Muammoli holat nazoratga olindi. Biroq yozgi ta’tilni isloh qilishga hojat yo‘q

Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi saytimizda shu yil 20 iyulda e’lon qilingan “Uch oylik yozgi ta’til zaruratmi yoki an’ana? Yoxud hamma biladigan, lekin hech kim shug‘ullanmaydigan muammo xususida” sarlavhali maqola yuzasidan munosabat bildirdi.

Unda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoq faollari va ziyolilar tomonidan 3 oylik yozgi ta’tilni isloh qilish masalasida turli fikrlar bildirilmoqda. Xususan, maqolada ham shu masalaga to‘xtalingan. Yozgi ta’til muddati mamlakatimizning iqlim sharoitidan kelib chiqqan bo‘lib, bu davr o‘qituvchilar navbatma-navbat dam olishi va salomatligini tiklashi uchun imkoniyat yaratadi. O‘quvchilarning chiniqishida ham yoz faslining ahamiyati katta. Bundan tashqari, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish, maktablarda ta’mirlash ishlarini olib borish uchun yoz fasli eng ma’qul payt hisoblanadi.

Maqolada Payariq tumanidagi sog‘lomlashtirish maydonchalarini o‘rganish jarayonida aniqlangan kamchiliklar ham tilga olingan edi. Boshqarma ayni masala nazoratga olingani hamda tuman mas’ullari ogohlantirilganini ma’lum qildi.

Munosabatda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda viloyatdagi 66 ta maktabda sog‘lomlashtirish maydonchalari tashkil qilingan. Ularga har bir mavsumda 3360 nafardan ziyod o‘quvchi, mavsum boshidan buyon 13980 nafar o‘quvchi qamrab olingan. Sog‘lomlashtirish maydonchalarida sport, san’at va kitobxonlik yo‘nalishidagi 330 dan ziyod to‘garak faoliyat yuritdi. Jarayonda yoshlarning xalq o‘yinlari bilan tanishishi, yo‘l harakati qoidalarini o‘rganishi, ijod bilan shug‘ullanib, dunyoqarashini kengaytirishiga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, viloyatda 17 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat olib bormoqda. Maktablarda 7 ta yo‘nalishda 1420 ta to‘garak tashkil etilgan. Ularga viloyat bo‘yicha 45231 nafar o‘quvchi qamrab olingan. “Barkamol avlod” bolalar maktablarining to‘garaklari mahallalar, umumta’lim maktablari, maxsus maktab-internatlar, “SOS” O‘zbekiston bolalar mahallalarida ham tashkil etilgan. Ularda jami 1445 nafar pedagog xodim faoliyat olib bormoqda.