Mulkdor o‘z mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emas

Ma’lumki, jamiyatning iqtisodiy negizini mulk tashkil etadi. Shuningdek, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishi ham mulk bilan, mulkning kimlarga tegishli ekanligi bilan belgilanadi. Mulksiz ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirish, mamlakatda xalq faravonligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishning imkoni yo‘q.

So‘nggi besh yil davomida amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tubdan o‘zgartirish borasida mulkiy huquqlarni noqonuniy tajovuzlardan ta’minlash va himoya qilish muammosi, ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etdi. Bu davrda mulkdorlar huquqlarini ta’minlashga qaratilgan Prezident va hukumatning 300 dan ortiq hujjatlari qabul qilindi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 65-moddasida mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilmoqda.

Bu normaning ahamiyati quyidagilarda o‘z ifodasini topadi:

birinchidan, mol-mulk daxlsizligi bo‘yicha sud kafolati belgilanmoqda. Mulkdor o‘z mol-mulkidan faqat sud qarori asosidagina mahrum etilishi mumkin. Mansabdor shaxslarning qarori bilan mol-mulkdan mahrum etilmaydi;

ikkinchidan, mol-mulkdan faqat qonunda nazarda tutilgan hollardagina mahrum etiladi. Mol-mulkdan mahrum etish qonun darajasida belgilanadi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida mol-mulk daxlsiz bo‘lishi kerak. Tadbirkorlik sub’yektlari turli risklar qurshovida bo‘ladi. Ana shu risklar ichida mol-mulk daxlsizligi bilan bog‘liq risklarning mavjudligi vaziyatning yaxshi emasligini anglatadi. Tadbirkor o‘z mol-mulkining taqdiridan xavfsiramasligi kerak.

Shu sababli mol-mulkning daxlsizligini Konstitutsiya darajasida belgilab qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi.

Farxod Primov,

yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent