Munosabat: "Moslama fuqaroga almashtirib berilgan"

Avvalroq saytimizda Nurobod tumani, Jom qishlog‘ida yashovchi fuqaro murojaat qilib quloq eshitish moslamasi uchun vaucher ololmayotganini yozgandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi ushmu murojaatga munosabat bildirdi.

"Vazirlar Mahkamasining 2021 yildagi “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 411-sonli qaroriga binoan, ushbu fuqaro 2024 yil 25 mart kuni eshitish moslamasi bilan ta’minlangan.

Fuqaro iyun oyi apparat ishlamayotganligi to‘g‘risida shikoyat qilgandan so‘ng 21 iyun kuni eshitish moslamasi yangisiga almashtirib berilgan.

Fuqaro shunga qaramasdan yangi berilgan eshitish apparati unga mos kelmayotganligini aytib vaucher shakllantirib berishni va qulog‘ining ichki qismiga o‘rnatiladigan eshitish apparati berilishini so‘rab kelmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun beriladigan Reabilitatsiya texnik vositalar ro‘yxati ichida qulog‘ining ichki qismiga o‘rnatiladigan eshitish apparati mavjud emasligi, qolaversa ta’minlanganiga 48 oy to‘lmaganligi uchun vaucher shakllantirib berishning imkoni yo‘qligini ma’lum qilingan", deyiladi munosabatda.