Muddatidan oldin ovoz berish boshlandi
Markaziy saylov komissiyasi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni bo‘yicha referendumda muddatidan oldin ovoz berish 2023 yil 19 aprel – 26 aprel kunlariga belgilangan. Fuqarolar ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 12:00 dan soat 16:00 ga qadar referendum uchastkasiga borib, muddatidan oldin ovoz berishi mumkin.
Bugun Samarqand viloyatidagi referendum uchastkalarida ham mazkur jarayon boshlandi.
Samarqand veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti akademik litseyi o‘qituvchisi Guljahon Hotamova 30 aprel kuni xizmat safari bilan boshqa hududda bo‘lishi sababli bugun o‘zi yashab turgan Samarqand shahar Mingtut mahallasidagi 89-referendum uchastkasiga borib, muddatidan oldin ovoz berdi.
– Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz bilan tanishib chiqdim, qolaversa, referendum bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarida qatnashib, huquqshunos va ekspertlarning fikrlarini eshitib, bosh qonunimizdagi yangilik va o‘zgarishlar mohiyatini tushunib oldim, – deydi G.Hotamova. – Haqiqatan ham Konstitutsiyamizning yangi tahririda xalqimiz va davlatimizning ertangi kuni bilan bog‘liq juda katta o‘zgarishlar kiritilgan. Xususan, biz, pedagoglarning huquq va manfaatlarimiz konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilmoqda. Shuning uchun ham men referendumga bee’tibor bo‘lmay, ovoz berish kuni ilmiy ishim tufayli safarda bo‘lishimni bildirib, uchastka komissiyasiga murojaat qildim va muddatidan oldin ovoz berdim.
Uchastka komissiyasi raisining ma’lum qilishicha, saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimidagi ma’lumotlar bo‘yicha hozircha uchastkada 1100 nafardan ortiq ovoz beruvchi ro‘yxati mavjud. Muddatidan oldin ovoz berish uchun komissiyaga ovoz beruvchilar sonining 5 foizi miqdorida byulletenlar yetkazib berilgan.