgani ham otaxon haqida yozishni qiyinlashtiradi.
...Biroz oldin nuroniy bilan telefonda gaplashib, uchrashuv belgiladik va yo‘ldamiz.
– O, sizmisiz, tanidim, nega uzoqlashib ketdingiz, kam yozyapsiz oxirgi paytlarda, – tezda esladi.
Salom-alikdan so‘ng bir yo‘qlamoqchi, suhbatlarini olmoqchi ekanimizni ma’lum qildik. Xullas, suhbat uchun yarim soat vaqt ajratildi.
Hasan Normurodov yaqinda davlatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Qahramoni bo‘ldi. Har kuni ham Qahramon bilan gaplashavermaysiz. Savollar jo‘yali bo‘lishi kerak. Bu toifa insonlarning oldida o‘zingni yaxshi tutishing lozim. Mahmadonalik ketmaydi.
Istaysizmi-yo‘qmi, tartibli, madaniyatli, nufuzli insonlar bilan uchrashuvoldi ong ostida shunday o‘ylar kechadi. Bu tabiiy jarayondir, balki.
– Keling, o‘g‘lim, sizlarni kutib turuvdim, – nuroniy bizga peshvoz chiqdi.
Samimiy, iliq munosabat vaziyatni o‘zgartirdi. Bu suhbatimiz erkin o‘tishidan dalolat berardi.
Stol ustida gazeta va kitoblar sochilib yotibdi. U kishining mutolaasiz bir soat ham o‘tirolmasligini ko‘pchilik aytgan. Darhaqiqat, rost ekan. Xonada rasmiy-siyosiy nashrlar, kitoblardan tortib adabiy-ma’rifiy jurnallar ham topiladi.
– Har qanday sohada ham adabiyot va madaniyatdan yiroq bo‘lish odamning kamchiligi hisoblanadi, – deydi H.Normurodov. – Nega bunday deyapman? Chunki o‘qimagan odam muloqotda tez qoqiladi, suhbatdoshini zeriktiradi. Dunyo ko‘rish, yurtma-yurt kezish boshqa, shuning barobarida kitob varaqlash, o‘z tafakkuri ustida bosh qotirish mutlaqo boshqa narsa.
Avvalo, muallimman. Faoliyatimni boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida boshlaganman. Keyinchalik rus bolalarga o‘zbek tilidan dars berganman. O‘sha paytlardayoq til bilan ishlashga, adabiy til me’yorlariga amal qilishga odatlandim.
Bugun ko‘pchiligimizga sir bo‘lmagan bir haqiqat bor. Maktablar bir paytlar osonlikcha qurilmasdi, ta’mirlanmasdi. Boringki, MARKAZ “himmati” bilan biror hududda ta’lim muassasasi qurilishi boshlansa, bu jarayon yillab davom etardi. Foydalanishga topshirilgan maktabning partalari berilsa, sport anjomlari berilmasdi, ikki qavatli qurilsa, tomi yopilmasdi. Quruvchini siquvga olsangiz, teparoqdan “bezovta” qilishardi. Xullas, ko‘nsangiz – ko‘ndingiz, bo‘lmasa maktab rahbarliginiyam, muallimlikniyam yig‘ishtiring.
Bugun maktab qurilishi nainki viloyat, kichikroq tuman-shahar uchun ham arzirli gap emas. Istasangiz mahalliy hokimiyatning o‘zi ham, davlat ham ta’mirlab, qurib bera oladi. Sharoit bo‘lmasa, talab qila olasiz. Shuning o‘zi o‘qituvchining, tizim mas’ullarining katta yutug‘i, deb o‘ylayman.
Buyuk qaytish...
– Keyinchalik viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishladim, – davom etdi nuroniy. – Tan olaman, bu juda mashaqqatli ish edi. U yog‘ini tortsangiz, bu yog‘i ochilib qolardi, bu yog‘ini tortsangiz, u yog‘i...
Ya’ni, o‘qituvchidan ta’lim sifatini talab qilasiz, ustida izlanishni so‘raysiz, fidoyi emaslikda ayblaysiz. Xo‘p, muallimning sifatli ta’lim berishi uchun sharoitning o‘zi bormi? Shu sabab, yaqin-yaqingacha ham bozorlarimizda oliy ma’lumotli muallimlar pomidor-bodring sotdi. Ro‘zg‘orini boqishi uchun oyligi yetmadi. Kamiga, paxta terishga, ko‘cha supurishga chiqdi.
Singapur sobiq bosh vaziri Li Kuan Yu ta’lim sifati haqida shunday degandi: “Muallimni eng quyi tabaqadan Singapurdagi eng yuqori martabaga ko‘tardim. Davlatdagi “mo‘’jiza”larni qilgan insonlar – muallimlardir”.
Qarang, qanchalik ibratli gap.
O‘z navbatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham “O‘qituvchini hurmat qilmaganni men ham hurmat qilmayman. O‘qituvchi jamiyatdagi eng obro‘li kasb egasi bo‘lishi shart”, deyapti.
Bu shunchaki gap bo‘lib qolayotgani yo‘q, albatta. O‘qituvchining maoshi ikki barobargacha oshdi. Qog‘ozbozlikdan qutuldi. Turli imtiyoz va imkoniyatlarga ega bo‘lyapti. Natijada, maktablarga o‘qituvchilar qaytyapti. Erkak muallimlarning maktablarga qaytayotganini xalq ta’limi vaziri ham aytib o‘tdi. Ochig‘i, men buni BUYuK QAYTISh, deb hisoblayman!
Muallimning qisqa haqiqatlari:
– Lavozim hech qachon insonning bezagi bo‘lmagan. Aksincha, amal ortidan quvgan odam tez qoqilganiga ko‘p guvoh bo‘lganman.
– Rahbarga nima kerak, nima kerak emas? Buni har bir inson o‘ylab ko‘rishi lozim. Rahbar tafakkurli, kecha va bugunning eng yaxshi sifatlarini o‘ziga olsin. Befarq va nodon bo‘lmasin.
– Sizga muammo bilan kelgan insonga ozor bermang, umidsiz qaytarmang. Siz uning eng oxirgi manzili bo‘lishingiz mumkin.
– Kitob tanlashni bilish kerak. Uyimdagi uch mingta kitobni eng yaxshi do‘stlarim, deb hisoblayman.
– Nutqingiz ustida har kuni ishlang. Ayniqsa, muallim uchun kiyinish madaniyati qatorida nutq madaniyati ham juda kerak.
***
H.Normurodov bilan suhbatlasharkansiz, bu kabi iboralarni, hayotda anglagan haqiqatlarini tez-tez eslatib turadi. Bahovuddin Naqshband, Navoiy, Bobur, Mashrab hayoti, ijodidan misollar keltiradi.
Qahramonning xijolati nimada?
Prezident Shavkat Mirziyoyev Hasan Normurodovga O‘zbekiston Qahramoni unvonini topshirar ekan, shunday dedi: “Hasan Norbekovichni Navoiy bobomizga o‘xshatib, g‘ururlanaman!”
Suhbat asnosida nuroniyga davlatimiz rahbarining shu qiyosini eslatdik.
– Rosti, xijolat tortdim, – dedi suhbatdosh. – Hazrat Navoiyning qilgan xizmatlari beqiyos. U kishi nafaqat bizning, balki turkiy xalqlarning faxri ekani shubhasiz. Bu lutfga, qiyosga munosib bo‘lish osonmas. O‘z navbatida shu paytga qadar buyuk shoirimizning asarlarini ko‘proq mutolaa qilmaganim uchun o‘zimdan ranjidim. Hayotda har narsa saboq, aslida. Demak, bu qiyos ham bejiz emas. Garchi biroz kechikib bo‘lsa-da, Navoiyni ko‘proq o‘qishga vaqt ajrata boshladim...
***
Yarim soat deb avvaldan rejalashtirilgan suhbat ikki soatdan ortiq davom etdi. Nuroniy bir necha bor afsuslanganiga guvoh bo‘ldik. “Saksonga kirdim. Judayam til o‘rgangim keladi. Dunyoni anglashni istayman. Xalqaro miqyosda muvaffaqiyatga erishgan yoshlarimizni quchgim keladi. Ularga cheksiz havas qilaman...”, – deydi...
Darhaqiqat, u kishida hamon havas bor, ishtiyoq, hayrat bor. Faoliyatini Kattaqo‘rg‘onning chekka bir qishlog‘ida muallimlikdan boshlagan, bugungi kunda O‘zbekiston Qahramoniga aylangan bu insonni beixtiyor kitobga o‘xshatdik. U shunday kitobki, qayta-qayta o‘qiladigan, ammo yillar davomida tahrirlanib, har kuni ma’rifat bilan boyib borayotgan kitob!
Isomiddin PO‘LATOV.