Muddatidan oldin ovoz berish davom etmoqda
Shu yilning 9 iyul kuni mamlakatimizda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.
Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.
Markaziy saylov komissiyasining shu yil 20 iyundagi qarori bilan muddatidan oldin ovoz berish 2023 yil 28 iyunda boshlanib, 5 iyul kuni yakunlanishi belgilandi.
Saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 ga qadar amalga oshiriladi.
Qurbon hayiti nishonlanayotgan shu kunlarda Samarqand viloyatidagi 1112 ta saylov uchastkasida ham muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.
Jumladan, Samarqand shahar Darg‘om mahallasining 1425 nafar saylovchilari ovoz beradigan 106-saylov uchastkasida saylov kuni yashash joyida bo‘lmaydigan fuqarolar kelib, muddatidan oldin ovoz bermoqda.
Abdullo Mahaddinov salomatligini tiklash maqsadida turmush o‘rtog‘i bilan birga davolanish uchun yaqin kunlarda safarga ketmoqchi, ya’ni 9 iyul kuni saylov uchastkasiga kelolmaydi. Shu sababli otaxon turmush o‘rtog‘i bilan birga saylov uchastkasiga kelib, muddatidan oldin ovoz berdi.
– Saylovda har bir saylovchining ovozi juda muhim, – deydi A.Mahaddinov. – Qolaversa, davlat rahbarini saylash bizning konstitutsion huquqimiz, undan samarali foydalanishimiz kerak. Prezidentlikka nomzodlarning dasturlari haqida eshitdik, ularning maqsadlari bilan tanishdik. Va kimga ovoz berish bo‘yicha bir qarorga kelgandik. Saylov kuni bu yerda bo‘lolmasligimiz sababli muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandik.
Uchastka saylov komissiyasi raisi Avaz Ziyoyevning ma’lum qilishicha, muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish uchun mazkur uchastkaga ham 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilangan miqdorda saylov byulletenlari berilgan. Aholi muddatidan oldin ovoz berish vaqti yuzasidan xabardor qilingan.