Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Deputat anketasi: Agrobankdan deputat so‘rovimga mavhum javob oldim

1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?

Okrugda 35 mingga yaqin aholi yashaydigan 13 ta mahallani o‘z ichiga oladi. Joriy yilda hududda bir qancha loyihalar rejalashtirilgan, ularning ayrimlari bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Misol uchun, Safoxo‘ja mahalla uchun yangi binosi qurilmoqda. Sentyabr oyi yakuni bilan zamonaviy va shinam bino foydalanishga topshiriladi. Bundan tashqari, Murodobod mahallasi Kubay qishlog‘ida kam ta’minlangan oilalar uchun iyun oyida subsidiya asosida 0,5 sotixli 9 ta issiqxona qurildi.

2019 yilda Xalqobod qishlog‘i “Obod qishloq” dasturi asosida obodonlashtirilgan edi. Ammo ajratilgan mablag‘ yetmay qolgani uchun qurilish ishlari to‘liq yakunlanmagan. Jumladan, 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 17-MTT, oilaviy poliklinika binosi va markaziy ko‘chaga asfalt yotqizish ishlari oxiriga yetkazilmadi. Ushbu loyihani yakuniga yetkazish yuzasidan tuman hokimligiga deputatlik so‘rovi yubordim. Chala qolgan ishlarni to‘liq va sifatli yakunlash joriy yilning to‘rtinchi choragiga rejalashtirilganligi haqida javob oldim.

2. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?

O‘tgan davrda okrug hududini yanada yaxshiroq o‘rganish va aholi hayoti bilan yaqinroq tanishishga harakat qildim. Shu ma’noda aytishim mumkinki, hududda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik sub’yektlari kam bo‘lgani bois aholini ishsizlik muammosi qiynaydi. Aksariyat ko‘chalar chang va tuproq, asfalt va tosh yotqizish kerak.

Karantin sababli asosan aholining kam ta’minlangan va kambag‘al qatlami bilan ish olib borishga harakat qilyapman. Oxirgi marta «Ishtixon dehqon bozori» hududida savdo do‘konlari va peshtaxtalardagi sanitariya talablarining bajarilishi, oziq-ovqat mahsulotlari narxini o‘rgandim. “Mitan dehqon bozori”da ham shunday nazorat ishlarini o‘tkazib, bozorlardagi tadbirkorlar va mas’ullar ishtirokida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib bordik.

3. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.

Joriy yil 6 iyulda Ishtixon tumani «Agrobank» ATBga deputatlik so‘rovi bilan chiqdim. Safoxo‘ja qishlog‘ida yashovchi tadbirkor Diyor Saidovning 6 oydan buyon kredit olish uchun bergan arizasi qanoatlantirilmayotganligiga asosli tushuntirish berish yoki masalani hal qilish haqidagi so‘rovim ijobiy yechim topmadi. Bankdan arizachining navbati kelsa, kredit ajratilishi haqida javob oldim.

Feruza TOG‘AYeVA,

26-Xalqobod saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati.