Muftaqir – Mirzo Ulug‘bek madrasasi mudarrisi

Urgutlik Qozi Asrorxon ibni Muftiy Umarxon o‘z davrining zullisonayn shoiri, mudarrisi va ma’rifatli jamoat arboblaridan biri bo‘lgan. Muftaqir taxallusi bilan ijod qilgan.

Qozi Asrorxon 1873 yilda tug‘ilgan. 1891-1899 yillarda Buxorodagi Mir Arab madrasasida o‘qigan. Yoshlik chog‘idayoq Qur’onni, Jomiy va Navoiy “Xamsa”sini yod olgan. Notiqlik va dabirlik san’atini hayratli darajada mukammal egallagan.

1900-1905 yillarda Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasida faoliyat olib borgan va keyinchalik Urgutdagi Naqshin madrasasi bosh mudarrisi vazifasini bajargan. Bu madrasaga Buxorodan domlalarni taklif etgan.   Muftaqir 1917-1926 yillarda Mir Arab madrasasida rus inqilobi tufayli va davr taloto‘plariga uchrab, o‘qishini tugata olmagan mahalliy talabalarni Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek madrasasi, Urgutdagi Naqshin va Shayx Sayyid Muhyiddin madrasalarida o‘qitgan.

1919-1920 yillarda barcha diniy muassasalar buzib tashlanadi va bu hol 1927 yilgi O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining 6-plenumida vaqf mulklarini to‘liq tortib olish va 1928 yilda O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining 2-chaqiriq 4-sessiyasida “Eski usul maktablari va korxonalarini tugatish haqida”gi qarorlarining qabul qilinishidan oldin sodir bo‘lgan. Ulug‘bek madrasai oliyasi mazkur qarorlardan ancha oldin diniy muassasalarni ommaviy buzish va tugatish davrida, 1926 yil yoz oylarida tugatilgan.

Qozi Asrorxon – Muftaqir bobomiz ham 1926 yilda Mirzo Ulug‘bek madrasasi talabalariga dars o‘tib bo‘lganidan so‘ng o‘z hujrasida vafot etgan. Bu kutilmagan o‘lim o‘sha davrdagi inqilobiy qo‘mita vakillari tomonidan tekshirilib, uning oshdan zaharlanganligi aniqlangan (bu haqda arxiv hujjatlari bo‘lishi mumkin, lekin men otamning esdaliklariga tayanib yozyapman).

O‘zbekiston Marazkomining 6-plenumida Akmal Iromov Shayx Muhyiddinxon va uning 120 mingdan ortiq izdoshlariga ruxsat berildi, deydi va ular 1926 yilgacha bu madrasalarda o‘qishni davom ettirganlar. Shu yili Shayx Muhyiddinxon Qozi Asrorxon bilan maslahatlashib, o‘z talabalariga javob beradi. Vaziyat og‘irlashib, madrasalar, masjidlar – diniy muassasalar birin-ketin yopila boshlaydi va Shayx Muhyiddinxon haj safariga jo‘nab ketadi.

Qozi Asrorxonning otasi Urgut muftiysi Umarxon ibn Shayxul Shoyux Muhammad Shokirxoja rus bosqiniga qarshi kurashga boshchilik qilgan. Mog‘iyon, Ko‘lob va Hirotga chiqib ketishga majbur bo‘lgan Urgut beklarini qo‘llab-quvvatlagan. Qozi Asrorxonning o‘zi ham esa rus inqilobiy kuchlari bilan kelishib, urgutlik milliy ozodlik kurashchilarining hayotini saqlab qolishga harakat qilgan.

Muftaqirning katta kitob zahirasiga ega kutubxonasi bo‘lgan. U zamon notinchligidan qo‘rqib, 1922-1924 yillarda Ulug‘bek madrasasidagi eng zarur darsliklar va qo‘llanmalarni olib kelib, urgutlik mashhur kulol Mahkam otaning uyi boloxonasi devorlariga joylatib, ustidan suvatib yuboradi. Ammo qarovsizlik oqibatida boloxona qulab, kitoblar yo‘qolib ketadi.   Muftaqir vafotidan so‘ng hukumat tomonidan ta’qibga olingan uning farzandlari o‘z hovli-joylarini tashlab chiqib ketadilar. Kitoblari esa 1971-1972 yillarda qozi boboning kichik o‘g‘li Shamsiddinxon eshon va Mahkam kulol tomonidan namanganlik va andijonlik  olimu ulamolarga berib yuborilgan. Darsliklar Qarshi, Kitob, Qumqo‘rg‘on, Panjakent, Kamartosh va Mazor qishloqlariga ham tarqatilgai haqida aytiladi. Mirzo Ulug‘bek madrasasidan meros kitoblarning bir qismini 1972 yilda amakim va Mahkam kulol menga topshirishgan edi. Hozirda bu noyob asarlarning 20 donasi menda saqlanib qolgan.

Akbarxon ASROROV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent.