Muchalingizni aniqlay olasizmi?
Sharq xalqlari Navro‘zni Yangi yil bayrami, Muchal yili boshlanadigan arafa kuni sifatida qadrlashadi. Muchal - yil hisobini yuritishning o‘ziga xos tizimi bo‘lib, unga ko‘ra, yangi yil 22 martdan boshlanadi hamda sichqon, sigir, yo‘lbars, quyon, baliq, ilon, ot, qo‘y, maymun, tovuq, it va to‘ng‘iz nomi bilan ataladi. Shunga mutanosib ravishda har o‘n ikki yilda yangidan takrorlanadi.
Muchal hisobiga kiritilgan hayvonlar xosiyatli va muqaddas sanalgan. O‘z navbatida, yillarning ba’zilari qut-barakali, ba’zilari aksincha ta’riflangan. Bu o‘rinda ko‘pincha ob-havoning qulay yo noqulay kelishi, qaysi yil kishilarga quvonch, omad va baxt ato etishi, qay biri g‘am-tashvish, omadsizlik va kulfat keltirishi nazarda tutilgan. Aytaylik, To‘ng‘iz yilida yog‘ingarchilik ko‘payib, narx-navo arzonlashadi, Baliq yili seryog‘in keladi va ekinlardan mo‘l hosil kutiladi. Tovuq yilida ham oziq-ovqat seroblashadi, lekin odamlarning tashvishi ortadi.
Quyida muchal yilining milodiy taqvim bo‘yicha qaysi yillarga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatuvchi jadval orqali muchal yilingizni aniqlab olishingiz mumkin.
Shuningdek, agar siz muchalingizni topmoqchi bo‘lsangiz, avval tavallud yilingizga 9 sonini qo‘shing, so‘ngra yig‘indini 12 ga bo‘ling. Qoldiq sonni esa muchalingiz deb biling. Aytaylik, siz 1972 yili tug‘ilgansiz. Bu sanaga 9 ni qo‘shsak, 1981 ga aylanadi. Uni 12 ga bo‘lsak, 165 soni kelib chiqadi va qoldiq sifatida 1 qoladi. Jadvalda esa ushbu raqam qarshisida "Sichqon" yozuvi turibdi. U sizning muchalingizdir. Bordi-yu, amallar natijasi "nol"ga teng bo‘lsa, 12-muchal yilida dunyoga kelgan hisoblanasiz. Misol uchun, siz 1959 yili tug‘ilgan bo‘lsangiz, bu songa 9 qo‘shilganda, yig‘indi 1968 ga tenglashadi. U 12 ga taqsimlansa, hech qanday qoldiq chiqmaydi, aniqrog‘i, "nol" paydo bo‘ladi. 1959 raqami esa jadvalning o‘n ikkinchi qatoridan o‘rin olgan. Demak, muchalingiz to‘ng‘iz ekanligi o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.
Farhod TOG‘AYEV tayyorladi.