Mudofaa bo‘limlarida hali muammolar ko‘p

Bugun viloyat hokimligi tashabbusi bilan tuman va shaharlardagi mudofaa ishlari bo‘limlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, u yerda faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlar hamda fuqarolar uchun munosib shart-sharoitlar hamda qulaylik yaratish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi munosabati bilan ilgari surilgan ushbu tashabbus ortidan mudofaa ishlari bo‘limlarining ma’muriy, chaqiruv punkti binolari ta’mirlanib, xonalar mebel hamda axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlanmoqda.

– 2004 yilda qurilib, foydalanishga topshirilgan chaqiruv punktimiz binosida shu paytgacha ta’mirlash ishlari amalga oshirilmay kelinayotgandi, – deydi Samarqand tumani mudofaa ishlari bo‘limi chaqiruv bo‘linmasi boshlig‘i San’at Narziqulov. – Bundan tashqari, isitish tizimi, ichimlik suv bilan ta’minlanmagandi. Bu esa xodimlarimiz, muassasamizga mu­rojaat qiluvchi aholi, harbiy xizmatga chaqiriluvchilar uchun noqulaylik tug‘dirardi.

Yaqinda tuman hokimligining 60 million so‘mlik ko‘magi bilan binomiz to‘liq joriy ta’mirlandi. Ikkita zamonaviy isitish qozoni, isitish batareyalari, ichimlik suv zaxira tizimlari o‘rnatildi. Ikki dona yangi kompyuter jamlanmasi, bitta printer ajratildi. Isitish qozonlari uchun 6 tonna ko‘mir briketi, 3 tonna o‘tin g‘amlandi. Ayni paytda elektr chiroqlarini tejamkor lampalarga almashtirish, xonalarning 39 kvadrat metr polini linoleum bilan qoplash ishlari amalga oshirilmoqda.

Chaqiruv punkti binolarini ko‘zdan kechirish jarayonida bu yerda amalga oshirilgan va qilinayotgan ishlar xodimlar kayfiyatiga ijobiy ta’sir qilganiga guvoh bo‘ldik. Ammo bo‘limning ma’muriy binosidagi holat har qanday kishining ta’bini xira qiladi. 1956 yilda barpo qilingan ikki qavatli binoning ta’mirga muhtojligi bir qaraganda ko‘zga tashlanadi. Fasadi, eshik-romlari ancha eskirgan, isitish, ichimlik suv tizimi yo‘q. Ikkinchi qavatdagi xonalarning aksariyati shiftida yoriqlar paydo bo‘lgan, devorlardagi suvoqlar ko‘chib tushgan. Binoning 14 ta xonasidan foydalanayotgan xodimlar qishki kiyimlarda o‘tirib, xizmat vazifalarini bajarmoqda.

Ma’muriy bino xonalari qo‘lbola pechlarda isitilmoqda

– O‘n yildan buyon shunday sharoitda ishlayapman, – deydi rezervchilar va harbiy xizmatchilarni hisobga olish bo‘linmasi boshlig‘ining katta yordamchisi Manzura Rus­tamova. – Ayniqsa, kuz-qish mavsumida issiqlik ta’minoti yo‘qligidan qiynalamiz. Sovuq kunlarda xonada uzoq vaqt o‘tirolmayman. Birinchi qavatda qo‘lbola pech o‘rnatilgan boshqa xonaga kirib, isinib chiqishga majbur bo‘laman. Elektr energiyasida ham uzilishlar mavjud. Energiya quvvati juda pastligidan kompyuterlarimiz ishlamaydi. Mebel jihozlarimiz allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgan.

Tuman hokimi 2019 yilda bo‘limimiz uchun yangi bino qurib berishni va’da qildi. Shundan umid qilib turibmiz. Qishni amallab o‘tkazib olsak, xudo xohlasa, kelasi yili zamonaviy va qulay sharoitga ega xonalarda ishlash nasib etib qolar.

Tuman hokimligi "Eskini yamab, esing ketar" naqliga amal qilib, mudofaa ishlari bo‘limi uchun yangi ma’muriy bino qurishga qaror qilgani quvonarli, albatta. Ammo tozalik ishlari, mavsumiy bo‘lsa-da, isitish qozonxonalarini yuritish uchun xodimlar shtat birligi ajratilmagan. Bu ishni xodimlari hisobidan amalga oshirayotgan tuman mudofaa ishlari bo‘limiga tuman hokimligi yordam berishda davom etishiga ishonamiz.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Payariq tumani mudofaa ishlari bo‘limi faoliyati haqida "Mudofaa ishlari bo‘limi mavsumga tayyormi?" deb xabar qilgan edik.

 

Abdug‘ofur SHERXOLOV.