Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Muammolar yechimiga befarq emasmiz

  1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?

Prezidentimizning 2020 yil 10 yanvardagi “2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilda Ishtixon tumanida Ko‘ktepa mahallasi qabristoni atrofini o‘rash, Beshkapa mahallasidagi 90-maktab binosini kapital ta’mirlash, Yangiravot, Sheyxlar, Hazorbobo, Mohpar, Mirzaqul va Bog‘bon mahallalaridagi yo‘lni ta’mirlash, Yangiravot va Hazorbobo mahallalarida davlat xususiy sherikchiligida maktabgacha ta’lim muassasalari qurish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Zarbuloq mahallasidagi eski transformator va yaroqsiz holatga kelgan simyog‘ochlar yangilanyapti.

Bundan tashqari, saylov okrugidagi 17 ta mahallada 37 ming 200 dan ortiq fuqaro istiqomat qiladi. Hududda 687 ta ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxati shakllantirilgan. Pandemiya davrida mazkur oilalarga har tomonlama yordamlashish choralari ko‘rilmoqda.

  1. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?

Deputat va keng jamoatchilik aloqalarini samarali tashkil etish maqsadida ish rejaga muvofiq joriy yilda saylov okrugimda 17 marta turli mavzulardagi tadbirlar tashkil etdim. Pandemiya sababli kam ta’minlangan muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ishlarini o‘rgandim. Karantin qoidalariga amal qilish haqida targ‘ibot tadbirlari uyushtirdim.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlaridan tuzilgan ishchi guruh tarkibida viloyatning Urgut, Toyloq, Jomboy, Oqdaryo tumanlari va Samarqand shahridagi tibbiyot muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdik.

Shunindek, aholini qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan mahallalarda 27 marta uchrashuvlar o‘tkazib, 46 ta jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini qabul qildim. Ushbu murojaatlarda aniqlangan 4 ta muammo tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi chiqarish orqali, 19 ta muammoni mas’ullar bilan bevosita uchrashib hal qildim. Murojaatlarning 23 tasi bo‘yicha zarur tushuntirish va tavsiyalar berdim.

  1. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.

Fuqarolar Nargiza Jo‘raqulova, Sabina Bakiyeva va Dildora Aprisen Samarqand shahar Qorasuv massividan ularga kredit asosidagi uylardan ajratilganligi, ushbu kredit to‘lovlarini amalga oshirishda imtiyozlar berilishida amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qildi. Bu haqda Samarqand shahar hokimiligiga deputatlik so‘rovi bilan chiqdim.

Javob xatida ushbu fuqarolarga viloyat hokimi qarori asosida uy ajratilgani, boshlang‘ich badal to‘lovining 10 foizi homiylar tomonidan to‘lab berilgani, qolgan qismi 20 yilga imtiyozli ravishda berilgani ma’lum qilindi. Ushbu fuqarolar bilan tushuntirish ishlarini olib bordim.

Tozagul XOLIQOVA,

27-O‘rtaqishloq saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati.