Muhiddin Po‘latov: O‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tish oliy ta’lim muassasasi xususiylashtirildi, degani emas

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori Muhiddin Po‘latov institut o‘zini o‘zi moliyalash tizimiga o‘tgani munosabati bilan ayrim savollarimizga quyidagicha izoh berdi.

Institut qabul kvotalarini o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda belgilaydi

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 iyuldagi “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqib, 2020 yil 1 yanvardan boshlab o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tdi. Natijada institut uchun bir qancha imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, institut ta’lim xizmatlari bozorida talab va taklifdan kelib chiqib, ilmiy-pedagogik salohiyati, moddiy-texnik bazasi imkoniyatlarini inobatga olgan holda kadrlarni tayyorlab berish, yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ko‘paytirish kabi imkoniyatlarga ega bo‘ldi.

Shuningdek, institut o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 dekabrdagi PQ-4555 sonli qaroridan kelib chiqqan holda soliq imtiyozlari tatbiq etilib, 2020 yil 1 yanvardan boshlab ijtimoiy soliqning stavkasi 25 foizdan 12 foizga tushirildi. Buning natijasida institutda qo‘shimcha mablag‘larning shakllanishiga zamin yaratildi.

Bundan tashqari, institut ta’lim sifatini oshirishda yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish, ularga ustamalar va moddiy rag‘batlantirishning boshqa turlarini mustaqil belgilash huquqiga ega bo‘ldi.

Endi institut qabul kvotalarini o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda belgilaydi. Bu ham abituriyentlarga keng imkoniyatlar yaratadi. Jumladan, Prezidentimizning Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida keltirilganidek, yoshlarga katta e’tibor qaratish va ta’lim grantlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari institutimizning hozirgi va keyingi faoliyatida ustuvor o‘rinni egallaydi.

Bu tizim Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi ta’lim rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirib, oliy ta’lim muassasalari oldiga bir qator vazifalarini qo‘yadi.

Kelasi o‘quv yilida kontrakt pullarini oshirmaslikka harakat qilamiz

Kelasi o‘quv yilida qabul kvotalarini ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda belgilaymiz. Kontrakt va oshirilgan kontrakt summalari esa ta’lim xizmatlari bozorida talab va taklifdan kelib chiqib belgilanadi. Ya’ni, narxlarni asossiz oshirish o‘z-o‘zidan institut ta’lim yo‘nalishlariga bo‘lgan talabni kamaytiradi. Shu sababli har bir talabani o‘qitish xarajatlari va ularning to‘lov qobiliyati hisobga olinib, to‘lov-kontrakt summalari miqdori qayta ko‘rib chiqiladi.

O‘zini o‘zi moliyalash tizimiga o‘tgan institutlarda talabalarni o‘qishdan haydash mumkin emas, degani haqiqatdan uzoq

O‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tish oliy ta’lim muassasasi xususiylashtirildi, degani emas. Institutimizda tahsil oladigan talaba-yoshlarga amalda bo‘lgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida ish yuritiladi. O‘qishdan chetlashtirish masalasiga kelsak, bu ham aynan o‘sha me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

Chet el bilan hamkorlikda xorijda o‘qiyotgan talabalar jamg‘arma va grantlar asosida o‘qiydi

Institutimiz tomonidan xorijda tahsil olish uchun o‘qishga yuborilgan talabalar “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan yoki grantlar asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Institutning ilmiy salohiyatini oshirish, professor-o‘qituvchilar malakasini yanada rivojlantirish maqsadida institut tomonidan ham moliyalashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi va amalga oshiriladi.

 O‘zini o‘zi moliyalash institut o‘qituvchilarining maoshini pasaytirmaydi

Institutimiz professor-o‘qituvchilariga ish haqi masalasida hukumatimiz tomonidan belgilangan oylik stavkalari bilan bir xil stavkalarda ish haqi belgilanadi. Lekin professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati va unga bo‘lgan talabdan kelib chiqqan holda institut alohida ustamalarni belgilash va shunga yarasha professor-o‘qituvchilardan ta’lim sifatini talab qilish imkoniyati ham mavjud.

Xurshida ERNAZAROVA yozib oldi.