Boshqaruvda nima muhim?: Yaxshi nomzod va takomil boshqaruv tizimi

Shu yil 2 avgustda Zarnews.uz da "Boshqaruvda nima muhim: yaxshi rahbarmi yoki yaxshi tizim?" maqolasi berildi. Uni o‘qib, ayrim fikrlarimni bildirishni lozim topdim.

Har qanday jamiyat taraqqiyotining darajasini, menimcha, ikki holat belgilaydi: takomillashgan boshqaruv tizimi va idoraga rahbarlik qiladigan shaxs.

Mustaqillik yillarida respublikamizda davlat hokimiyati va boshqaruv tizimi tarixiy an’analar asosida shakllandi. Prezident instituti ta’sis etilib, uning faoliyati yo‘lga qo‘yildi va takomillashdi. Umumxalq saylovlarida davlat rahbari muddatma-muddat saylanmoqda. Mahalliy hokimiyat idoralarining huquqiy maqomi aniqlanib, ularning hamjihat faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida xalq xo‘jaligining barqaror rivoji ta’minlanmoqda.

Shu bilan bir qatorda, boshqaruv idoralari rahbarlarining tarmoq bo‘yicha mutaxassisligi, ishini va o‘z xizmat burchini yaxshi bilishi, fidoyiligi, vatanparvarligi, insonparvarligi, malakali hodimlarni qo‘llab-quvvatlashi, ma’naviy dunyoqarashi, siyosiy-mafkuraviy ongi darajasi, tadbirkorligi, kasbi va lavozimiga sodiqligi, tashabbuskorligi, sa’y-harakatining natijadorligi ham muhim.

Maqola muallifi “Boshqaruv tizimining asosiy talabi – har kimning vazifasini aniqlab berish va uning ijrosi uchun har kimda mas’uliyatni oshirish”, degan g‘oyani ilgari suradi. Bu judayam to‘g‘ri fikr. Lekin “har kimning vazifasini” kim va qaysi hujjatda aniqlab beradi?

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridagi qirq yillik faoliyatim davomida viloyatning ko‘p tashkilotlari, tuman va shaharlardagi korxona hamda muassasalarda bo‘lganman. Ular rahbarlari va xodimlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullari muloqotida qatnashganman. Hozir ham korxona yuriskonsulti lavozimida ishlash jarayonida xizmat zaruriyati tufayli qator boshqaruv idoralari rahbarlari bilan aloqaga kirishishimga to‘g‘ri keladi.

Bunday muloqotlardan ma’lum bo‘lishicha, qator boshqaruv idoralarida haligacha xodimlarning xizmat vazifasini aniqlab beruvchi ichki me’yoriy hujjat qabul qilinmagan. Natijada ular rahbarlarning kundalik topshiriqlarini bajarish bilan ovora. Hatto rahbar va uning o‘rinbosarlarining xizmat burchi hamda ish uchun mas’uliyati (javobgarligi) tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmagan.

Aksariyat korxona, muassasa va tashkilotlarda “Ichki mehnat tartibi qoidalari” va “Xodimlarning vazifalar taqsimoti” ishlab chiqilmagan. Mazkur me’yoriy hujjatlar Mehnat kodeksining talablariga binoan har bir boshqaruv organi, korxona, muassasa va tashkilotda bo‘lishi shart.

Boshqaruv idorasining huquqiy maqomi aks etgan nizom yoki ustavni ham topolmaysiz. Topilib qolsayam, bundan o‘ttiz yil oldin tasdiqlanib, ro‘yxatga olingan hujjatga ko‘zingiz tushadi. Vaholanki, o‘tgan davrda ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy hayotda qancha o‘zgarishlar bo‘lib, qanchadan-qancha huquqiy holatlar yuzaga keldi?! Birgina uyali telefonni olaylik. Mamlakatimizda uyali telefondan foydalanish to‘g‘risidagi qonun mudom qabul qilinmagan.

Ba’zi boshqaruv idoralariga borsangiz, o‘ta muhim va tezkor holda yechimini kutayotgan masala yuzasidan mas’ul xodimga murojaat qilishdan oldin uning qabuliga kirib, uyali telefonda turmush o‘rtog‘i, farzandi yoki do‘sti bilan so‘zlashuvi tugashini yarim soatlab kutib o‘tirasiz.

Men haligacha biron bir idorada uyali telefondan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi buyruq yoki boshqa me’yoriy hujjat qabul qilinganligining guvohi bo‘lganim yo‘q. To‘g‘ri, prokuratura, ichki ishlar, sud organlari va hokimiyat binolariga kiruvchi fuqarolar uyali telefonlarini qorovulxona yoki qo‘riqlash tashkiloti xodimiga topshirib kiradi. Lekin ushbu tashkilotlar ichkarisida xizmat  qilayotgan xodimlar fuqaro murojaatini tinglash o‘rniga uyali telefonda (ba’zan ikkita uyali telefonda) uzoq muddat oila a’zosi yoki yaqini bilan gaplashib, kayfiyatingizni buzadi.

Xodimlarning fuqarolar murojaatiga bunga o‘xshash befarq munosabati yuzaga kelishining oldini olish uchun mas’ul – rahbar. Agar rahbar o‘zining gardaniga yuklatilgan vazifani mas’uliyat bilan his etsa, uning qalbida ishga nisbatan fidoyilik, vatanparvarlik, xalqparvarlik fazilatlari to‘laqonli shakllangan bo‘lsa, yuqoridagidek salbiy holatlarning oldini olish choralarini ko‘radi, shunda mehnatda natijadorlik ko‘zga tashlanadi, ishda tartib o‘rnatiladi, unum bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida mamlakat iqtisodiyotida, jamiyatning ma’naviy hayotida tezda ko‘zga tashlanadi.

Boshqaruv tizimi takomil bo‘lib, uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash bevosita shu bo‘g‘in rahbari malakasi, tarbiyasi va dunyoqarashiga bog‘liq. Buning uchun esa boshqaruv idorasi rahbari (uning o‘rinbosarlari)ni tanlash, tarbiyalash va tayinlash muhim ahamiyat kasb etadi. Afsuski, so‘nggi paytda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilmoqda. Viloyat elektr tarmoqlari korxonasiga bankir shaxs rahbar qilib qo‘yilsa, boshqa bir bank boshqaruvchisi viloyat xalq ta’limi boshqarmasining boshlig‘i etib tayinlansa, iste’foga chiqqan harbiy xizmatchi ta’lim muassasasiga direktorlik qilsa yoki bozorga rahbarlik qilsa, soha (ishi) orqaga ketmaydimi, hech bo‘lmaganda buzilib, to‘xtab qolgan poyezd lokomotiviga o‘xshab qolmaydimi?!

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasida so‘nggi ikki yil ichida to‘rt marta rahbar o‘zgardi. Viloyat elektr tarmoqlarida ikki yilda uchta rahbar almashtirildi. Bunday “o‘xshashlik” viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasida ham ro‘y berdi.

Maqola muallifi hududlarning sektorlarga bo‘linishi tizimi haqida kuyunchaklik bilan fikr yuritib, “... bu tizimning turmushimizga singib ketishi mushkulga o‘xshaydi”, degan xulosasiga qo‘shilaman. Joylarda fuqarolarning ular to‘rtinchi sektor shtabiga murojaat qilganida “Bu masala birinchi sektor vakolatiga kiradi, u yerga boring”, degan vajlarni eshitib, qaytib kelganligi, birinchi sektor shtabiga qadam quyishi bilan “Sizning mahallangiz to‘rtinchi sektor hududiga kiradi, o‘z sektoringizga boring”, degan tavsiyalar olganligidan noliyotganligi quloqqa chalinadi.

Xalqimiz insonparvar, huquqiy demokratik jamiyat qurishni oliy maqsad qilib qo‘ygan. Ushbu maqsadga erishish uchun Konstitutsiyamizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bunday jamiyatda har bir boshqaruv tizimi qonun hujjatlarida vakolatiga berilgan vazifalar bilan shug‘ullansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Soliq idoralari davlat byudjetini shakllantirish bilan, ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi va tezkor jinoyat-qidiruv faoliyati bilan, prokuratura qonunlarning bir hilda bajarilishini nazorat qilish bilan shug‘ullansa, nur ustiga nur bo‘ladi.

Asta-sekin davlat boshqaruvining barcha jabhalarida bevosita rahbarning mas’uliyatini oshirish, ularning qaysidir sektor rahbariga suyanib qolish “kasali”dan holi qilib, aniq soha uchun javobgarligini oshirish lozim.

Maqolada muallifning yana bir fikri menga ma’qul keldi, ya’ni “...tarmoqlar tizimi puxta bo‘lmasa, yaxshi rahbar ham zo‘riqadi. Zo‘riqish esa qo‘shib yozish va o‘zini ko‘rsatishga, oqlashga intilishga yo‘l ochadi”.

Ushbu xulosaga qo‘shimcha qilib, “Zo‘riqish korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikning darvozasini lang ochadi, jamiyatda adolatsizlikni yuzaga keltiradi”, demoqchiman.

Yuqorida bayon etilgan mulohazalarga yakun qilib, “Boshqaruvda nima muhim?” degan savolga “Rahbarlikka yaxshi nomzod va takomil boshqaruv tizimi muhim”, deya javob bermoqchiman.

Yo‘ldosh SUYuNOV,

mehnat faxriysi, huquqshunos.